Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qorabog‘dagi urushning to‘rtinchi kuni. Rossiya Kavkazga Suriya va Liviyadan jangarilar kelganini aytmoqda
Tog‘li Qorabog‘ hududida 30 sentabr kuni ham janglar davom etdi. Armaniston va Ozarboyjon ikki mingdan oshiq qurbonlar va jarohatlanganlar haqida ma'lumot bergan.
Armaniston va Ozarboyjon Tog‘li Qorabog‘dagi harbiy harakatlar davomida halok bo‘lgan va jarohatlanganlar soni ikki mingdan ortishi haqida xabar bermoqda. Ozarboyjon mudofaa vazirligi 30 sentabr kuni tongida Armanistonning Tog‘li Qorabog‘da harbiy harakatlar boshlanganidan buyon yo‘qotishlari 2300 kishidan ortishi (jarohatlanganlar ham shuning ichida) haqida ma'lum qildi. Vazirlik, shuningdek, Armanistonning 130ga yaqin tanklari va boshqa zirhli transport vositalari, 200dan ortiq artilleriya moslamalari, 25ga yaqin havo hujumidan mudofaa tizimlari, 6ta qo‘mondonlik punktlari va 5ta o‘q-dorilar ombori yo‘q qilinganini ta'kidlagan. O‘z navbatida, Armaniston mudofaa vazirligi esa Ozarboyjon tomoni o‘zining yo‘qotishlarini Armaniston armiyasiga hisoblayotgani haqida bayonot berdi. Yerevan 27 sentyabrdan buyon Ozarboyjonning 790 nafar harbiy xizmatchisi halok bo‘lgani, 1,9 ming nafari yaralangani, shuningdek, Ozarboyjon 137ta tank, 72ta dron, 7ta vertolyot va bitta An-2 samolyotidan ayrilgani haqida ma'lum qilgan. Ziddiyat hududida janglar davom etmoqda, ikki tomon ham tinch aholi orasidagi o‘limlar to‘g‘risida xabarlar tarqatmoqda.
Gruziya Tbilisida vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazishni taklif qildi. «Mintaqada imkon qadar tez tinchlik o‘rnatilishi bizning umumiy manfaatlarimizga mos keladi», — degan gruzinlar bosh vaziri Georgiy Gaxariya. Avvalroq Rossiya ham o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirib, bu borada vositachilikni va Moskvada muzokaralar tashkillashtirishni taklif qilgandi. Shuningdek, AQSh, Yevroittifoq davlatlari, BMT, YeXHT kabi xalqaro tashkilotlar tomonlarni tinchlik muzokaralariga chorlamoqda.
Boku alohida davlatlarning muloqotga chaqiriqlarini ma'nosiz deb atamoqda. «Qaysidir bir davlat tomonlarni muloqotga chorlashi noo‘rindir. Bu ishni xalqaro tashkilotlar, masalan, BMT qilishi kerak, biz shunda buni tabiiy qabul qilamiz, YeXHT ham tinchlikka chaqirishi mumkin, ularning bunga vakolati bor. Ayrim davlatlar „muloqot boshlanglar, biz esa yordam beramiz“ deyishiga esa zarurat yo‘q. Hozir haqiqatni gapirish vaqti», — degan Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar xalqaro hamjamiyat Armaniston hukumatini Qorabog‘dan qo‘shinlarini olib chiqishga majbur qila olmasa, «ozarboyjonlik askarlar ularni to‘xtatadi va o‘z hududlaridan siqib chiqarib, adolat o‘rnatadi». Avvalroq Armaniston rahbari Nikol Pashinyan ham harbiy harakatlar davom etayotgan murakkab vaqtda muzokaralar haqida gapirish noo‘rinligi, bundan oldin o‘t ochishni to‘xtatish lozimligini aytib o‘tgandi.
Rossiya tashqi ishlar vazirligi Qorabog‘ hududiga Suriya va Liviyadan jangarilar olib kelingani haqida ma'lumot berdi. Shu bilan birga, vazirlik ziddiyatning qaysi tomoni bu ishni qilganiga aniqlik kiritmagan. Avvalroq Armaniston ham, Ozarboyjon ham harbiy harakatlarda xorijlik yollanma harbiylar ishtirok etayotganini ma'lum qilib, bunda bir-birini ayblagandi.
Armaniston hukumati ma'lumotiga ko‘ra, yollanma jangarilar Turkiya tomonidan yuborilmoqda. Armanistonning Rossiyadagi elchisi Vardan Toganyan Suriyadan Tog‘li Qorabog‘ga «to‘rt mingga yaqin jangari tashlangani» haqida gapirgan. Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev bu ma'lumotni rad etgan va Turkiya Ozarboyjonga «ruhiy-ma'naviy ko‘mak ko‘rsatayotgani»ni bildirgan. O‘z navbatida, Ozarboyjon mudofaa vazirligi Armaniston tomonining yo‘qotishlari orasida «Suriya va Yaqin Sharqning boshqa hududlaridan yollanma jangchilar sifatida kelgan etnik armanlar ham borligi»ni ma'lum qilgan.
Moskvadagi arman va ozar diasporalari vatandoshlarini «bosiqlik»ka chaqirdi. «Keskinlikni Rossiya Federatsiyasi hududiga ko‘chirish va ikki millatga mansub jamoalar o‘rtasida ziddiyat o‘choqlarini hosil qilish kerak emas», — deyiladi ikki davlat diasporasining Moskva meriyasi tomonidan e'lon qilingan qo‘shma bayonotida. Bir necha oy muqaddam, yoz o‘rtalarida Tog‘li Qorabog‘da yana bir marta vaziyat keskinlashganida Moskva shahridagi armanlar va ozarlar o‘rtasida ommaviy mushtlashuvlar kelib chiqqandi.
Moskva kinofestivalidan Qorabog‘ nizosi haqidagi film olib tashlandi. Gap «Vrata v ray» kartinasi haqida ketmoqda, unda 1990-yillarda Tog‘li Qorabog‘dagi harbiy harakatlarni yoritgan front operatorlari haqida hikoya qilinadi. Festival tashkilotchilari bu qarorni ehtiyotkorlik yuzasidan deb izohlashdi. «Kartina yaxshi bo‘lsada, Tog‘li Qorabog‘da yuzaga kelgan vaziyat ortidan Moskvada ham armanlar va ozarboyjonliklar o‘rtasida to‘qnashuvlar kelib chiqishining oldini olish maqsadida uni namoyish etishdan voz kechdik», — degan festivalning dasturlash bo‘yicha direktori Kirill Razlogov.
Mavzuga oid
15:49 / 24.05.2025
O‘zbekiston Shusha deklaratsiyasiga qo‘shilgani haqidagi xabarlar rad etildi
16:28 / 23.05.2025
Eron 2023 yilda Ozarboyjon elchixonasiga hujum qilgan erkakni qatl qildi
21:12 / 07.05.2025
Ilhom Aliyev 9 may kuni Moskvadagi paradga borishdan bosh tortdi
21:04 / 02.05.2025