Qora tuynukni ilmiy o‘rgangan uch nafar olim fizika bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘ldi
Rojyer Penrouz, Raynhard Gensel va Andrea Gez mukofotga sazovor bo‘lishdi.
Angliyalik fizik Rojyer Penrouz, germaniyalik astrofizik Raynhard Gensel va amerikalik astronom Andrea Gez 2020 yilda fizika bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘lishdi. Penrouz ushbu mukofotga qora tuynuklarning paydo bo‘lishi umumiy nisbiylik nazariyasining ishonchli bashorati ekanligi, Gensel va Gez esa Somon yo‘li markazida supermassiv ixcham obekt topilganligi uchun sazovor bo‘ldi, dedi Nobel qo‘mitasi rasmiy vakili. Marosim Nobel fondining Youtube kanalida namoyish etildi.
Umumiy nisbiylik nazariyasiga ko‘ra, qora tuynuklar - ulkan tortishish kuchiga ega kosmik obektlar bo‘lib, ular haqiqatdan mavjuddir. Biroq, hatto ushbu nazariyaning yaratuvchisi - Albert Eynshteyn ham bunga ishonmagan. 1965 yilda bo‘lajak nobeliat Rojyer Penrouz qora tuynuklar haqiqatan ham mavjudligini isbotladi va ularning tuzilishini batafsil bayon qildi.
Boshqa ikki sovrindor - Andrea Gez va Raynhard Genselning ilmiy yutuqlari Galaktika markazida joylashgan supermassiv obekt bilan bog‘liq - astronomlar uni Qavs A* deb atashadi. Ushbu obekt qora tuynuk bo‘lib, u Quyoshdan 4 million martadan ko‘proq og‘irroq, qizib turgan gaz buluti bilan o‘ralgan.
Optik teleskoplar uchun Qavs A* ko‘rinmasdir, olimlar uning mavjudligi haqida juda «yorqin» radionurlanish orqali bilib oldi, keyin esa boshqa spektrlarda nurlanishni aniqlash orqali uning mavjudligini tasdiqladi. Gez va Gensel boshchiligidagi ilmiy guruhlar ushbu obektni gaz bulutlari orqali qanday ko‘rish mumkinligini aniqlay oldi.
«Bu yilgi laureatlarning kashfiyotlari ixcham va o‘ta massiv obektlarni o‘rganishda yangi istiqbollarni ochdi. Shu bilan birga, ular hali ham ko‘plab savollarni keltirib chiqaradi va kelajakdagi tadqiqotlarga turtki beradi. Bu savollar nafaqat ularning ichki tuzilishi, balki qora tuynuk yaqinidagi o‘ta og‘ir sharoitlarda tortishish nazariyasini qanday sinab ko‘rish kerakligi bilan bog‘liq», - deya izoh berdi Nobel qo‘mitasi rahbari Devid Heviland.
2020 yilda taqdirlash marosimi bo‘lmaydi: medallar va diplomlar sovrindorlarga yo Shvetsiyaning turli mamlakatlardagi elchixonalari xodimlari tomonidan yoki avvalgi mukofotlar egalari tomonidan topshiriladi. Bundan tashqari, sovrindorlarga 10 million krona (435 965 ming dollar) miqdorida pul to‘lanadi.
O‘tgan yili kanadalik kosmolog Jyeyms Piblz «fizik kosmologiyadagi nazariy kashfiyotlar uchun», astrofizik Mishel Mayor va astronom Dide Kelo «quyoshga o‘xshash yulduz atrofida aylanib yurgan ekzosayyoralar kashf qilgani uchun» mukofotga sazovor bo‘lgandi.
Mavzuga oid
18:10 / 16.10.2024
Demokratiyaning iqtisodiy qiymatini ochgan trio. Iqtisodiyot bo‘yicha Nobel kimlarga berildi?
19:03 / 15.10.2024
“Raqobat siyosati kerak” – Nobel mukofoti laureati O‘zbekiston iqtisodiyoti haqida
16:05 / 11.10.2024
Tinchlik uchun Nobel mukofoti Hirosima va Nagasakidagi atom bombasidan omon qolganlarni birlashtirgan tashkilotga berildi
20:17 / 10.10.2024