«Men o‘layotgandim» – Navalniy intervyusida zaharlanishi va buning ortida kim turgani haqida gapirdi
Germaniyada reabilitatsiya jarayonini o‘tayotgan rossiyalik siyosatchi Aleksey Navalniy Der Spiegel nashriga intervyu berdi. U shifoxonaga tushishidan oldin nima bo‘lgani, kansler Angela Merkel bilan uchrashuvi va uni qanday zaharlashgan bo‘lishi mumkinligi hamda buning ortida kim turgani haqidagi taxminlarini bildirgan.
Ahvoli haqida
Intervyu boshida Navalniy kundan kunga o‘zini yaxshi his qilib borayotgani haqida gapirgan: u beshinchi qavatga mustaqil ko‘tarilmoqda, yaqinda u 10ta zinadan yuqoriga chiqa olmayotgandi, asosiysi u - aqliy qobiliyatini tiklagan.
U eng katta muammo sifatida uxlashi qiyinligini aytib o‘tdi. «Men uyqu bilan muammosi bor odamlarning ustidan kulib yurardim, chunki mening o‘zimda hech qachon bunday bo‘lmasdi. Ammo keyin komaga tushdim, keyin anesteziya (og‘riq sezish qobiliyatini yo‘qotish), keyin dori-darmonlarni qabul qilishni to‘xtatish. Hozir uzoq vaqt davomida o‘zimni na tetik his qilaman, na uxlay olaman. O‘shandan buyon men uyqu dorilarisiz uxlay olmayapman», degan u.
Hozirda u Berlinda rafiqasi va o‘g‘li bilan ijaraga olingan kvartirada yashamoqda, qizi esa AQShdagi o‘qishiga qaytib ketgan.
«Kundalik hayotim bir xil tarzda. Har kuni mashg‘ulot qilaman, boshqa hech ish qilmayman. Ertalab parkni aylanaman, menga shunday yozib berishgan, keyin shifokor bilan mashg‘ulot o‘tkazaman, kechqurun yana aylanaman. Kunduzi kompyuterda ishlashga harakat qilaman», deya tasvirlagan Navalniy o‘zining kun tartibini.
Zaharlanish oqibatlari haqida
Navalniy «Sharite»daligi vaqtida «og‘ir bemor»lardan biri bo‘lganini aytib o‘tgan.
«Bir kuni tunda, hali reanimatsiyadaligimda, o‘rnimdan turdim va tanamdagi barcha naychalarni sug‘urib oldim, qon oqib ketdi. Keyinroq, hushimga kelganimda, atrofimda turgan odamlarni tanidim va ular bilan gaplashdim, keyin tutqanoq tuta boshladi. Men sog‘ ekanimni va mehmonxonaga ketishni istashimni aytardim. Bir necha hafta o‘tib, bu g‘alati xatti-harakatlarim zaharlanish oqibati ekanini tushunib yetdim», degan u.
Navalniyning so‘zlariga ko‘ra, shifokorlar u 90 foizga, balki 100 foizga tiklangani haqida aytishayotgani, ammo aslida hech kim anig‘ini bilmasligini ta'kidlab o‘tdi.
«Men hozir xuddi tajriba quyonchasi holatidaman - asab tizimini zararlovchi moddadan zaharlanib, keyin tuzalib hayotini davom ettirgan odamlar deyarli uchramaydi. Ehtimol hali men haqimda tibbiyot jurnallarida yozishar. Men o‘z tajribamni o‘rtoqlashishga qarshi bo‘lmayman», deydi siyosatchi.
Der russische Oppositionsführer Alexej Nawalny spricht zum ersten Mal nach seiner Vergiftung. Das Interview und mehr im neuen SPIEGEL - ab sofort digital und bereits ab Freitag im Handel.https://t.co/JJr3Vh8eCh pic.twitter.com/f5vwwPsYxk
— DER SPIEGEL (@derspiegel) October 1, 2020
Merkel bilan uchrashuv haqida
Intervyu davomida Navalniy ilk marta Angela Merkel uni qachon ko‘rishga kelgani to‘g‘risida ma'lumot berdi - bungacha u shunchaki GFR kansleri «Sharite» klinikasida bo‘lgani haqidagi xabarni tasdiqlash bilan kifoyalangandi.
«Bu o‘tgan haftada bo‘ldi. Bu mutlaqo kutilmagan uchrashuv edi: eshik ochildi, shifokorim va Merkel kirdi», deydi u.
Navalniyning so‘zlariga ko‘ra, bu xususiy uchrashuv bo‘lgan, uchrashuv oila davrasida o‘tgan - siyosatchining yonida rafiqasi Yuliya va o‘g‘li Zaxar bo‘lishgan. «Uchrashuv tafsilotlarini aytib bera olmayman, ammo biz qandaydir maxfiy yoki shov-shuvli mavzuni muhokama qilmagandik», deya ishontiradi siyosatchi.
Navalniy Merkel xonim Rossiyadagi vaziyat va uning faoliyati haqida to‘liq xabardor ekanidan hayratga tushganini aytib o‘tgan.
«U ayrim jihatlarni mendan ko‘ra yaxshiroq biladi. U Rossiyada bo‘layotgan voqealarni juda chuqur tushunadi. U bilan gaplashganimda u nega buncha uzoq vaqt Germaniyaning yetakchisi bo‘lib qolayotganini tushundim. Men unga ishga sodiqligi uchun minnatdorchilik bildirdim, u esa shunday dedi: «Men faqat burchimni bajaryapman», deya hikoya qiladi Navalniy.
Samolyotda nimalar bo‘lgani haqida
Navalniyning so‘zlariga ko‘ra, u o‘zi shifoxonaga yotqizilgan 20 avgust kuni avvalida o‘zini juda yaxshi his qilgan - Tomsk aeroportida ham, keyinroq samolyotda ham.
«Men o‘z o‘rnimda qulay joylashib o‘tirar va bemalol serial tomosha qilishim mumkin bo‘lgan parvozni kutardim. Keyin esa... Buni shunchaki tasvirlash qiyin, chunki buni nima bilandir taqqoslab bo‘lmaydi. Organofosfatlar asab tizimiga xuddi kompyuterga DDoS-hujum bo‘lgandek ta'sir qiladi - bu xuddi kompyuter peregruzka bo‘lgandagi holatga o‘xshaydi. Men endi o‘zimni boshqara olmasligimni his qilib turardim, badanimni sovuq ter qoplayotgandi. Men dastlab Kiradan (matbuot kotibi Kira Yarmish) ro‘molcha so‘radim. Keyin undan men bilan gaplashishini so‘radim. Men odam ovozini eshitishim kerak edi. U menga jinniga qaragandek qaradi va gapira boshladi. Keyin styuardessadan suv so‘radim», deydi u.
Shundan keyin siyosatchi hojatxonaga borishga qaror qilgan.
«Men unitazda o‘tirdim va sovuq suvda yuvindim. Keyin angladimki, hozir eshikni ochmasam, shu yerda o‘laman. Hozir o‘laman deb o‘yladim. Esimda qolgani og‘riq yo‘q edi, lekin o‘layotganimni bilib turardim. Hojatxonadan chiqdim va bort kuzatuvchisiga dedim: «Meni zaharlashdi, men o‘lyapman». Keyin polga qulaganimni eslayman, u esa menga hayratlanib tabassum qilib turdi, u meni yomon ovqat yeb qo‘ygan deb o‘ylardi. Mendan yurak bilan muammo bor-yo‘qligini so‘rashganini eslayman. Ammo mening hech qayerim og‘rimasdi - shunchaki bilardimki, men o‘layotgandim.
Keyin ovozlar sekinlashdi, ayol menga gapirardi: «O‘chib qolma!». Keyin tamom. Men o‘ldim deb o‘yladim. Internetda bir video ko‘rdim, yo‘lovchilardan biri tomonidan yozib olgan video «Navalniy og‘riqdan baqirmoqda» deb nomlangan. Ammo bu og‘riq emasdi. Og‘riq odamni tirikligini his qilishga majburlaydi. Men esa shunchaki hammasi tugaganini his qilardim. Ammo keyinroq men adashganim ma'lum bo‘ldi. O‘shanda o‘zimni yomon his qila boshlaganimdan hushimni yo‘qotgunimcha 30 daqiqacha vaqt o‘tgandek tuyuladi», deydi Navalniy.
Qanday zaharlangan bo‘lishi mumkinligi haqida
Navalniy zahar o‘zining organizmiga teri orqali kirgan deb hisoblaydi. «Zahar izlari suv idishidan topilgan [Tomskdagi mehmonxonadan olib ketilgan idish]. Men zaharli yuzaga teginganman, keyin undan suv ichib joyiga qo‘yganman va xonadan chiqqanman», deydi u.
«Mehmonxonada ketishdan oldin tegish mumkin bo‘lgan ko‘plab buyumlar bor - dush, hojatxona, kiyimlar uchun veshalka, sumka ushlagichi - bularga qo‘l tegishi tabiiy. Shuning uchun kiyimlarimni o‘rganish muhim», deydi Navalniy va uning kiyimlari «bir oydan buyon katta bakda oqartirgichda yuvilayotgani»ga shubha qilmasligini bildirgan.
U nima uchun undan boshqa hech kim «Novichok»dan zararlanmagani haqidagi savolga javob bera turib, siyosatchi zahar faqat u foydalanishi aniq bo‘lgan buyumga surtilgan bo‘lishi mumkinligini aytgan.
«Menimcha, ular 48 kishi zararlanib, bir begunoh ayol vafot etgan Skripal ishidan xulosa qilishgan. Shu tufayli, katta ehtimol bilan zahar men umuman foydalanmaydigan moddalarga surtilmagan. Mobil telefonimga ham, chunki uni Kiraga berishim mumkin edi - bu holda bir shubhali o‘lim o‘rniga ikkita bo‘lardi», deya mulohaza yuritadi siyosatchi.
Navalniyning fikricha, u tegingan butilkada zahar izlari juda kam miqdorda bo‘lgan va atrofdagilar hayoti uchun xavf solmagan.
Uning qayd etishicha, bu butilkani berlinlik shifokorlarga «qandaydir qora ko‘zoynakdagi maxfiy agent» emas, balki rafiqasi Yuliya va Korrupsiyaga qarshi fonddagi hamkasbi Mariya Pevchix yetkazishgan.
U Germaniya hukumati unga jamoatchilikka aytilganiga qo‘shimcha ravishda ma'lumot bermaganini tasdiqlagan: «Yo‘q. Men barchasini nemis nashrlaridan bildim. Aniq bilganimiz shuki - men mehmonxonada zaharlanganman. Bu «Novichok» bo‘lgan, aniqrog‘i uning yangi versiyasi. Bunday moddadan faqat tor doiradagi guruhlar foydalana olishi mumkin».
Zaharlash ortida kim turgani haqida
«Men bu jinoyat ortida Putin turganini ta'kidlayman va menda bo‘lib o‘tgan voqea bo‘yicha boshqa versiya yo‘q. Men buni o‘zimni xursand qilish uchun aytayotganim yo‘q, faktlarga asoslanmoqdaman. Eng asosiy fakt - bu «Novichok», degan Navalniy shu haqdagi savolga javoban.
«Taxmin qilish mumkinki, faqat uch kishi «Novichok»ni tayyorlash va qo‘llash bo‘yicha buyruq bera oladi. Agar siz Rossiyadagi haqiqiy holatni bilsangiz, bu nomlarni ham bilasiz: Rossiya Federal Xavfsizlik xizmati (FSB) rahbari Aleksandr Bortnikov, Rossiya tashqi razvedka xizmati rahbari Sergey Narishkin va ehtimol Rossiya Bosh razvedka boshqarmasi rahbari. Turgan gapki, ular ham bunday qarorni Putinning ruxsatisiz qabul qilishmaydi», deya qo‘shimcha qilgan u.
U «Novichok»dan foydalanishga ruxsati borlar safiga Yevgeniy Prigojinni kiritmagan. «Agar unda bu modda bo‘lganida dunyoning yarmini zaharlardi. Eslang, u Afrikada uch nafar rossiyalik jurnalistni qanday o‘ldirtirgandi», deydi u.
Siyosatchi u boshqa mamlakatga olib ketilishi haqida o‘ylashmagani, uning o‘limini kutishgani haqida gapirgan.
«Meni mamlakatdan chiqarishni istashmagan — shu tufayli men transportirovkaga tayyor holatda emasligimni aytishgan. Ammo jamoatchilikning qo‘llab-quvvatlovi va rafiqamning sa'y-harakatlari tufayli vaziyat «Navalniy Omskda vafot etdi» realiti-shousiga aylanib ketgan. Odamlar esa uni ko‘rishni istashmadi. Putinning odamlari uchun muxolif qurbon maqomini olmasligi, tirik yoki o‘lgan bo‘lsada siyosiy kapitalga ega bo‘lmasligi muhim edi. Agar men Omskda vafot etganimda yoki u yerda o‘nglanmas ahvolga tushganimda, bu yaqqol ularning mas'uliyatida bo‘lardi. Bu holatda «Novichok»ni aniqlashmasdi, ammo bu ularning aybi ekani - meni mamlakatdan chiqarmaslik shunday oqibatga olib kelgani aniq bo‘lardi. Shu tufayli yakunda meni qo‘yib yuborishdi. Bundan tashqari, ular zahar tanamdan yo‘qolib ketishi uchun 48 soat kutishgan, deb o‘ylayman», deydi u.
Siyosatchi Omsk shifoxonasi bosh vrachini «odamlarni o‘ldiradigan josuslardan ham yomonroq» deb hisoblashini qayd etib o‘tgan.
«Ular uchun [josuslar] qotillik - kamida kasb. U esa [vrach] barchasini bilgan, ammo dunyoga men haddan tashqari ko‘p qo‘lbola aroq ichib yuborganim uchun moddalar almashinuvi buzilgani haqida gapirgan. Ha, bunday odamlardan nafratlanaman, mening o‘limimni kutishgan va yana o‘zlarini shifokor deb atashadi. Men katta qilichni qo‘lga olib, ularning boshini chopishni istaymanmi? Yo‘q. Men qonun ishlashi tarafdoriman. Odamlar adolatli sud qilinishi uchun sudga tortiladi», degan Navalniy.
Suiqasd sabablari haqida
Uni nega zaharlashgani haqidagi savolga javoban Navalniy Belarus va Xabarovsk o‘lkasidagi namoyishlarni, shuningdek, Rossiyada uning o‘nlab hududiy shtablari faoliyat olib borishini eslatdi.
«Tashkilotimiz hamon mavjud, bizda 40ta regional shtablar bor. Men taxmin qilyapman. Ammo, ular o‘zlariga shunday degan bo‘lishi mumkin: biz barchasini to‘g‘ri bajarishga harakat qilyapmiz, ammo agar bu metodlar ish bermasa, qat'iy choralarga o‘tishga to‘g‘ri keladi», deydi Navalniy.
«U [Rossiya prezidenti] Xabarovskda nimalar bo‘lganini ko‘rdi. Odamlar 80 kundan ortiq vaqt davomida ko‘chalarga chiqishdi, Kreml hozirgacha bunga qarshi qanday chora ko‘rishni bilmayapti. Kremldagilar «belarus ssenariysi» takrorlanishining oldini olish uchun qat'iy choralar ko‘rish kerakligini tushunib yetishgan. Tizim jon saqlab qolishga harakat qilmoqda, biz esa buning oqibatlarini his qilmoqdamiz», deya qo‘shimcha qilgan u.
Rossiyaga qaytish to‘g‘risida
Der Spiegel uchun bergan intervyusida Navalniy reabilitatsiya jarayonidan keyin Rossiyaga qaytish qarorida qat'iy ekanini bildirib o‘tgan.
«Agar men ortga qaytmasam, Putin o‘z maqsadiga erishgan bo‘ladi. Endi mening vazifam — qo‘rqmaydigan yigit bo‘lib qolish. Va men qo‘rqmayman ham! Hozir qo‘llarim titrayotgan bo‘lsada, qo‘rquvdan titrayotgani yo‘q. Men Putinga bunday sovg‘a hadya qilmayman — emigratsiya bo‘lmayman.
Albatta, men o‘z oilam uchun xavotirdaman. Hatto rafiqam va farzandim yashaydigan kvartiramni ham zaharlashgan bo‘lishsachi, degan xayollar bo‘ldi.
Siyosatchi hozir uning birinchi navbatdagi vazifasi uyga tezroq qaytishi uchun formasini tiklash ekanini qayd etib o‘tgan. Navalniy qaytgach ham «Rossiya regionlari bo‘ylab sayohat qilishni, mehmonxonalarda to‘xtab, nomerlardagi suvlardan ichishni» va'da qilgan.
«Men uchun yana nima qoladi. Ular bizga qarshi murakkab usullarni qo‘llashadi, biz esa omon qolishga harakat qilamiz», deya davom etgan u.
«Novichok» qo‘llash qo‘rqitadi - bu Putinning strategiyasi. Merkel va Makron unga «qizil chiziq» haqida aytishdi, u esa bu chiziqdan ancha o‘tadi va qichqiradi: «Men yana nimalar qila olishimni tasavvur qila olmaysiz», deya qo‘shimcha qiladi Navalniy.
Siyosatchining so‘zlaridan ma'lum bo‘lishicha, hozirgacha Rossiyaning Berlindagi elchixonasi u bilan bog‘lanmagan.
«Men ularning bayonotlarini OAV orqali o‘qidim. Tibbiy tahlillarni va qon tahlillarini talab qilishdi, ammo Omskda mening qonim ko‘p bo‘lishi kerak. Ular shunchaki nemis hukumatini eng yomon bo‘yoqlarda tasvirlashdan manfaatdor. Ularga qolsa, Angela Merkelning shaxsan o‘zi meni «Novichok» bilan zaharlagan bo‘lib chiqadi», deydi u.
Rossiya va Germaniya munosabatlaridagi inqiroz haqida
Uzoq vaqt davomida Putin Berlin bilan ziddiyatga bormasligi haqida aytib kelishdi — ammo endi vaqti keldi. Germaniya hukumati yaqqol pozitsiya tanlagan, faqat men uchungina emas — bu ular Rossiya qanday xavfli yo‘ldan yurayotganini bilib turishibdi. «Severnyy potok — 2» loyihasini to‘xtatish-to‘xtatmaslik — Germaniyaning ishi, ammo Rossiyaga qarshi sanksiyalar deyarli foydasiz. Korrupsiyalashgan tizimning benefitsiarlari bittama-bitta jazolanishi kerak, ular G‘arbdagi hayotdan zavq ololmasliklari uchun aniq maqsadli jazolar kerak.
Mavzuga oid
13:30
Tramp yutsa urushni bir sutkada to‘xtatishni va’da qilgandi. U yutdi - xo‘sh?
23:26 / 09.11.2024
“G‘arbning geosiyosiy ochko‘zligi kelishmovchiliklar bosh sababi” – Putinning “Valday”dagi chiqishi
16:34 / 08.11.2024
Rossiya Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanishini istaydi - Putin
14:31 / 08.11.2024