O‘zbekiston | 10:47 / 13.10.2020
17732
15 daqiqa o‘qiladi

Intervyu: shoir Aziz Said she'rni baholovchi mezonlar, 1970-80 yillar ijodkorlari orzusidagi O‘zbekiston va Abduvali Qutbiddin haqida

Kun.uz jamiyat, adabiyot, xususan, o‘zbek jamiyati va adabiyoti masalalariga bag‘ishlangan turkum suhbatlar loyihasini davom ettiradi.

Loyihaning navbatdagi mehmoni o‘zbek she'riyatining yorqin vakillaridan biri, 80 yillar she'riyati maydoniga o‘z ovozi, musiqasi va tili bilan kirib kelgan ijodkor Aziz Said bo‘ldi.

Shoir Kun.uz muxbiri bilan suhbatda o‘zining ijodiy faoliyati, adabiy maqolalari, ijodida uzoq vaqt davom etgan «jimlik» sababi haqida so‘zlab berdi. U shuningdek, ijodkorlar o‘rtasida adabiy do‘stlik, taniqli shoir Abduvali Qutbiddin xotiralari haqida hikoya qildi. 

– Aziz aka, siz bilan suhbatga tayyorgarlik chog‘ida qator she'rlaringiz va adabiy maqolalaringiz bilan tanishib chiqdim. Masalan, «G‘oyibdan do‘st bilan suhbatlar» nomli to‘plamidagi adabiy maqolalaringiz bilan.

Suhbatimizni shu mutolaa asnosida tug‘ilgan bir savol bilan boshlamoqchiman.

Bahslardan birida she'rning darajasi, shoirning qudrati nima bilan o‘lchanishi borasida gap boradi. Siz she'r kuchini, shoir qudratini xalq mehri, sevgisi bilan o‘lchaysiz. Do‘stingiz esa bularni baholash uchun boshqa mezonlar borligi, siz aytgan jihatlar shunchaki yuzaki omillar ekanini aytadi.

Bugun o‘zingizdan so‘ramoqchiman, fikringizcha, she'rning darajasi, shoir qudrati aslida qanday mezonlar bilan o‘lchanishi kerak? Ular qaysi holatda haqiqiy bahosini oladi?

– Aslida, har qanday she'rning bahosi undagi ruh bilan belgilanadi. Chunki shoir she'rini yozish davomida o‘z ruhini unga qanchalik o‘tkazib yoza olgan bo‘lsa va bu ruh tabiiy tug‘ilgan bo‘lsa, she'r uni o‘zida tashiydi. Bu ruh yillar, asrlar davomida shoirning o‘sha lahzadagi holatini, fikrini va iste'dodining bahosini ham o‘zi bilan olib yuradi.

«G‘oyibdan do‘st bilan suhbatlar»da aytilganidek, she'rdagi mashhurlik holatlari ham bor. Biror she'r yoki shoir vaqtincha mashhur bo‘ladi. Ammo davr va vaqt o‘tar ekan, bu mashhurlik boshqa narsalarga tayangani ma'lum bo‘lib qoladi. Natijada o‘sha she'rning o‘rnini boshqalari egallay boshlaydi. Bu xalqning o‘sha paytda she'rni qabul qilish talabi, ruhiy ehtiyojiga bog‘liq bo‘ladi. Bu ehtiyojlar paydo bo‘lgan vaqtda boshqa mushohadalar qilinmaydi.

Masalan, mustaqillikka erishgan dastlabki yillarimizda shoirlarning ichida aytilmagan dardlar vulqonday qaynab yotardi. Bu ozodlik, til, din, tarix, yer, umuman hamma boyliklarimizning dardlari edi. Keyin biz mustaqillikka erishdik va go‘yoki o‘sha boyliklarga eltuvchi yo‘llardan to‘siqlar olindi. Bu turli janr, ohang va hatto gap tarzida po‘rtanadek otilib chiqdi. O‘sha paytda she'rga nisbatan eng yuqori tuyg‘u, ilohiy tasavvurlar borasidagi talablarni qo‘yish xayolimizga kelmadi. Bu vaziyat tabiiy edi. Natijada o‘sha davrda yozilgan she'rlarning mashhurlik davri o‘tib bo‘ldi.

Menimcha, she'rni baholovchi mezonlarni siz bilan biz topib o‘tirishimiz kerak emas.

Kitobni o‘qir ekanmiz, bosh qahramonlar «men» va «u»ning turli masala va mavzularda qiziqarli bahslariga guvoh bo‘lamiz. To‘g‘ri, bu ikki do‘st garchi bir-biriga qarama-qarshi dunyoqarash egalari bo‘lsa-da, nazarimda, ular baribir muallifning o‘zi, ya'ni siz.

Aytingchi, ularning qaysi biri haqiqiy Aziz Saidning “men”i ekan?

– Ha, shunday. Agar ularning qaysi biri haqiqiy Aziz Said desangiz, «men» bu real hayotdagi Aziz Said, «u» esa mening ideal talablarim. «U» bahslarda aytayotgan fikrlar orqali men adabiyot, san'at, she'riyat, jamiyat borasida ko‘rmoqchi bo‘lganlarimni, ideallarimni aytganman.

Yuqorida aytganimdek, «men» bu – reallik. Uning fikrlari, uning talablari o‘sha vaqt, o‘sha davrning talablari.

Albatta, bu juda katta yangilik emas. Insonning o‘zi bilan o‘zi bahslashishi, kurashishi bu azal-azaldan bor. Bu adabiyotda ham bor.

Men ham fikrlarimni to‘liqroq ifodalash uchun shu usuldan foydalanganman.

Yana yuqoridagi fikrimning davomiga qaytaman. She'rni o‘z baholash mezonlari bor. Aytaylik, bugun biror she'rni ijtimoiy tarmoqlarda o‘n yoki ellik minglab odam o‘qidi. Lekin bu o‘sha she'r juda yaxshi yozilganini anglatmaydi. Chunki bu ko‘proq o‘sha she'rning kun tartibidagi mavzu yoki ehtiyojga mos tushgani sababli bo‘lishi mumkin.

Haqiqiy she'rni yillar, asrlar talabidan kelib chiqib baholaydigan bo‘lsak, bunda she'riy san'atlar tushunchasi maydonga keladi. Bu san'atlarning esa o‘z talablari bor.

She'r o‘ta yuksak talablarga javob bera olishi zarur. Hamma she'r ham bu talablarga javob bera olmaydi. Masalan, biror shoirning mingta she'ri bo‘lsa, ulardan 20tasi shu talablarga mos tushar.

Yuqorida aytganimdek, bu yerda eng asosiy narsa – shoirning ruhi va aytadigan fikri.

Abu Ali ibn Sinoning «she'r san'atlari» nomli asari bor. U bu asarida Aristotelning «Poetika»sini sharhlab bergan. Jumladan, kitobda Yunonistonda va Sharqda (arab she'riyati nazarda tutilyapti) she'rdan ko‘zlangan maqsad va talablar tahlil qilinadi. Unda aytiladiki, yunon she'riyatida unda fikr orqali odamlarni tarbiyalash maqsad qilingan bo‘lsa, sharq she'riyatida chiroyli tashbehlar, obrazlar orqali odamlarning his tuyg‘ulariga ta'sir qilish yetakchi o‘rinni egallaydi.

Xuddi shunday haqiqiy she'riyat ham san'at nuqtai nazaridan yuqori bo‘lishi, shuningdek, tashbehlar, insonni hayratlantira olish va kuylanayotgan tuyg‘ularning sofligi jihatidan ham samimiy bo‘lishi kerak.

– 1980-90 yillarda siz bilan tengdosh ijodkorlar ham ijodda, ham ijtimoiy-siyosiy jarayonlarda ancha faol bo‘lishgan.

O‘sha paytlarda bu ijodkorlar vatan, mustaqillik, millat erki kabi mavzularni bayroq qilib ijod qilardi.

Aziz aka, aytingchi, o‘sha davr ijodkorlari aslida qanday O‘zbekiston haqida yozgan edilar? Ya'ni o‘sha payt ziyolilari tasavvur qilgani va hozirgi O‘zbekiston qanchalik o‘xshash yoki farqli?

– Sho‘ro davri deganda faqat 80-yillar tushunilmaydi. Qullik va zulmdan xalos bo‘lish, alohida millat sifatida rivojlanish, bo‘yinda kimningdir bo‘yinturug‘ini his qilmaslikka bo‘lgan harakatlar, ya'ni mustaqillikka intilish jarayoni asrimizning boshidan kelayotgandi. Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Fitrat, Usmon Nosir yoki boshqa jadidlar yoki undan keyin 40-50 yillar ijodkorlari harakatlari misolida gapiryapman. Bu jarayon vijdonli va harakatning mazmunini anglagan ijodkorlar uchun to‘xtamagan.

Men ayrim kishilardan «o‘sha paytda bu kabi g‘oyalarni biz kuylaganmiz, biz gapirganmiz, yozganmiz», degan gaplarni eshitib qolaman. Yo‘q, bizdan oldin ham bu dardlar kuylangan edi. Ular imkoni berilganda ochiq, berilmaganda obrazlar bilan aytilgan.

Davom etadigan bo‘lsak, ozodlik, hurlik, erk g‘oyalari keyinchalik Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Rauf Parfi, Omon Matjon tomonidan ham kuylangan.

Ulardan keyingi avlod: Shavkat Rahmon, Yo‘ldosh Eshbek, Xurshid Davron, Usmon Azim yoki iste'dodi baland, past bo‘lgan boshqa ijodkorlar tomonidan ham yozildi. Qaytaraman, bu ijodkorlarda ham mustaqillik orzusi bor edi, nainki orzu, isyon bor edi. Ular yozgan she'rlarning har bir qatorida bu isyonni sezsa bo‘lardi.

Bu ijodkorlar falsafiy she'r yozadimi yoki tabiat haqidami – o‘sha og‘riqlar ularni baribir qiynayverardi.

Xo‘sh, bu orzular qanday orzu edi? — Bu millat va bir xalq sifatida mustaqil bo‘lish orzusi edi. Butun dunyodagi xalqlar qatori teng bo‘lish istagi edi.

“Kishan kiyma,

Bo‘yin egma,

Ki sen ham hur tug‘ilg‘onsen!” deganda Cho‘lponni mana shu dardlar qiynagan.

Savolingizga javob sifatida yana shuni aytish mumkinki, o‘sha paytda ijodkorlar nafaqat o‘z ijodida, balki butun harakatida mana shu istak bilan yashashardi. Buni eng lirik shoirlarimizning lirik she'rlarida ozodlik dardini turli obrazda sezish mumkin edi.

Hozirgi O‘zbekiston sizlar xohlagan O‘zbekiston edimi, deyapsiz. Biz (butun millat) xohlagan narsa ozodlik tuyg‘usi edi. Lekin bu paytda hali ozod mamlakatning iqtisodiy ishlab chiqarish mehanizmlari tasavvur qilinmagan. Ertaga do‘konlar, qishloq xo‘jaligi qanday bo‘ladi yoki qanday ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi, u odamlarga qanday tarqatiladi, degan narsalar o‘ylanmasdi. Bular juda mayda narsalar. Inson tug‘ilar ekan yashayveradi. Lekin u asosiy narsa – erkinlikdan mahrum edi.

To‘g‘risi, o‘sha paytlarda mustaqillikni yaqin orada bo‘ladi deb ko‘pchilik o‘ylamagan ham bo‘lsa kerak. Lekin mustaqil bo‘ldik. Hech kim buni ta'riflab berolmaydi. Hozirgi mustaqillik, vatan sizga yoqadimi deyish – senga otang, yoki onang yoqadimi deyishday gap.

– Aziz aka, yaxshi bilaman, sizni ham hayotda, ham ijodda, eng yaqin do‘stlaringizdan biri Abduvali Qutbiddin edi (oxirati obod bo‘lsin). Va bu o‘ziga xos katta shoirni bugungi suhbatimizda eslamay o‘tish ham adolatdan bo‘lmaydi. (Shaxsan o‘zim uchun ham buni qarz deb bilaman).

Keling, Abduvali aka bilan bog‘liq xotiralaringizni, do‘stligingizni bir eslasak. («G‘oyibdan do‘st bilan suhbatlar»da ham shoirning ijodiga alohida to‘xtalgansiz)

Shu qatorida yana bir savolga javob bersangiz, o‘zi umuman adabiyotda adabiy do‘stlik qanday bo‘lishi kerak, u ijodkorlarning bir-birini suyashimi yoki ayamay fosh qilishi?

– Yuqorida she'rning darajasini xalq orasida mashhurligi belgilaydimi yoki u o‘zgacha mezonlar bilan o‘lchanadimi, degan savol ustida gaplashgan edik. Abduvali Qutbiddin ham  she'rni haqiqiy san'at darajasiga chiqara olgan, lekin Abduvali Qutbiddin o‘zi munosib bo‘lgan mashhurlikka erishmagan, o‘zi munosib bo‘lgan e'tiborni topmagan shoirdir.

Abduvali Qutbiddin adabiyotimizga Xudoning bir tuhfasi. Uning ijodi hali ham deyarli o‘rganilmadi. Balki, bugungi adabiy fikrlash darajamiz, bugungi o‘lchovlarimiz va o‘zimiz o‘rganib qolgan mushohada qoliplarimiz Abduvali Qutbiddin she'rlariga yetib kelmagandir.

Uning ijodi o‘zbek she'riyatida juda katta yangilik bo‘lgani, bu maydonda katta bir hodisa yuz berib, hali bu hodisa anglanmay turganini hech kim bilmaydi. Sababi uning ijodi shunchaki obrazlar yoki she'riy san'atlarni o‘rganish orqali yuzaga chiqadigan narsalar emas.  

Yuqorida shoir va ijodkorlarning faol emasligi borasida savol berdingiz. Lekin biz ijod qilgan davrlarda faollik faqat she'r orqali bo‘lardi. O‘sha sobiq tuzum davridagi she'rlarni sinchiklab qarab chiqilsa, ularning hammasida katta isyon mavjudligini ko‘rasiz. Shu jumladan, Abduvali Qutbiddin ham sho‘ro davridagi she'rlarida o‘z isyonlarini ajoyib obraz va o‘xshatmalar orqali namoyon etgan.

Masalan, uning 1987 yilda va hali mustabid davrida yozilgan «Shahar» she'rini olaylik.

Shahar

Arvohlar yashaydilar bu shaharda
     Biri Sulton,
     Biri Jallod,
     Biri Shoir.
     Yana uch-to‘rt Qul
Kallayi sahardan (balki zahardan)
     Qizarar osmon.
     Tipratikan yashar bu shaharda
               Bir o‘zi.
Minora tagiga kelib yotadi
     Har choshgoh,
Shoirning yuragi tashlanadi,
Yolg‘iz shoqol yashar bu shaharda,
Minora tagida uvlar,
G‘ingshinadi.
Har oqshom
Shoirning kallasi tashlanadi.
Arvohlar yashaydilar bu shaharda,
     Biri Sulton.
     Biri Jallod,
     Biri Shoir,
     Yana uch-to‘rt Qul.
Ho‘kizday tipratikan yashar,
Xachirday shoqol yashar –
Shaharda…
Shahrixarda…
Shahrinarda…

O‘sha vaqtlarda yozayotgan paytingizda sizning qalamingizni ertaga kimdir kuzatishini, bir ko‘z qarab turganligini his qilardingiz.

Adabiy do‘stlik esa qachonki insonning yuragi bir xil dardni sezsa, bir muammo bilan og‘risa, bir xil narsadan hayratlansa, bir xil narsadan nafratlansa, umuman, ichki dunyosi bir-biriga mos kelsagina paydo bo‘ladi. 

Intervyuning birinchi qismini to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

 Ilyos Safarov suhbatlashdi,
tasvirchi – Nuriddin Nursaidov.

Mavzuga oid