Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Axborot texnologiyalari sohasidagi loyihalarni kraudfanding platformasi orqali ommaviy moliyalashtirish bo‘yicha huquqiy tajriba o‘tkaziladi
Tadbirkorlik sub'yektlarining startaplari va loyihalarini moliyalashtirishning muqobil mexanizmlarini joriy etish maqsad qilingan.
Vazirlar Mahkamasining “Kraudfanding platformasi orqali axborot texnologiyalari sohasidagi loyihalarni ommaviy moliyalashtirish mexanizmlarini yaratish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Moliya vazirligi, Markaziy bank, Kapital bozorini rivojlantirish agentligining Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki doirasida axborot texnologiyalari sohasidagi loyihalarni kraudfanding platformasi orqali ommaviy moliyalashtirish bo‘yicha huquqiy tajriba o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik beriladi.
Huquqiy tajriba doirasida 2021 yil 1 yanvardan 2023 yil 31 dekabrgacha axborot texnologiyalari sohasidagi loyihalar uchun kraudfanding platformasi orqali qo‘shimcha moliyalashtirish manbalarini jalb etishga ruxsat beriladi.
Axborot texnologiyalari sohasidagi loyihalarni ommaviy moliyalashtirish (kraudfanding) tartibi to‘g‘risidagi vaqtinchalik nizom tasdiqlanadi.
Belgilanishicha:
“Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki direksiyasi” MChJ kraudfanding platformasining operatori;
“Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki direksiyasi” MChJ mablag‘lari kraudfanding platformasini yaratish, texnik qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish ishlarini moliyalashtirish manbayi hisoblanadi.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi:
dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki rezidentlarini jalb qilgan holda uch oy muddatda kraudfanding platformasini ishlab chiqadi va ishga tushiradi;
qo‘shimcha shtat birliklari va xarajatlarni inobatga olgan holda “Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki direksiyasi” MChJ xarajatlar smetasiga zarur o‘zgartirishlar kiritadi.
O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tajriba yakunlari bo‘yicha amaldagi texnoparklar, nodavlat va notijorat tashkilotlar, shuningdek, yuridik shaxslarga kraudfanding platformasini amalga oshirish huquqini berishni nazarda tutuvchi amaldagi qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha takliflar kiritadi.