O‘zbekiston | 16:48 / 17.10.2020
30067
2 daqiqa o‘qiladi

Mutaxassis semizlik tashxisi bor bemorlarda koronavirus nima uchun og‘ir kechayotganini aytdi

To‘qimalar va organlarda ortiqcha yog‘ borligi semizlik deyiladi. Bu dard sog‘liqni saqlash sohasidagi eng jiddiy muammolardan biri bo‘lib, u tufayli yuzaga kelgan kasalliklardan har yili taxminan 2,5 million kishi bevaqt vafot etadi. Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a'zosi Barno Abdusamatova shu haqdagi savolga javob berdi.

Foto: Getty Images

«Olimlarning ta'kidlashicha, tana vaznidan ortiqcha har 10 kilogramm insonning umr ko‘rish muddatini 3 yilga qisqartiradi. Semizlikning bir necha turlari bor: birlamchi, gipotalamo va endokrin. 

Birlamchi semizlik tez-tez ortiqcha yegulik yeyish bilan va zarur jismoniy faoliyat yo‘qligi bilan rivojlanadi. Gipatalomo semizlik miyaning gormonlar ishlab chiqarishi buzilganda rivojlanadi. Endokrin semizlik organizmdagi bezlar buzilishi fonida shakllanadi», - dedi Barno Abdusamatova AOKAda o‘tkazilgan brifingda.

U semizlik natijasida kelib chiqadigan kasalliklar haqida gapirdi.

«Semizlik natijasida bir qator kasalliklar kelib chiqadi: qandli diabetning 2-turi, saraton, og‘ir yurak qon tomir kasalliklari, tomirlarning varikoz kengayishi, qo‘shma kasalliklar va boshqalar. Ushbu davrda organizmda modda almashinuvi buziladi. 

Semizlik tashxisi bor bemorlar koronavirusga chalinsa, ularning hamroh kasalliklari ham zo‘rayadi va organizmning kurashish qobiliyati susayadi. Ular bunday davrda barcha infeksiyalarni yuqtirishga moyil bo‘lib qoladilar. Shuning uchun bunday bemorlarda kasallik ko‘pincha og‘ir kechadi», - dedi shtab a'zosi.

Mavzuga oid