O‘zbekistonda yagona kulolchilik majmuasi faoliyatini boshlashga tayyorgarlik ko‘rmoqda
Ayni kunlarda Farg‘ona vodiysining eng qadimgi maskanlaridan biri, kulollar yurti deya e'tirof etiladigan Rishtonda O‘zbekistonda yagona bo‘lgan kulolchilik majmuasida so‘nggi pardozlash ishlari ketmoqda. Majmua usta kulollar uchun barcha shart-sharoitlarga ega ustaxona va turarjoylar bo‘lib qolmay, chet ellik sayyohlarning ham sevimli joyiga aylanishi kutilmoqda.
Prezidentimizning 2019 yil 28 noyabrdagi “Hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va hunarmandlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida yurtimizda yoshlar, ayollar hamda aholining kam ta'minlangan qismini milliy hunarmandchilikka keng jalb qilish va shu orqali ularning ish bilan bandligini ta'minlash maqsadida qator tijorat banklari zimmasiga ustuvor vazifalar yuklatilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqov boshchiligida O‘zsanoatqurilishbank tomonidan barpo etilayotgan Rishton kulolchilik majmuasi ham bu boradagi ishlarning amaliy ifodasidir.
Milliy va zamonaviy me'morchilik an'analari uyg‘unlashgan Rishton kulolchilik majmuasi 20 nafar kulol-hunarmand uchun ikki qavatli (shundan birinchi qavati ustaxona va savdo do‘koni) kulolchilik xonadonlari, muzey-galereya va bank xizmatlari markazini o‘z ichiga oladi.
1,1 gektar yer maydonidan iborat majmuani barpo etishda O‘zsanoatqurilishbank qoshidagi “SQB Capital” kompaniyasi tomonidan 19 mlrd so‘mlik bunyodkorlik ishlari bajarildi. E'tiborlisi, majmuani barpo etish jarayonida rishtonlik hunarmandlar, xususan, usta kulollar bilan kengashib ish olib borildi. Natijada har bir turarjoy o‘ziga xos me'moriy yechimga, ta'bir joiz bo‘lsa, me'morlarning dastxatiga ega bo‘ldi.
Majmua ishga tushirilishi bilan 230 ga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratilishi hamda hunarmandlar tomonidan yaratilgan nodir mahsulotlar xorijga eksport qilinishi ko‘zda tutilgan. Ayni paytda majmuadagi ko‘rgazma-muzey milliy amaliy san'atimiz namunalari bilan tanishish, qolaversa, kulolchilik asarlarini yaratilishini kuzatish imkoniyati Rishtonning sayyohlik salohiyatini oshishiga ham xizmat qiladi.
Shu bilan birga ayni kunlarda majmuaga yondosh “Xo‘ja Rushnoiy” tarixiy yodgorligi majmuasi ham O‘zsanoatqurilishbank homiyligida kapital ta'mirlanib, obodonlashtirish ishlari nihoyasiga yetkazilmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, O‘zsanoatqurilishbank tomonidan barpo etilayotgan Rishton kulolchilik majmuasi hamda tiklanayotgan “Xo‘ja Rushnoiy” tarixiy yodgorligi milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylashga, kerak bo‘lsa, yanada sayqal topgan holda kelajak avlodga yetkazilishiga, dunyo xalqlarini xalqimizning betakror ma'naviy olami bilan tanishtirishga xizmat qiladi.
Bank Axborot xizmati
Mavzuga oid
23:15 / 28.03.2023
Asakabank va O‘zsanoatqurilishbank kapitaliga xorijiy investitsiyalar jalb etiladi
14:10 / 31.10.2022
“O‘zsanoatqurilishbank” xodimlari uchun Tracker-2 va Equinox mashinalari xarid qilinadi
20:00 / 23.12.2021
Toshkentda Tadbirkorlar maktabi ochildi
12:00 / 03.12.2021