Jahon | 10:55 / 04.10.2020
35329
8 daqiqa o‘qiladi

Kamchatkada dengiz jonivorlariga qirg‘in keldi. Mahalliy rasmiylar «hech narsa ko‘rishmagan»

Shanba kuni Rossiya tergov qo‘mitasi Kamchatka o‘lkasidagi bir necha plyajlarda dengiz jonivorlari yoppasiga halokatga uchragani holati bo‘yicha tekshiruv boshlanganini e'lon qildi. Avvalroq mahalliy syorferlar va turistlar suv ifloslangani va shu tufayli ularning ko‘rish qobiliyati keskin yomonlashganidan shikoyat qilishgandi. «Grinpis»dagilar vaziyatni ekologik falokat deb atamoqda.

Foto: ANNA STRELCHENKO/TASS

«Tergovning dastlabki ma'lumotlariga ko‘ra, dengiz jonivorlari o‘limi Malaya, Srednyaya va Bolshaya Lagernaya ko‘rfazlaridagidagi noma'lum manbadan Tinch okeani qirg‘oq suvlariga neft uglevodorodlari va fenol konsentratsiyasi ortishi tufayli sodir bo‘lgan. Dengiz suvi rangi ham o‘zgargan», deyiladi xabarda.

Petropavlovsk-Kamchatka hududidagi suv ifloslangani va ko‘plab jonivorlar halok bo‘layotgani haqidagi xabarlar hafta boshidayoq paydo bo‘lgandi. Mahalliy aholi vakillari va sayyohlar dengiz suvida cho‘milishganidan keyin ko‘rishda muammolar paydo bo‘lgani, tomoq og‘rishi, ko‘ngil aynishi va boshqa alomatlar kuzatilayotgani haqida yozishgan.

«Dengiz tubidagi barcha jonzotlar - o‘lgan. Sakkizoyoqlar, baliqlar, dengiz yulduzchalari va dengiz kirpilari - Nalichev burnidan Avachinskaya buxtasigacha jonivorlarning jasadlariga to‘lib ketgan. Bu esa 40 kilometrdan ortiq masofa», deb yozadi jabrlanuvchilardan biri Instagramdagi sahifasida.

 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 

A post shared by Yëla (@yola_la) on

«Xalaktirskiy plyajdagi syorfinglardan keyin men deyarli ko‘rmay qoldim. Ko‘z oldim xiralashib, tuman ichida qolgandek edim», deyiladi boshqa bir postda.

 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 

A post shared by Poxody i Video v Sochi (@ionovmaxim) on

Taniqli jurnalist Yuriy Dud syorfing maktabi asoschisi Anton Morozov tomonidan olingan kadrlarni e'lon qildi, yuqoridan olingan tasvirda dengizning qirg‘oq qismi qora rangga kirgani va qirg‘oqdagi nobud bo‘lgan jonivorlarni ko‘rish mumkin.

 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 

A post shared by Yuriĭ Dud (@yurydud) on

Xalaktirskiy plyajida neft mahsulotlari va fenol aniqlangan, Avachinskaya ko‘rfazi akvatoriyasidagi yana uchta uchastkada suv ifloslanishi belgilari mavjud.

Versiyalar

Ifloslanish sababi hozirgacha ma'lum emas. Kamchatka tabiiy resurslar va ekologiya vaziri vazifasini bajaruvchisi Aleksey Kumarkov 2 oktabr kuni bu holatga o‘tkinchi kemalardan chiqindi suvlar yoki neft mahsulotlari chiqarib yuborilishi sabab bo‘lganini taxmin qilgandi. Uning bayonotida suvdan olingan namunalarda sanoat moyiga o‘xshash ifloslantiruvchi moddalar borligi aytilgan.

TASS agentligining Uzoq Sharq regioni favqulodda vaziyatlar xizmatidagi manbasi xabar berishicha, suvning ifloslanishiga qirg‘oq yaqinidan suzib o‘tgan tijoriy tankerdan neft mahsulotlari sizib chiqishi sabab bo‘lgan. Hozirda bu kema kimga tegishli bo‘lganini aniqlash ishlari olib borilmoqda.

Foto: ANNA STRELCHENKO/TASS

«Meduza»ning Kamchatka o‘lkasi hukumatiga yaqin manbasi ifloslanish daryoga chiqindilarni oqizgan harbiylar tufayli kelib chiqqan bo‘lishi mumkinligini aytgan. Rossiya mudofaa vazirligi hodisaga aloqador emasligini ta'kidlamoqda.

Tinch okeani floti matbuot xizmati flot plyaj suvlari ifloslanishiga aloqadorligi haqidagi xabarlar asosga emasligi, bunday ma'lumotlar g‘arbdagi tashkilotlar tomonidan tarqatilayotgani qayd etilgan.

3 oktabr kuni Kamchatka rasmiylari suvning ifloslanishi keng miqyosda bo‘lganini rad etib chiqdi, jonivorlarning o‘limi esa shtorm bilan izohlandi. Aleksey Kumarkov 3 oktabr kuni tongida plyajda tekshiruv o‘tkazgan inspeksiya jonivorlarning ommaviy o‘limi, suvning rangi xiralashgani haqidagi ma'lumotlar tasdiqlanmaganini aytdi. U olingan namunalar suvda fenollar va neft mahsulotlari kam miqdorda ortganini ko‘rsatganini qo‘shimcha qilgan.

«Biz hech qanday jonivorlar o‘limini qayd etmadik — ijtimoiy tarmoqlarda aytilayotgan gaplarning hech biri o‘z isbotini topmadi. Dengiz kirpilari va dengiz yulduzchalari qirg‘oqqa chiqib qolgani 29 sentabr kungi bo‘ron tufayli», — degan amaldor Mash bilan suhbatda. 

Xalaktirskiy plyaji suvlarida neft mahsulotlari miqdori normadan 4 baravar yuqori ekanini Kumarkov «normal bo‘lmagan vaziyat» deb atagan, lekin bu «ekologik oqibatlarga olib keluvchi darajada emasligi»ni qo‘shimcha qilgan.

Ekologlar nima deyishmoqda

Foto: Anna Strelchenko/TASS

«Grinpis» «Rosprirodnadzor», «Rospotrebnadzor», Rossiya mudofaa vazirligi va bosh prokuraturaga zudlik bilan hodisa sabablarini tekshirish va oqibatlarini bartaraf etish talabi bilan murojaat qilgan.

Tashkilot bu hodisani ekologik falokat deb atagan va voqea joyiga tekshiruvlar uchun ekspeditsiya yuborilishini ma'lum qilgan.

«Xalaktirskiy plyaji atrofidagi suv havzasi ifloslanishi dengiz jonivorlari ommaviy ravishda halok bo‘lishi va insonlar zaharlanishiga sabab bo‘ldi. Kamchatkaning noyob tabiati, YuNeSKOning butunjahon tabiiy merosi xavf ostida. [...] Sohildagi ifloslanish manbasi imkon qadar tez fursatda aniqlanishi va bartaraf etilishi zarur», degan «Grinpis» loyihasi rahbari Vasiliy Yablokov.

Rasmiylar nima demoqda

Bosh vazir o‘rinbosari - prezidentning Uzoq Sharqdagi muxtor vakili Yuriy Trutnev juma kuni jonivorlarning ommaviy halok bo‘lishi sabablarini tekshirish bo‘yicha ko‘rsatma bergan.

«Atrof-muhit ifloslanishi oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha tezkor choralar ko‘rish va bunday holat boshqa takrorlanmasligi uchun bor imkoniyatlarni ishga solish zarur. Aybdorlar javobgarlikka tortilishi lozim», deya ma'lum qilgan u.

Shanba kuni Kamchatka o‘lkasi tabiiy resurslar va ekologiya vazirligi plyaj tozaligi va dengiz suvi odatdagi rangda ekani tasvirlangan videoni e'lon qildi.

 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 

A post shared by Ofitsialnaya stranitsa (@kamgov) on

«Suv rangi normal holatda, havodagi hid ham odatdagidek, plyaj mutlaqo toza. Tongda «Nalichevo» tabiat parki inspektori qirg‘oq hududini tekshirdi - hech qanday anomal holat kuzatilmadi», deyilgan xabarda.

Post ostidagi ko‘plab izohlarda keskin salbiy munosabat bildirilgan — ular hukumatni harakatsizlikda ayblashgan, shuningdek, amaldorlar bu videoni sahnalashtirishgani aytilgan, bunga asos sifatida qirg‘oqdagi maxsus texnikalar qoldirgan izlar keltirilgan, izoh yozuvchilarning fikricha, plyajning bu uchastkasi s'yemka oldidan maxsus texnikalar vositasida tozalangan.

Tergov qo‘mitasi dengiz jonivorlarining ommaviy o‘limi bilan bog‘liq fakt bo‘yicha tekshiruv boshlagan. Muassasa dengiz suvlaridan, havodan va qumdan qo‘shimcha namunalar olinganini ma'lum qilgan. Ularning tekshiruvlari natijalariga ko‘ra hodisaga huquqiy baho beriladi. Shuningdek, region prokuraturasi ham o‘z tekshiruvini o‘tkazmoqda.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid