Jahon | 20:38 / 12.10.2020
4787
2 daqiqa o‘qiladi

XXI asrdagi aksariyat halokatlar ekstremal iqlim sababli yuz bergani ma'lum qilindi

XXI asrda yuz bergan aksariyat halokatlar ekstremal iqlim bilan bog‘langan. Joriy asr boshidan beri 1,23 mln kishi tabiiy ofatlar olib kelgan halokatlar qurboni bo‘lgan. Bu haqda BMTning ofatlar xavfini kamaytirish masalalari bo‘yicha boshqarmasi ma'ruzasida aytilgan. 

Foto: Getty Images

Ma'ruzada ta'kidlanishicha, 2000 yildan 2019 yilgacha 7348 ta halokat qayd qilingan. Ular 1,23 mln kishining hayotini olib ketgan, 1,63 trln dollar zarar yetkazgan va 4,2 mlrd kishining turmushiga ta'sir qilgan.

Bu orada 1980 va 1999 yillarda 4212 ta halokat tabiiy ofatlar bilan bog‘langan bo‘lgan. Ular oqibatida 1,19 mln kishi halok bo‘lgan, 3,25 mlrd kishi jabr ko‘rgan, 1,63 trln dollar zarar yetkazilgan. 

XX asrning oxirgi 20 yilligi va XXIning ilk 20 yilligida yuz bergan halokatlar orasidagi farq iqlim bilan bog‘liq ofatlar ko‘paygani bilan tushuntirilgan.

Nobop iqlim hodisalari soni 3656 tadan 6681 tagacha ko‘paygan. Bunda aksariyat holatlarda toshqinlar va dovullar yuz bergan. Tabiiy ofatlardan eng ko‘p Osiyo, undan keyin esa Afrika jabr ko‘rgan.

Ayniqsa 2004, 2008 va 2010 yillar vayronkor kelgan. Bu yillardan har birida 200 mingdan ko‘proq odam halokatlar qurboniga aylangan. XXI asrning ilk 20 yilligida yuz bergan eng qirg‘inbarot tabiiy ofat 2004 yilda Hind okeanida yuz bergan sunami bo‘lgan. Uning oqibatida 226 ming 400 kishi hayotdan ko‘z yumgan.   

Ma'lumot uchun, 13 oktabr BMT tomonidan Tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish xalqaro kuni deb e'lon qilingan.

Mavzuga oid