Jamiyat | 18:12 / 13.10.2020
10566
2 daqiqa o‘qiladi

Urganchdagi markaziy dehqon bozori achinarli ahvolda. Bosh prokuror mas'ullarga bir hafta muhlat berdi

Foto: Bosh prokuratura

Xorazm viloyatida bo‘lib turgan O‘zbekiston bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev Urganch shahridagi markaziy dehqon bozorida bo‘lib, bu yerdagi ayanchli sanitariya holatiga guvoh bo‘ldi, deb xabar bermoqda idora matbuot xizmati.

«Bozorda koronavirus infeksiyasi munosabati bilan joriy etilgan karantin qoidalariga rioya etilmayapti. Hatto, bozorda sotuvchilar ham, xaridorlar ham oddiygina ijtimoiy masofa saqlash qoidasini pisand qilmaydi. Turg‘un savdo rastalarida sotuvchi va xaridor o‘rtasida polietilen himoya to‘sig‘i ham o‘rnatilmagan. Umuman olganda, bozor ma'muriyati karantin qoidalariga rioya qilish choralarini ko‘rmagan.

Shuningdek, go‘sht va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari sotiladigan savdo rastalari, bu mahsulotlarni saqlash kameralari sanitariya-epidemiologiya talablariga mutlaqo javob bermaydi.

Bozorda sotuvchi va xaridorlarga gigiyenaning hatto birlamchi qoidalariga rioya etish uchun zarur sharoitlar yaratilmagan. Bu boradagi hozirgi ahvol mazkur masala yillar davomida bozor ma'muriyatining e'tiboridan chetda qolib kelganini anglatadi», – deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, bosh prokuror shu yerning o‘zida Urganch shahar hokimi va boshqa mutasaddi idoralar rahbarlariga bir hafta muddatda bozordagi vaziyatni amaldagi qonun va qoidalarga moslashtirish bo‘yicha qat'iy talab qo‘ygan.

«Narx-navoning barqarorligini ta'minlash, ayniqsa, oziq-ovqat mahsulotlarining narxi asossiz oshishiga yo‘l qo‘ymaslik borasidagi vazifalar va ularni ro‘yobga chiqarishga mas'ul bo‘lganlarning javobgarligi yana bir bor eslatib o‘tildi», – deyiladi Bosh prokuratura axborotida.

Mavzuga oid