Jahon | 22:23 / 09.10.2020
7323
9 daqiqa o‘qiladi

Dunyodagi vaziyat: Fransiya va Britaniyada qizil hududlar, Niderlandiyada karantinga qarshi chiqqanlar hibsga olindi

Dunyo bo‘ylab koronavirusdan yangi kasallanish holatlarining umumiy soni ortib bormoqda, AQShda Covid-19 epidemiyasining episentri mamlakat shimoliga ko‘chgan, Tramp yo‘talyapti, ammo ishiga qaytmoqda; Niderlandiyada cheklov choralariga qarshi aksiya davomida o‘nlab odamlar hibsga olingan. Belgiyadagi kasalxonalarning davolash bo‘limlaridagi o‘rinlarning 50 foizdan ortig‘i band. Ukraina va Germaniyada kasallanish bo‘yicha rekordlar o‘rnatilmoqda, Fransiya va Britaniyada karantin qoidalari qat'iy bo‘lgan qizil hududlar paydo bo‘ldi.

Foto: Reuters

Isroil rasmiylarining xabar berishicha, mamlakatda sentabr oyi o‘rtalarida joriy qilingan ikkinchi lokdaun natija bergan va infeksiya tarqalishi sekinlashgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ma'lumotlariga ko‘ra, o‘tgan kun davomida mamlakatda Covid-19'ning 4,1 mingta yangi holati aniqlangan, ammo ketma-ketlikdagi uchinchi kunda ko‘rsatkichlarning pasayishi kuzatilmoqda.

Isroilda eng qoniqarsiz holatlardan biri kuzatilgan, pandemiya boshidan beri ro‘yxatga olingan holatlarning umumiy soni 282 mingdan oshadi.

Shu bilan birga, bemorlar va o‘lim holatlari soni nisbati dunyodagi eng ijobiy ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi: bugungi kunga qadar Isroilda koronavirusdan 1824 kishi vafot etdi.

Isroil butun mamlakat bo‘ylab ikki marta lokdaun joriy qilgan dunyodagi yagona mamlakat.

Hindistonda o‘tgan kun davomida 70 mingdan ortiq yangi holatlar aniqlandi, mingga yaqin inson vafot etdi. Hindiston virusga chalinish holatlari bo‘yicha dunyoda AQShdan keyingi ikkinchi o‘rinda turadi – 6,9 million kishi, o‘lim ko‘rsatkichi bo‘yicha esa (AQSh va Braziliyadan keyingi) uchinchi o‘rin – deyarli 106,5 ming qurbon.

Jons Hopkins universiteti ma'lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab koronavirusdan kasallanganlar soni 36,5 million kishidan oshgan, Covid-19’dan deyarli 1,1 million kishi vafot etgan.

Yaqinda koronavirus tashxisi qo‘yilgan AQSh prezidenti Donald Trampning shifokori uning ishga qaytishga va ijtimoiy tadbirlarda ishtirok etishga tayyorligini ma'lum qildi. Biroq, Trampning so‘nggi intervyu paytida yo‘talgani ko‘pchilikning e'tiborini tortgan.

AQShda koronavirus episentri mamlakat markaziy qismining shimoliy hududlariga siljimoqda. Janubiy Dakota, Shimoliy Dakota va Viskonsin shtatlarida keskin avj olish kuzatilyapti. Yozda xavfli hududlar qatoriga Arizona, Florida va Kaliforniya kirar edi. Milliy kasallanish statistikasi ham so‘nggi uch hafta ichida doimiy ravishda oshib bormoqda. AQSh kasallanish va o‘lim holatlari soni bo‘yicha hamon dunyoda yetakchi – mos ravishda 7,6 million va 212 ming kishi.

Polsha hukumati mamlakatni Covid-19 epidemiyasining ikkinchi, kuchli to‘lqini qamrab olganini ma'lum qildi. So‘nggi kun davomida 4739 kishida virus aniqlandi, 52 kishi vafot etdi. Statistik ma'lumotlar ketma-ket uchinchi kun o‘sishda davom etmoqda va yozdagi ko‘rsatkichlardan deyarli ikki baravarga ortib ketgan. Mamlakat bosh vaziri Mateush Moravetskiyning so‘zlariga ko‘ra, Polshada ikkinchi to‘lqin boshlangani aniq. Pandemiya boshlanganidan beri mamlakatda 116,3 ming kishi kasallanib, 2919 kishi vafot etdi.

Yevropada karantin va hibsga olish holatlari
Fransiyada o‘tgan kun davomida koronavirusning rekord miqdordagi yangi holatlari aniqlandi – 18 mingdan ortiq. Shunga o‘xshash ko‘rsatkichlar joriy yilning bahoridagi pandemiyaning eng yuqori nuqtasida qayd etilgan. Va nihoyat qizil hudud deb e'lon qilingan to‘rtta shahar – Lill, Lion, Grenobl va Sent-Etenda bar va restoranlar ertadan yopiladi.

Tuluza ham xavfli hudud deb e'lon qilindi, ammo u yerda qat'iy karantin joriy etilishi haqida hali xabar berilmagan. Parij va Marselda bir haftadan buyon qat'iy cheklov choralari qo‘llanilmoqda. Fransiyada umumiy holatlar soni 711,7 ming kishini tashkil qiladi, 32,5 ming kishi Covid-19 xastaligidan vafot etgan.

Ispaniya sudi bir hafta oldin Madridda 4,7 million odamni qamrab olgan qisman lokdaunni nomuvofiq deb topdi. Endi mamlakat hukumat poytaxtda 15 kunlik muddat ichida favqulodda rejim joriy etilishini talab qilmoqda. Markaziy hukumat qarorlariga mintaqaviy hokimiyat, xususan, poytaxt okrugi qarshi turmoqda. Madriddagi qisman lokdaun to‘g‘risidagi qarorni bekor qilish uchun sudga aynan ular murojaat qilishgandi.

Madrid hokimiyati vakili Isabel Dias Ayuso shahar va uning atrofidagi hududlar aholisini mintaqani tark etmaslikka chaqirdi, ammo mamlakat bosh vaziri Pedro Sanches undan ultimatum shaklida yanada qat'iy harakatlarni talab qilmoqda.

Italiyada favqulodda holat rejimi yanvargacha uzaytirildi. Niqoblarni har joyda – ko‘chada, bino ichida taqish majburiy. Qoida Italiyaning barcha hududlari uchun taalluqli ekani belgilangan.

Belgiya kasalxonalarida, may oyidan beri birinchi marta, Covid-19 bemorlari uchun ajratilgan o‘rinlarning 50 foizdan ortig‘i bemorlar bilan to‘ldi. Mamlakatda infeksiya tarqalishini oldini olish choralari juma kuni kuchga kiradi. Kafe va barlar bir oyga yopildi. Belgiyaliklar o‘zlari bilan bitta tom ostida yashamaydiganlar orasida faqat uch nafar inson bilan yaqin aloqani saqlashlari mumkin. Uyga, uning egalaridan tashqari, bir vaqtning o‘zida ko‘pi bilan to‘rt mehmon tashrif buyura oladi. Kafe va restoranlarning ish vaqti cheklangan. Shuningdek, juma kuni Bryussel bosh vaziri Rudi Vervurtga koronavirus tashxisi qo‘yilgani ma'lum bo‘ldi. Mintaqaviy hukumatning barcha a'zolari o‘zini yakkalash tartibiga o‘tdi.

Germaniya kansleri Angela Merkel juma kuni mamlakatning 11 ta yirik shahri merlari bilan videokonferensiya o‘tkazishni rejalashtirgan. So‘nggi 24 soat ichida mamlakatda 4,5 mingdan ortiq yangi kasallanish holati aniqlandi – bu aprel oyi boshidan beri kuzatilgan eng yuqori ko‘rsatkich. 487 kishi vafot etdi, intensiv terapiya bo‘limlari bemorlar bilan tez sur'atlarda to‘lib bormoqda.

Shu bilan birga, rasmiylar holatlarning keskin ortishini nafaqat pandemiyaning ikkinchi to‘lqini bilan, balki mamlakatda sentyabr oyidan beri testlar ko‘lami sezilarli darajada oshganligi bilan ham bog‘lashmoqda.

Germaniyaning bir qator shtatlari mamlakatning eng ko‘p zarar ko‘rgan mintaqalaridan keluvchi aholi kirishi uchun cheklovlar kiritmoqchi, ular koronavirus uchun testning salbiy natijasini ko‘rsatishi kerak.

Nemis virusologlari kunlik yangi holatlar ko‘rsatkichlari tez orada 10 ming kishiga yetishi mumkinligidan ogohlantirmoqda. Ularning so‘zlariga ko‘ra, kelayotgan bir necha hafta og‘ir bo‘ladi.

Chexiyada 5394 nafar insonda virus topildi, bu o‘tgan hafta ichidagi uchinchi rekord hisoblanadi. Kasalxonalarga yotqizilish statistikasi ham keskin ortgan. Juma oqshomidan boshlab bar, kafe va restoranlar ish soati kechki soat 8 gacha qisqartiriladi. Sport zallari, suzish havzalari va hayvonot bog‘lari esa butunlay yopiladi.

Gaagada karantin choralariga qarshi namoyishda qatnashgan o‘nlab odamlar hibsga olindi. Niderlandiyada kasallikning keskin avj olishi kuzatildi. Mamlakat janubi-sharqidagi Limburg provinsiyasidagi kasalxonalardan birida 20 nafar tibbiyot xodimida koronavirus aniqlangan.

Britaniyadagi vaziyat
Shotlandiyaning ayrim qismlarida juma oqshomidan boshlab qovoqxona va restoranlar yopiladi. Ushbu chora hozircha 25 oktyabrgacha kuchga kiradi, ammo rasmiylar bu muddat uzaytirilishi mumkinligidan ogohlantirishmoqda. Edinburg va Glazgo kabi yirik shaharlar qizil hududga kiritilgan.

Angliya va Uelsning ayrim qismlarida ham dushanba kunidan boshlab mahalliy keskin choralar joriy etiladi. Hozircha ma'lum bo‘lishicha, qovoqxona va restoranlarning faoliyatiga, shuningdek, bitta tom ostida yashamaydigan odamlarning uchrashuvlariga cheklov qo‘yiladi.

Hukumat qolgan qadamlar to‘g‘risida hafta oxirigacha kelishishni va'da qilmoqda. Vazirlar mahkamasi a'zosi Jillian Kiganning so‘zlariga ko‘ra, cheklovlar “Angliya shimolidagi vaziyat nazoratdan chiqib ketayotgani” sababli zarur.

Rasmiylarning fikriga ko‘ra, virus yuqtirish holatlarining 30 foizi umumiy ovqatlanish joylariga to‘g‘ri keladi.

Britaniyada ushbu kasallik bemorlarining umumiy soni yarim million kishidan (564,5 ming) oshgan, 42,6 ming kishi vafot etgan (dunyoda beshinchi va Yevropada birinchi o‘rin).

Shu bilan birga, so‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, Buyuk Britaniya iqtisodiyoti avgust oyida 2,1 foizga o‘sdi. Bu iyun-iyul oylariga qaraganda sekinroq va kutilgan ko‘rsatkichdan kamroq, ammo ekspertlarning fikriga ko‘ra, bu vaziyatda har qanday o‘sish yaxshi belgidir.

Назокат Қаршиева
Tayyorlagan Назокат Қаршиева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid