Jahon | 20:41 / 13.10.2020
3326
2 daqiqa o‘qiladi

Dunyodagi eng yirik kitob yarmarkasida bu yil kitoblar namoyish etilmaydi

May oyi oxirlarida kitob yarmarkasining bosh direktori Yurgen Boos yarmarka har doimgidek shaklda o‘tkazilishini, tashrif buyuruvchilar uchun niqob taqish ixtiyoriy bo‘lishini aytgandi. Ammo koronavirus bilan bog‘liq vaziyat keskinlashgach, ko‘plab nashriyotlar yarmarkaga kelmasligini ma'lum qildi.

Foto: Reuters

 Frankfurt xalqaro kitob yarmarkasining yetmish yildan ortiq tarixida ilk bor kitoblar namoyish etilmaydi. Yarmarka pavilonlari yopiq bo‘ladi, faqat nemis televideniyesining birinchi kanali studiyasi joylashadigan birgina pavilon bundan mustasno.

 Bu yerda yozuvchilar ishtirokida taqdimotlar va teleintervyular tashkil etiladi. Ko‘rsatuvlar qat'iy gigiyena talablariga rioya qilgan holda o‘tkaziladi.

Bunga sabab esa – Germaniya va Yevropadagi og‘ir epidemiologik vaziyat. May oyi oxirlarida kitob yarmarkasining bosh direktori Yurgen Boos yarmarka har doimgidek shaklda o‘tkazilishini, tashrif buyuruvchilar uchun niqob taqish ixtiyoriy bo‘lishini aytgandi. Ammo koronavirus bilan bog‘liq vaziyat keskinlashgach, ko‘plab nashriyotlar yarmarkaga kelmasligini ma'lum qildi. Bundan tashqari, uch millionga yaqin kishi tashrif buyuradigan Frankfurt yarmarkasi hududida gigiyena talablariga og‘ishmay amal qilishning imkoni yo‘q.

Yarmarka 14-18 oktabr kunlari bo‘lib o‘tadi. Bu galgi kitob forumida kichik taqdimotlar, yozuvchilar bilan uchrashuvlar, turli anjumanlar o‘tkaziladi.

 Yarmarka davomida 100ga yaqin tadbir o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, tadbirlar internet orqali namoyish etiladi.

Frankfurt xalqaro kitob yarmarkasida har yili yetti mingdan ortiq nashriyot, adabiyot agentliklari, media kompaniyalari, kitob savdosi bilan shug‘ullanuvchi birlashmalar ishtirok etib keladi.

Mavzuga oid