Jahon | 12:09 / 11.10.2020
23108
3 daqiqa o‘qiladi

Lukashenko hibsdagi muxolifat vakillari bilan uchrashdi

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko shanba kuni mamlakat xavfsizlik qo‘mitasi hibsxonasida muxolifat vakillari bilan uchrashdi. U muxolifat yetakchilari bilan «hammaning fikrini eshitish uchun» uchrashuv o‘tkazgan.

T.ME/PUL_1

Lukashenko bilan bog‘liq xabarlarni tezkor yetkazib boruvchi va prezident matbuot xizmatiga yaqin ekani aytiladigan «Pul pervogo» telegram-kanali uchrashuvga oid suratlar va video e'lon qildi.

«Konstitutsiya ko‘chada yozilmaydi» – bu prezidentning o‘zlarini muvaqqat kengash deb atovchi birlashgan shtab vakillariga murojaati bo‘ldi», deyiladi kanaldagi postda.

Uchrashuv haqida BelTA hukumat axborot agentligi ham xabar berdi. Kadrlardan uchrashuvda 11 kishi, xususan, «Belgazprombank» rahbari Viktor Babariko, uning o‘g‘li Eduard Babariko, muvaqqat kengash a'zosi yurist Liliya Vlasova, muxolifat kengashi koordinatori Yuriy Voskresenskiy bo‘lganini ko‘rish mumkin.

Muvaqqat kengash a'zosi bo‘lgan muxolifatchi Pavel Latushko Lukashenko bu uchrashuv bilan mamlakatda muxolifatchi siyosatchilar qamab qo‘yilganini tan olganini qayd etib o‘tgan.

«Qamoqxonadagi muhokama stoli... Bu shunchaki absurd. Axir qanday qilib konstitutsiya masalasida KGB qamoqxonasida muhokama o‘tkazish mumkin? Lukashenko bugun «muloqot o‘tkazgan» odamlarni siyosiy mahbuslar sifatida tan oldi desak bo‘ladi. Bu holat Lukashenko kuchsizlanayotganini ko‘rsatadi», degan Letushko «Interfaks-Zapad» nashriga.

«Bugungi uchrashuv biz to‘g‘ri yo‘lda ekanimizni ko‘rsatdi. Lukashenko o‘zi qamagan odamlar bilan muhokama stoliga o‘tirishga majbur bo‘ldi. Uning davlatida barchasi darz ketmoqda: iqtisod qulamoqda, bank tizimi ham, harbiy qo‘llab-quvvatlash susaygan, tashqi siyosat og‘ir ahvolda, mamlakatda to‘liq izolyatsiya amalda», degan Pavel Letushko Tut.by saytiga.

GETTY IMAGES

Belarus prezidentlik saylovlaridagi Lukashenkoning asosiy raqibi bo‘lgan Svetlana Tixanovskaya 4 oy ichida ilk marta eri Sergey Tixanovskiy bilan telefonda gaplashganini aytdi. Suhbat har ikki tomon uchun kutilmaganda sodir bo‘lgan.

«Bugungi voqea biz amalga oshirgan bosim natijasi bo‘ldi. Bu uchrashuv bilan Lukashenko oldinroq o‘zi jinoyatchi deb atagan odamlarning siyosiy mahbus ekanini tan oldi. Agar u muloqot xohlasa, siyosiy mahbuslarni tezda ozodlikka chiqarishi kerak. Muloqot qamoqxonada o‘tkazilmaydi. U konstitutsion islohot haqida gapirmoqda, lekin buni faqat bizning namoyishlarni kuchsizlantirish uchun qilmoqda, lekin biz o‘z yo‘limizda sobit turamiz va yangi saylovlarga tinchlik yo‘li bilan erishamiz», degan Tixanovskaya.

Mavzuga oid