O‘zbekiston | 13:21 / 07.10.2020
23335
2 daqiqa o‘qiladi

Mirishkor tumaniga yangi hokim tayinlandi

Qashqadaryo viloyati Qamashi tumani hokimi Sherali Sanayev viloyatning boshqa tumani rahbarligiga o‘tkazildi.

7 oktabr kuni Xalq deputatlar Mirishkor tumani kengashining navbatdan tashqari yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzayev ishtirokida o‘tkazilgan sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi. 

Viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berishicha, Qamashi tumani hokimi sifatida ishlab kelgan Sherali Choriyevich Sanayev Mirishkor tumanining yangi hokimi etib tasdiqlangan. 

Sherali Sanayev 2013-2016 yillarda Mirishkor tumanida prokuror lavozimida faoliyat ko‘rsatgan, 2017-2018 yillarda Toshkent viloyati Bekobod tumanida prokuror bo‘lgan, 2018 yil dekabrida Qamashi tumani hokimi lavozimiga tayinlangandi.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning sentyabrida prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida hududlarda tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Qamashi tumani natijalari alohida e'tirof etilgan, tumanda so‘nggi uch yilda 802ta yangi tadbirkorlik sub'yekti tashkil etilib, ishlamayotgan 132ta korxona qayta tiklangani, eksport hajmi o‘tgan yilgiga nisbatan 1,5 barobar oshgani qayd etilgandi.

Ma'lumot uchun, Mirishkor tumaniga so‘nggi 3,5 yil ichida to‘rtinchi marta yangi rahbar kelmoqda. 2017 yil martidan buyon ushbu tumanga rahbarlik qilgan Ravshan Komilov 2019 yil oktyabrida ishdan olingan (u bir necha marta internetda qahramonga aylangan, xususan, makkajo‘xori dalasidan keksa yoshli odamni nabirasi oldida haqoratlashi tanqidlarga sabab bo‘lgandi). Undan keyin tuman rahbarligiga Baxtiyor Rajabov kelgan, u ham o‘z qo‘li ostidagilarni turli so‘zlar bilan haqoratlagani aks etgan audioyozuvlar tarqalgach internetda mashhur bo‘lgandi. 2020 yil martida Rajabov ishdan olinib, uning o‘rnini G‘ayrat Begaliyev egallagandi, ammo bu hokim shu yilning sentyabrida koronavirusdan zararlanish oqibatida vafot etdi.
 

Mavzuga oid