Jamiyat | 21:19 / 01.10.2020
113542
5 daqiqa o‘qiladi

Namanganda majburiy ijro vaqtida o‘ziga o‘t qo‘ygan ayol halok bo‘ldi

Namangan shahrida istiqomat qilgan 35 yoshli ayol 29 sentabr kuni o‘ziga o‘t qo‘yib, halok bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, marhum ikki yarim yil muqaddam sotib olingan uyidan majburan chiqarmoqchi bo‘lgan MIB xodimlariga shu tariqa o‘z noroziligini bildirgan.

Foto: Videodan kadr

Ma'lum bo‘lishicha, u firibgarlik qurboni bo‘lgan - uning onasiga uyni 13 ming dollarga aldab sotgan ayolga ozodlikni cheklash jazosi qo‘llangan, uyning asl egasi esa mulk o‘ziga qaytarilishi uchun sudga murojaat qilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda Namangan viloyatida yashovchi fuqaro uyidan majburiy chiqarishga oid ijro harakatlari amalga oshirilayotgan paytda o‘ziga o‘t qo‘yib yuborgani tasvirlangan video tarqaldi.  

Videolavhada ayol kishi huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari va boshqa fuqarolar oldida uydan majburiy tartibda chiqarishga oid talabga qarshilik ko‘rsatayotgani aks etgan.

Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi Kun.uz’ga taqdim etgan ma'lumotga ko‘ra, ushbu hodisa 29 sentabr kuni Namangan shahrida sodir bo‘lgan.

«Fuqarolik ishlari bo‘yicha Namangan tumanlararo sudining 2019 yil 8 oktyabrdagi hal qiluv qaroriga ko‘ra, undiruvchi J.A. foydasiga javobgar M.D. va uning oila a'zolarini Namangan shahridagi xonadonlardan biridan majburiy tartibda ko‘chirish belgilangan. Mazkur ijro hujjati bo‘yicha byuroning Namangan shahar bo‘limi tomonidan ish yuritishni qo‘zg‘atish to‘g‘risida qaror qabul qilinib, qaror nusxasi tomonlarga yuborilgan.

Javobgar M.D. va uning oila a'zolariga nizoli uydan chiqib ketishlari kerakligi tushuntirilib, ijro hujjati talabi bajarilmagan taqdirda unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 198-1-moddasiga asosan jarima jazosi qo‘llanishi hamda majburiy tartibda ko‘chirilishi to‘g‘risida bo‘lim davlat ijrochisi tomonidan 2019 yil 6 dekabrda ogohlantirish xati berilgan.

Qarzdor M.D. va uning oila a'zolari davlat ijrochisining og‘zaki va yozma ogohlantirishiga qaramasdan sudning ijro varaqasida ko‘rsatilgan xonadonni bo‘shatishdan bo‘yin tovlagani uchun davlat ijrochisi tomonidan ijro hujjatida ko‘rsatib o‘tilgan manzildan 2019 yil 12 dekabr kuni ko‘chirish harakatlarini majburiy ijro etish tayinlanib, bu haqida qarzdorning o‘zi va tegishli tashkilotlarga ma'lum qilingan.

Biroq, javobgar M.D. tomonidan kassatsiya tartibida shikoyat keltirilgani sababli yuqoridagi qaror ijrosini vaqtincha to‘xtatish haqidagi sudning ajrimi qabul qilingan va ijro harakatlari to‘xtatilgan.

Shundan so‘ng, sud ajrimi bilan kassatsiya shikoyatini qabul qilish rad qilingan va ijro harakatlari davom ettirilgan.

Joriy yilning 11 mart kuni mazkur xonadonga majburiy ijro harakatlarini o‘tkazish uchun tegishli tashkilot xodimlari va xolislar ishtirokida borilganda qarzdor M.D. uyda yo‘qligi sababli ijro harakatlari keyinga qoldirilgan. Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 23 martdagi «Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingan bo‘lib, unga binoan idoraviy bo‘ysunuvidan va tashkiliy-huquqiy shaklidan qat'i nazar barcha tashkilotlarda karantin holati joriy qilingani sababli, ijro hujjati ijrosini ta'minlash 2020 yil 15 avgustga qadar to‘xtatib turilgan.

Ijro hujjati ijrosini ta'minlash maqsadida davlat ijrochisi tomonidan 17 sentyabrda ijro hujjati bo‘yicha tomonlar byuroning Namangan shahar bo‘limiga chaqirtirilib, ularga ijro hujjati talabi qaytadan tushuntirilgan. Shu bilan bir qatorda, ijro hujjati talabini bajarmaslikning huquqiy oqibatlari ham tushuntirib o‘tilgan, manzildan ixtiyoriy ravishda ko‘chish taklif qilingan. 

Biroq, javobgar M.D. va uning oila a'zolari ko‘rsatib o‘tilgan nizoli xonadondan ixtiyoriy ravishda ko‘chib chiqib ketmagani sababli, davlat ijrochisi tomonidan shu yil 29 sentabr kuni ko‘chirish harakatlarini majburiy ijro etish tayinlanib, bu haqida qarzdorning o‘zi va tegishli tashkilotlarga (Namangan shahar IIO FMB 2-IIB, FVV YoXB Namangan shahar bo‘limi, MFY, TTYo Namangan shahar bo‘limi) ma'lum qilingan.

Shu kuni yuqoridagi manzilga borilganda, qarzdor M.D. va uning qizi D.G. tomonidan ijro harakatlarini amalga oshirishga faol qarshilik ko‘rsatilgan. Ijro hujjati talabini bajarishga to‘sqinlik qilish maqsadida 1985  yilda tug‘ilgan D.G. o‘ziga benzin yoqilg‘isini sepib, yoqib yuborib, o‘z joniga suiqasd qilgan», deyiladi MIB munosabatida.

Fuqaro D.G. tanasining 80 foizdan ortiq kuyish tan jarohati natijasida 2020 yil 30 sentabr kuni RShTYoIM Namangan filialida vafot etgan.

Hozirda holat yuzasidan Namangan shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid