Jamiyat | 13:09 / 13.10.2020
11729
5 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryo viloyati hokimligi Sardobadagi toshqindan keyin chaylada yashayotgan jabrlanuvchilar bo‘yicha izoh berdi

Sirdaryo viloyati Oqoltin tumani hokimligi tumandagi «Besh yuz» qishlog‘ida uy-joy bilan bog‘liq holat yuzasidan tarqalgan xabarlarga munosabat bildirdi.

Foto: Facebook / Sayyora Xo‘jayeva

Sirdaryo viloyati Oqoltin tumani hokimligi tumandagi «Besh yuz» qishlog‘ida uy-joy bilan bog‘liq holat yuzasidan tarqalgan xabarlarga munosabat bildirdi.

«Oqoltin tumanining «Beshyuz» nomli qishlog‘idagi ahvolni o‘rgandik... so‘zlar bilan boshlanuvchi maqoladagi holat yuzasidan tuman hokimi o‘rinbosari A.Ibodullayev hamda «Shodlik» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi U.Allaberdiyev ishtirokida o‘rganish olib borildi.

Dastlab ijtimoiy tarmoqlarda go‘yoki kunning sovuq bo‘lishiga qaramay aholi boshpanasiz istiqomat qilayotganligini aks ettiruvchi suratlar olingan chaylaga borildi.

Haqiqatan ham ayni kunlarda chaylada yashayotgan fuqarolar mavjud bo‘lib, biroq ushbu fuqarolardan nima sababdan talafot ko‘rgan hududlardagi aholi uchun ajratilgan yotoqxonaga joylashmayotganliklari so‘ralganda ular quyidagicha javob berishdi. Jumladan:

Ikrom Imonov – «Uy-joy ko‘tarish niyatida qurilish materiallari olib kelganman, yaqinda qurilishni boshlayman, shu materiallarimni qo‘riqlab o‘tiribman, bola-chaqam qarindoshlarnikida hech qanday shikoyatimiz yo‘q»;

Shuhrat Imonov – «Yaxshi niyatlarda chorva mollari boqyapman, men bularni kimga ishonib tashlab ketaman»;

Boyyigit Mirzayev – «Prezidentimiz tomonidan ajratilgan 40 million so‘mga, talafot ko‘rgan uyimni o‘rnidan uy ko‘taryapman, xudo xohlasa tez kunlarda bitirib olaman, bu yerdagi qurilish materiallariga ham kimdir ko‘z-quloq bo‘lib turish kerakku, endi ayollar tushunib-tushunmay biron nima degandirda, lekin hech qanday shikoyat qiladigan joyimiz yo‘q, qolaversa 1—2 kun ichida yangi qurilgan ko‘p qavatli uy-joylarga ko‘chib o‘tamiz».

Shuningdek O.Pardayev hamda A.Eshbekovning eski hovlisiga borilganda hech kim yashamayotganligi aniqlandi. Qo‘shnilarining guvohlik berishicha ular bu yerda yashamaydi, mahalla markazidagi qarindoshlarinikida turishadi, kunduz kunlari hovli-joyidan tomorqasidan kelib xabar olib-turishadi degan javobni oldik.

Shuni alohida ta'kidlash mumkinki, tuman hokimiyati tomonidan ularga qulay sharoit va 3 mahal issiq ovqat bilan ta'minlangan yotoqxonalardan joy ajratilgan bo‘lib, vaqtincha yashash uchun taklif berilgan, biroq ular mazkur taklifga qat'iy rad javobini bergan holda, o‘zlarining xonadonlari o‘rnida sharoit yaratib yashab kelmoqda. Ushbu holatda mutasaddilarni harakatsizlikda ayblash noto‘g‘ri bo‘lib, asl mohiyatdan kelib chiqib ish tutilishi maqsadga muvofiq hisoblanadi. Zero, ushbu fuqarolarni hech kim bu kabi sharoitda yashashga majbur qilmagan.

Shundan anglasa bo‘ladiki, maqola va suratlarda aks etgan yashash sharoiti ayrim fuqarolar tomonidan o‘z xohishi bilan yaratilgan. Ular e'tibordan chetda qolmagan va qolmaydi ham.

O‘rganishlar davomida ma'lum bo‘lishicha, Oqoltin tumanidagi 3 ta mahallada 3518 («Shodlik» MFYda 1351 ta, «Saxovat» MFY da 725 ta, «Ahillik» MFY da 1442 ta) ta xonadon suv toshqinidan zarar ko‘rgan bo‘lib, shundan 466 («Shodlik» MFY da 375 ta, «Saxovat» MFY da 31 ta, «Axillik» MFY da 60 ta) tasi yaroqsiz, 732 («Shodlik» MFYda 442 ta, «Saxovat» MFY da 173 ta, «Ahillik» MFY da 119 ta) tasi ta'mirtalabligi aniqlangan.

Xususan, yuqorida nomi keltirilgan «Shodlik» mahallasining «Beshyuz» qishlog‘ida 102 ta xonadon, 125 ta oila mavjud bo‘lib ushbu xonadonlarda 425 nafar aholi istiqomat qiladi. Suv toshqini natijasida ushbu hududdagi 86 ta uy-joylarga jiddiy zarar yetkazilgan. Ishchi guruhi tomonidan shakllantirilgan ro‘yxatga ko‘ra dastlabki bosqichda 70ta xonadon butkul talafot ko‘rgan deb topilib, ularga yangi va barcha zamonaviy qulayliklarga ega bo‘lgan ko‘p qavatli uy-joylardan ajratish belgilangan.

Shu jumladan, yuqorida ismlari qayd etilgan fuqarolar yaqin kunlar ichida o‘zlarining yangi xonadonlariga ko‘chib o‘tishlarini ma'lum qilamiz», deyiladi Oqoltin tumani hokimligi axborot xizmati raddiyasida.

Bundan avvalroq Demokratiya va inson huquqlari instituti direktori Sayyora Xo‘jayeva Bolalar ombudsmani Aliya Yunusova bilan Sardoba halokatidan jabr ko‘rgan Sirdaryo viloyati Oqoltin tumani «Besh yuz» qishlog‘iga borib, vaziyatni o‘rgangan, feysbukdagi sahifasida ushbu qishloqdagi odamlarning ayrimlari chaylalarda yashayotgani tasvirlangan suratlarni joylashtirgandi.

Mavzuga oid