O‘zbekiston | 20:22 / 30.09.2020
27432
2 daqiqa o‘qiladi

Yangi ochilgan firma, sobiq amaldor va «Navro‘z». Karantindagilarni kimlar ovqatlantirgan?

Karantin davrida shifoxonalar va karantin markazlariga oziq-ovqat yetkazib berish kimning zimmasida bo‘ldi? Ushbu maqsadlar uchun qancha mablag‘ ajratilgan? Moliya vazirligi Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasidan amalga oshirilgan davlat xaridlari bo‘yicha ma'lumotlarni ommaga oshkor etdi.

Ochiq ma'lumotlarga ko‘ra, karantin davrida oziq-ovqat yetkazib berish bo‘yicha eng katta summadagi shartnoma «Navro‘z» davlat qabullar uyi bilan tuzilgan. 23 iyuldan to 18 avgustgacha tuzilgan shartnomalarning umumiy qiymati 71 milliard so‘mdan ortadi.

Ushbu tashkilot benefitsiari – Toshkent shahar hokimligidir. Shartnomalar Karantin markazi DUK bilan tuzilgan bo‘lib, har bir bemorning kunlik ovqatlanishi uchun o‘rtacha 45 ming so‘m sarflangan.

Zangiota shifoxonasi va Toshkent davlat agrar universitetida tashkil etilgan karantin markazidagilarni ovqatlantirish uchun «Mazali taomlar mamlakati» MChJ bilan qariyb 6,4 milliard so‘mlik shartnoma tuzilgan. Ma'lumotlarga ko‘ra, kompaniya shu yil 3 iyulda tashkil topgan va unga Jamshid Rahmatullayev rahbarlik qiladi.

«Orient Alliance» hamda «Page group» kompaniyalari ta'sischisi Baxtiyor Hoshimov 3 milliard so‘mdan ko‘p davlat xaridlari bo‘yicha buyurtmalarni bajargan. Ya'ni u boshchilik qilayotgan kompaniyalar karantinda oziq-ovqat yetkazib berish xizmatini ko‘rsatib, 3 milliard 100 million so‘mdan ziyod daromad ko‘rgan. Hoshimov o‘tgan davrda Sog‘liqni saqlash vazirligi Iqtisodiyot, moliya va prognozlashtirish bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan.

Sentabr oyi o‘rtalarigacha imzolangan jami 35ta oziq-ovqat yetkazib berish shartnomalarining barchasi to‘g‘ridan to‘g‘ri tuzilgan.

Eslatib o‘tamiz, Inqirozga qarshi jamg‘armaga 10 trillion so‘m yo‘naltirilgan bo‘lib, u uchta xalqaro tashkilotdan olingan qarzlar hisobiga shakllantirilgan: 41,9 foiz – Osiyo taraqqiyot banki, 37,9 foiz – Xalqaro valuta jamg‘armasi, 20,2 foiz – Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki mablag‘laridir.

Mavzuga oid