Jahon | 00:05 / 06.10.2020
52989
6 daqiqa o‘qiladi

Qorabog‘dagi urush, to‘qqizinchi kun: shaharlarning o‘qqa tutilishi va armanlarning «taktik chekinishi»

Dushanba kuni, Qorabog‘dagi urushning to‘qqizinchi kunida tomonlar yana raketalar orqali shaharlarni o‘qqa tutib, tinch aholi vakillari halok bo‘lishi va jarohatlanishiga sabab bo‘lishdi; arman harbiylari ayrim hududlarda «taktik zarurat» tufayli chekinganliklarini tan olishdi, Armaniston bosh vaziri esa zaxiradagi harbiylarning barchasini yana armiyaga yozilishga chaqirdi.

Foto: Davit Ghahramanyan / NKR Infocenter / AFP / Scanpix / LETA

Qorabog‘da bo‘lib turgan jurnalistlarning xabar qilishicha, Ozarboyjon armiyasi tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi poytaxti Stepanakertni, unga qo‘shni bo‘lgan Shusha shahrini va Qorabog‘dagi boshqa aholi punktlarini doimiy ravishda o‘qqa tutmoqda. 

Qorabog‘lik ombudsmen Artak Beglaryan dushanba kuni shu kungi artilleriya hujumlari oqibatida Qorabog‘da tinch aholi orasida jami 19 kishi halok bo‘lgani va 80 kishi mayib-majruh bo‘lgani haqida xabar berdi.

Ozarboyjon tomoni ham o‘z shaharlari hujumga uchrayotgani to‘g‘risida xabarlar bergan: rasmiy bayonotlarga ko‘ra, yakshanba kuni Qorabog‘dan shimoldagi Ganja va Mingechaur shaharlariga, hatto Kaspiy dengizi qirg‘oqlariga - poytaxt Boku shahri yaqinidagi hududlarga ham raketalar uchib kelgan; dushanba kuni esa Qorabog‘dan sharqda joylashgan Barda, Agdjabedi va Beylagan shaharlari o‘qqa tutilgan.

Ozarboyjon tomonining rasmiy ma'lumotlariga ko‘ra, armanlarning hujumlari oqibatida dushanba kuni kechqurunga kelib tinch aholi orasidagi qurbonlar soni 24 nafarga yetgan va 121 kishi jarohatlangan.

Shu bilan birga, Ozarboyjon artilleriya zarbalari Armaniston hududidan turib yo‘llanayotganini ta'kidlamoqda - dushanba kuni mamlakat tashqi ishlar vazirligi ham shu haqda bayonot bilan chiqdi. Lekin rasmiy Boku bunga dalil keltirmagan, Armaniston tomoni esa bu ayblovni rad etmoqda.

Tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi prezidenti Vagram Pogosyan dushanba kuni jurnalistlar bilan suhbatda frontning ayrim uchastkalarida arman harbiylari chekinganini tan oldi, ammo Pogosyanning qayd etishicha, bu taktik qaror bo‘lgan.

«O‘rinsiz spekulyatsiyalarning oldini olish uchun, shuni ta'kidlashim kerakki, front chizig‘ining ayrim yo‘nalishlarida Mudofaa armiyasi taktik maqsadda ortga chekindi: a) keraksiz yo‘qotishlardan qochish; b) dushman kuchlariga yanada kuchliroq zarba berish. Bu ikkisi ham ahamiyatlidir», deya Pogosyandan iqtibos keltirgan «Armenpress» agentligi.

Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev tvitterdagi sahifasida so‘nggi kunlarda 30dan ortiq (dushanba kuni - uch) qishloq egallangani, shu jumladan, janubda, Eron bilan chegaralar yaqinidagi Jabroyil tumani markazi, shuningdek, Qorabog‘ shimolidagi Talish va Madagiz qishloqlari ozar harbiylari nazoratiga o‘tganini xabar qildi.

Ammo Ozarboyjonning ushbu muvaffaqiyatlari uchun yetarli darajadagi foto va videoyozuvlar keltirilmagan, faqat bir suratdan tashqari: dushanba kuni mudofaa vazirligi Talish qishlog‘idan foto va video e'lon qildi. Bu qishloq Tog‘li Qorabog‘ bilan chegaradagi demarkatsiya chizig‘ida joylashgan.

Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan dushanba kuni so‘nggi yillarda harbiy xizmatdan bo‘shagan yosh yigitlarni yana ixtiyoriy ravishda chaqiruv punktlariga kelishga chaqirdi.

Armanistonda qonunchilikka ko‘ra, harbiy xizmatdan bo‘shaganlar bir yil davomida qayta safarbar qilinmaydi. Armanistonda (xuddi Ozarboyjondagi kabi) harbiy holat va umumiy safarbarlik e'lon qilingan.

«Bu shunchaki urush emas, bu yana bir Sardarapat, bu hal qiluvchi jang. Biz armanlar genotsidi takrorlanishining oldini olishimiz lozim», degan Pashinyan feysbukdagi videomurojaatida.

Sardarapat jangi - turklar va arman kuchlari o‘rtasida 1918 yilda bo‘lib o‘tgan, o‘shanda arman jangchilari Turkiyaning Sharqiy Armanistonni, ya'ni hozirgi Armaniston hududini bosib olish uchun harakatlarini to‘xtatishgan.

Shu kuni Pashinyanning o‘g‘li Ashot ko‘ngilli sifatida urushga borishga yozildi va bu haqda feysbukdagi sahifasida xabar berdi.

Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev so‘nggi kunlarda bir necha intervyu berdi va millatga murojaat qildi, u har safar Armaniston o‘z qurolli tuzilmalarini Qorabog‘ va uning atrofidagi hududlardan olib ketmaguncha tinchlik muzokaralari bo‘lmasligini takrorlamoqda.

«Men muammoni muzokaralar yo‘li bilan hal qilish kerak deb hisoblayman. Ammo muzokaralar mazmunli bo‘lishi kerak. Armaniston bosh vazirining Qorabog‘ Armaniston ekani haqidagi so‘zlari amalda ziddiyatni hal qilish tamoyillarini yo‘q qilmoqda», deya Aliyevning «Al-Arabiya» telekanaliga bergan intervyusidan iqtibos keltirgan «Azertadj» agentligi.

Ushbu intervyu davomida Aliyev armanlar bosh vaziri Nikol Pashinyanni Jorj Sorosning pullari evaziga uyushtirilgan davlat to‘ntarishi orqali hukumat tepasiga kelishda ayblab o‘tgan.

Qorabog‘dagi urush bo‘yicha qo‘shni davlatlardan biri Eron ham bayonot berdi.

Eron tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Said Xatibzoda Tehronda tinchlik rejasi mavjudligi va bu reja Ozarboyjon bilan ham, Armaniston bilan ham muhokama qilinayotganini aytib o‘tdi.

Shu bilan birga, Xatibzoda Eron Ozarboyjonning hududiy yaxlitligini hurmat qilishi va arman harbiylari «bosib olingan hududlar»dan zudlik bilan chiqib ketishi kerak deb hisoblashini ma'lum qilgan.

Eron shimolda Ozarboyjon bilan ham, Armaniston bilan ham, shuningdek, 1993-1994 yillardagi urush natijasida armanlar egallab olgan Tog‘li Qorabog‘ bilan ham chegaradosh hisoblanadi. Dunyodagi yangiliklar agentliklari o‘tgan hafta davomida Eronning shimolidagi hududlari aholisi Araks qirg‘og‘ida turib narigi tomondagi janglarni kuzatayotgani tasvirlangan suratlarni tarqatgandi.

Eronning shimoli-sharqiy qismida etnik ozarlar ko‘pchilikni tashkil etadi.

Mavzuga oid