Tramp va Baydenning ilk debati. Ustunlik kim tomonda?
Prezidentlik debatlari boshlanishidan oldinroq Donald Trampning saylovoldi shtabi Oq uy xo‘jayinining muddatdan avvalgi g‘alabasi haqida e'lon qilgandi. Ijtimoiy so‘rovlarga ko‘ra esa prezidentlik poygasida Jo Bayden ustunlik qilmoqda.
Trampning prezidentlik debatidagi g‘alabasi haqida uning tarafdorlariga teletranslatsiya boshlanishidan bir necha soat oldin xabarlar yuborilgan.
Debat Vashington vaqti bilan 29 sentabr kuni soat 21:00da boshlandi, ammo soat 18:30dayoq amaldagi prezidentning saylovoldi shtabi elektron pochta orqali Tramp o‘z raqibini tor-mor etgani haqida xabar jo‘nata boshladi.
«Men Jo Bayden bilan debatni tugatdim, amerikaliklarga men hamisha Amerika birinchi bo‘lishi uchun kurashishimni ko‘rsatib qo‘ydim, nima bo‘lmasin hech qachon Amerikani yanada buyuk qilish uchun ishlashdan to‘xtamayman», deyiladi AQSh prezidenti xabarida.
Bu xabar ortidan Trampning tarafdorlari yana bir necha xabar qabul qilishgan, ularda Oq uy rahbari o‘zining saylovoldi kampaniyasi uchun xayriya qilishni so‘ragan.
So‘kinish va haqoratlar
AQShda prezidentlikka nomzodlarning debatlari saylovchilarning fikrini o‘zgartirish uchun so‘nggi imkoniyat deb hisoblashadi.
Hozircha barcha so‘rovnomalar prezidentlik poygasida Bayden raqibini qariyb 10 punktga ortda qoldirayotganini ko‘rsatmoqda.
Debatlarning asosiy mavzulari iqtisodiyot, koronavirus va AQShdagi irqchilikka qarshi namoyishlar bo‘ldi.
- Koronavirus. Bayden AQSh koronavirus qurbonlari soni bo‘yicha dunyo reytingini boshqarayotgani uchun barcha aybni Tramp zimmasiga yuklab, prezidentda pandemiya davrida aniq harakatlar rejasiga ega bo‘lmagani haqida gapirdi. Tramp esa bunga javoban agar prezident Bayden bo‘lganida, kasallikdan AQShning ikki yuz ming emas, ikki million aholisi halok bo‘lgan bo‘lishini aytdi va u infeksiyaga qarshi turish uchun o‘z vaqtida chegaralarni yopganini eslatdi.
- Iqtisodiyot. Tramp koronavirusga qadar AQSh tarixidagi eng muvaffaqiyatli iqtisodiyotni barpo etgani va bu iqtisodiyot pandemiyadan keyin ham tez sur'atlarda tiklanayotganini aytib maqtandi. O‘z navbatida, Bayden «inqiroz faqat u [Tramp] kabi millionerlar va milliarderlar foydasiga ishlagani», bu vaqtda o‘rta sinf vakillarining ishlari ortga ketgani haqida aytib o‘tdi.
- Irqchilik namoyishlari. Bayden Trampni tinch namoyishlarni harbiylar yordamida tarqatishda aybladi, shuningdek, prezident ultrao‘ngchilar va ularning raqiblari haqida gapirganida «ikki tomonda ham yaxshi odamlar borligi» haqida gapirganini eslatdi. Tramp esa Baydenning taklifiga binoan supermatistlarni (oq tanli irqchilar) qoralashdan bosh tortdi va aksiyalar vaqtidagi zo‘ravonliklar uchun javobgarlikni so‘l radikallar zimmasiga yukladi.
Bungacha Trampning saylovoldi shtabi bir necha marta Bayden demensiyadan (bosh miya zararlanishi oqibatida yuzaga keladigan va aqliy qobiliyat sezilarli darajada pasayishi bilan namoyon bo‘ladigan asab tizimi kasalligi) aziyat chekishi haqida xabar tarqatgandi. Prezident o‘z raqibi giyohvand moddalarga qaram emasligini isbotlash uchun test topshirishi kerakligini, shuningdek, u debatlar vaqtida yashirin quloqchindan foydalanmasligini tekshirishni talab qilgandi.
Demokratlar nomzodi bu talablarni rad etdi, Fox News telekanali boshlovchisi Kris Uolles moderatorlik qilgan debat davomida esa Bayden prezidentni «yolg‘onchi» va «masxaraboz» deb atab, u «Amerika tarixidagi eng yomon prezident» ekanini aytdi.
U aynan Tramp tufayli Qo‘shma Shtatlar koronavirus pandemiyasidan o‘lim holatlari soni ko‘pligi bo‘yicha dunyoda eng yuqori o‘rinda turgani, agar AQSh prezidenti «biroz aqlliroq bo‘lganida» o‘limlar soni kamroq bo‘lgan bo‘lishini aytdi.
«Siz «aqlli» so‘zini ishlatdingizmi? Men bilan gaplashayotganingizda hech qachon bu so‘zdan foydalanmang», dedi bunga javoban Tramp va Baydenning kollejdagi baholari yaxshi bo‘lmaganini eslatdi.
Tramp debat vaqtida o‘z raqibining o‘g‘li, Ukrainadagi «Burisma» kompaniyasida ishlagan, undan oldinroq kokain iste'mol qilgani tufayli AQSh qurolli kuchlari safidan haydalgan Hanter Bayden nomini ham bir necha bor tilga oldi.
Tramp armiyadan chetlatilgani uchun Hanter Baydenni «nomunosib» deb atadi, shuningdek, uning rahbarligidagi konsalting firmasi Moskvaning sobiq meri Yuriy Lujkovning rafiqasi Yelena Baturinadan 3,5 mln dollar olgani haqida tarqalgan xabarlarni eslatib o‘tdi.
«Bu yolg‘on», deya qisqa javob qildi Bayden, u o‘g‘li Iroqda xizmat qilganini qayd etdi va Oq uy rahbari urush faxriylarini «omadsizlar» deb atagani haqidagi xabarlarni yodga soldi.
Debatning boshidayoq bildirilgan ayblovlar AQShning sobiq vitse-prezidentining asabiga o‘ynadi.
«Balki, bo‘ldi qilarsan?», deya raqibiga yuzlandi Bayden. U Tramp o‘zini prezidentlarga xos tutmayotganini aytib o‘tdi.
Baydenning shtabi uning bu iborasi tushirilgan futbolkalar sotuvini boshlab yuborgan.
Shuningdek, u o‘zini milliarder deb ataydigan AQSh prezidenti nima uchun 2016-2017 yillarda atigi 750 dollar miqdorida soliq to‘laganiga oydinlik kiritishga urindi. Bu Qo‘shma shtatlarda o‘qituvchi va hamshiralar to‘laydigan soliqdan ham kamroqdir.
«Mening oilam katta boyligidan mahrum bo‘lgan, chunki biz Vashingtonga keldik va hukumatni isloh qilish bilan mashg‘ul bo‘ldik», dedi Tramp o‘zining soliq to‘lamagani haqidagi savoldan qochishga urinib.
AQSh prezidentini iqtisodiyotdagi muammolar va ishsizlik darajasi oshishida ayblashga bir necha urinishlaridan keyin Bayden bu harakatlarini to‘xtatdi.
«Bu masxarabozdan birorta oqilona javob olib bo‘lmaydi», dedi u xo‘rsinib.
Koronavirus pandemiyasi muhokamasi davomida Tramp Covid-19’ga qarshi vaksina AQShda noyabr oyi boshida, saylovlardan oldin paydo bo‘lishi va barcha undan foydalanishi mumkinligi haqida gapirdi.
«Bu odam Pasxa bayramigacha [aprelda] virus yo‘qolib ketishi, issiq havo sehrli tarzda uni yo‘q qilib yuborishini aytgandi. U yana odam o‘ziga idish yuvadigan vosita bilan ukol qilish orqali davolanishi mumkinligini ham aytgandi», deya g‘azab ohangida gapirdi Bayden.
«Men buni sarkazm bilan gapirgandim», deya javob qaytardi Tramp. U chindan ham Oq uydagi brifinglardan birida idish yuvish vositasidan koronavirusdan davolanish uchun foydalanish mumkinligi haqida gapirgandi.
Tahlilchilarning ko‘pchiligi nomzodlarning ikkisi ham juda kuchsiz chiqish qildi, deb baholashmoqda. Ayrimlari esa bu debatlarni «tarixdagi eng yomoni» deb atagan. Nomzodlarga bildirilayotgan asosiy e'tiroz — ularning pozitsiyalari oldindan ma'lum bo‘lgani va hali qaror qabul qilmagan saylovchilarni jalb qiluvchi birorta yangicha bayonotlar yo‘qligi. Trampni faqat birinchi prezidentlik muddatidagi yutuqlarini sanashga e'tibor qaratib, qayta saylansa amerikaliklarning hayotini yaxshilash uchun nimalar qilmoqchiligi haqida deyarli hech narsa demagani uchun tanqid qilishmoqda.
Tahlilchilar Bayden yomon tayyorgarlik ko‘rgani va Tramp doimiy ravishda uning so‘zini bo‘lib qo‘yavergani (shunday bo‘lishi kutilgan ham edi), hissiyotga berilib, shaxsiyatga o‘tishdan tiyila olmagani, bu esa saylovchilarga yoqmasligi, u bu borada amaldagi prezidentdan qolishmasligini qayd etishgan.
«Bugungi g‘olibmi? Boshqaruv panelidagi „ovozni o‘chirish“ tugmasi», — deya debatlarga baho berdi CNN telekanalining siyosiy sharhlovchisi Sara Isgur. Umuman olganda, bunday natija Baydenga ma'qulroq: hozirda so‘rovlar bo‘yicha u prezidentlik poygasida ustunlik qilmoqda, Tramp esa vaziyatni o‘zgartirish va «tebranuvchi shtatlar»dagi saylovchilarni o‘ziga jalb etish uchun jiddiy yurish qilishi kerak bo‘ladi. Debatlar vaqtida CNN telekanali tomonidan o‘tkazilgan ekspress-so‘rovda tomoshabinlarning 60 foizi Baydenni, 28 foizi — Trampni g‘olib deb bilishini bildirgan.
Saylovga qadar yana ikki debat o‘tkaziladi. Tramp va Baydenning ikkinchi uchrashuvi 15 oktabr kuni Mayamida, uchinchisi — 22 oktabr kuni Neshvillda o‘tkaziladi. Bundan tashqari, vitse-prezidentlikka nomzodlar — amaldagi vitse-prezident Mayk Pens va Baydenning bu lavozimga nomzodi Kamala Harris o‘rtasida ham bir debat o‘tkaziladi. AQSh prezidentligi saylovlari 3 noyabrga belgilangan.
Mavzuga oid
14:54 / 22.11.2024
Bayden XJSning Netanyahuni hibsga olishga order berishiga munosabat bildirdi
09:02 / 20.11.2024
Qayta saylanmaslik erkinligi: Bayden Kiyevga qo‘yilgan cheklovlarni bekor qilmoqda
05:07 / 18.11.2024
Bayden Ukrainaga ATACMS raketalari bilan Rossiya ichkarisiga zarba yo‘llashga ruxsat berdi
12:44 / 17.11.2024