Jahon | 23:45 / 19.10.2020
13376
11 daqiqa o‘qiladi

Dunyodagi vaziyat: Italiyada yangi cheklovlar kiritilmoqda, britaniyaliklar bahslashmoqda, antitananing umri uzunroq bo‘lishi mumkin

AQShning Jons Hopkins universiteti ma'lumotlariga ko‘ra, dushanba kuni yer yuzi bo‘ylab Covid-19’ning rasmiy qayd etilgan holatlari soni 40 milliondan oshdi, qurbonlar soni 1,1 milliondan ko‘proqni tashkil etmoqda. 

Foto: AP/TASS

Test olishdagi farqlar va ko‘plab mamlakatlarda aholining barcha qatlamlari ham test topshirish imkoniyatiga ega emasligi hisobga olinsa, haqiqiy raqamlar ancha yuqori bo‘lishi mumkin. 

AQSh, Braziliya va Hindiston bu qayg‘uli statistikada hamon yetakchi bo‘lib qolmoqda. 

Yevropada kasallanishning ikkinchi to‘lqinini boshdan kechirayotgan mamlakatlar alohida hududlarda karantin choralari joriy etish orqali umumiy lokdaunga zarurat tug‘ilishining oldini olishga harakat qilmoqda. 

Ayni shu vaqtda Avstraliyada Viktoriya shtati 100 kundan ortiq davom etgan lokdaundan keyin qat'iy choralarni ehtiyotkorlik bilan yumshatmoqda. Xitoy esa pandemiya ta'siridan qutilganini ma'lum qildi, yangi ko‘rsatkichlar iqtisodiy o‘sishni ko‘rsatyapti. 

Italiya bosh vaziri: «Yaqinlaringiz bilan uchrashuvda ehtiyotkorlikni unutmang»

Dushanba kunidan Italiyada koronavirusni jilovlash choralari kuchaytirildi. Shaharlar merlariga jamoat joylarini soat 21:00da yopish huquqi berilgan. Restoranga tashrif buyuruvchilar guruhi olti kishigacha qisqartirildi va soat 18: 00dan keyin ularda faqat stolda o‘tirgan xo‘randalar uchun xizmat ko‘rsatiladi. Katta sinf o‘quvchilari o‘quv kunini kechroq boshlashadi, konferensiya va festivallar qoldiriladi va bevosita aloqani talab etadigan sport turlari to‘xtatiladi. 

Yakshanba kuni Italiyada koronavirusdan zararlanish bilan bog‘liq 11 ming 705ta yangi holat qayd etildi. Avvalgi rekord bir kun avval, shanba kuni kuzatilgan (10 925ta holat). Pandemiya boshida Italiya eng ko‘p aziyat chekkan davlatlardan biri edi - Yevropa mamlakatlari orasida o‘lim holatlari soni bo‘yicha faqatgina Buyuk Britaniya oldinda.

Bosh vazir Juzeppe Konte yakshanba kuni televizor orqali xalqqa niqob kiygan holda murojaat qildi. U yangi umumiy lokdaundan qochish istagida ekanini aytdi va barchani o‘ziga bog‘liq bo‘lgan majburiyatni unutmaslikka chaqirdi.

«Eng sodda choralar hanuz eng samarali bo‘lib qolmoqda: niqoblar, masofa saqlash va qo‘llarni yuvish. Biz bo‘shashib, ehtiyot bo‘lishni unutadigan vaziyatlarga alohida e'tibor qaratishimiz kerak: oila va do‘stlar davrasida ehtiyot bo‘ling», dedi bosh vazir. 

Avstraliyada qat'iy karantin nihoyasiga yetdi
Avstraliyaning Viktoriya shtati 100 kundan ortiq davom etgan qattiq lokdaundan asta-sekin chiqmoqda.

Dushanba kunidan boshlab shtat poytaxti Melburnda yashovchilar o‘z uylaridan 25 km masofagacha harakatlanishlari, ikki xil uyda yashovchilarning 10 kishigacha bo‘lgan guruhlarda uchrashishlari mumkin bo‘ladi. Shuningdek, piyoda yurish vaqtiga bo‘lgan cheklovlar olib tashlandi, sartaroshlik xizmatlari va tennis kortlari ochildi. Shtatning boshqa shaharlarida mehmonga borish qoidalari ham o‘zgargan: mehmonlar soni ikki katta yoshli va ikki nafar bolagacha. 

Shu bilan birga, restoranlar hali ham faqat olib ketish uchun taom tayyorlashi mumkin, ko‘plab do‘konlar va xizmat ko‘rsatish sohasidagi korxonalar yopiqligicha qolmoqda. 

Viktoriyada qat'iy karantin yozda joriy etilgan. Ayniqsa, shtat markazi Melburnda choralar juda qattiq edi. Bularga tungi komendantlik soati va qoidalarni buzganlarga minglab dollar miqdorida jarimalar kirgan. Ikkinchi to‘lqinning eng yuqori cho‘qqisi kuzatilgan avgust oyida shtat bo‘ylab kuniga 687ta yangi holat qayd etilgan -  hozirda bu ko‘rsatkich 4tagacha kamaydi. 

Yoz o‘rtalariga qadar Avstraliya koronavirusning tarqalishi bilan muvaffaqiyatli kurashdi, ammo faqatgina iyul oyida pandemiya boshlanganidan beri mamlakatdagi virus yuqtirib olgan bemorlar soni birdan ikki baravarga oshdi - bu Viktoriyadagi vaziyat tufayli. 

Varshavadagi stadionda dala gospitali ochildi

Polsha hukumati Varshavadagi milliy stadion hududida dala gospitali ochilganini ma'lum qildi, bu yerda Covid-19 bemorlari uchun 500 o‘rin tayyorlangan.

Yakshanba kuni ushbu mamlakatda kunlik kasallanish holatlari soni 8,5 mingga chiqdi, bir oy muqaddam bu raqamlar 800ga teng edi.

Polshalik shifokorlar tibbiy xodimlar, koykalar va maxsus jihozlar yetishmovchiligidan shikoyat qilishmoqda. Hukumat fuqarolardan uyda qolishni so‘ramoqda. Basseynlar va sport zallari yopilgan, restoranlarda ish vaqti cheklangan.

Britaniya: Manchester meri hukumat bilan bahslashmoqda, Uelsda lokdaun

Britaniyada hukumat va Manchester meri o‘rtasida shahar va uning atrofida cheklovlar joriy qilish masalasida bahslashuv davom etmoqda.

Mahalliy rasmiylardan biri - Uy-joy va mahalliy boshqaruv vaziri Robert Jyenrik BBC uchun bergan intervyusida Manchester ma'murlari bilan kelishuvga erishish arafasida turilganini aytib, bu bahs odamlarning hayotiga zarar yetkazishi mumkinligini qayd etib o‘tgan.

O‘tgan haftada bosh vazir Boris Jonson epidemik vaziyat og‘ir bo‘lgan Manchesterda «uchinchi darajali» cheklov choralari joriy etilishi zarurligini aytib o‘tgandi. Bu choralar mehmonga borishni taqiqlash va qator sohalardagi muassasalarni yopishni ko‘zda tutadi. Ammo Britaniya hukumati bu borada yakuniy qaror qabul qilishni mahalliy rasmiylarga qoldirgani tufayli Manchester meri Endi Bernem hukumatga o‘z shartlarini qo‘yishi mumkin bo‘lmoqda.

Mer hukumatdan Manchester aholisining cheklov choralari tufayli ishga bora olmaydigan qismi uchun maoshlarning 80 foizini to‘lab berishni talab qilmoqda. Britaniyada pandemiyaning ilk davrida shunday sxema yo‘lga qo‘yilgandi va yaqin vaqtlargacha amal qilayotgandi. Hozirda hukumat karantin kiritilayotgan mintaqalarning mahalliy budjetlariga bir martalik yordam taklif qilmoqda, ammo Manchester meri buni yetarli emas deb hisoblamoqda.

Bu vaqtda Uels mahalliy rasmiylari 23 oktyabrdan lokdaun joriy etilishi va bu cheklovlar 9 noyabr kuniga qadar amal qilishi haqida ma'lum qildi. Bu maktablar uchun uzaytirilgan ta'til bo‘ladi. Odamlar uyida qolishi mumkin, oziq-ovqat do‘konlaridan boshqa savdo shoxobchalari xuddi restoranlar va pablar kabi yopiladi.

Olimlar: Covid-19’ga qarshi immunitet ko‘proqqa yetishi mumkin

Koronavirusdan zararlangach paydo bo‘ladigan antitana bemor tanasida ko‘p ehtimol bilan bir necha oy qoladi. AQShning Arizona shtatidagi universitet xodimlari shunday xulosaga kelishgan.

Tadqiqotda koronavirusga chalingan bemorlardan 6000 nafarga yaqini ishtirok etgan, ularning deyarli barchasida kasallanishdan besh va yetti oydan keyin ham virusni bartaraf qiluvchi «yuqori sifatli» antitana bo‘lgan.

Hamon antitana koronavirusga qarshi immunitetni kafolatlashi haqida aniq dalillar mavjud emas. Ammo bu tadqiqot antitana kasallanib chiqqan odam organizmida bir necha oydan uzoqroq qolmasligi haqidagi xavotirlarni aritmoqda.

Xitoy sayyorada hammadan oldinda
Keng miqyosli karantin va qat'iy cheklovlarning afzalliklari Xitoy tomonidan yana bir bor namoyish etildi.

Eng so‘nggi statistika shuni ko‘rsatdiki, Xitoy iqtisodiyoti – dunyoda Amerika va Yevropadagidan keyin uchinchi o‘rinda – dunyoning aholisi eng ko‘p mamlakati koronavirus epidemiyasini o‘z vaqtida jilovlashga muvaffaq bo‘lgani va maydayoq odatiy hayot tarziga qaytgani tufayli iqtisodiy o‘sishga erishmoqda, bu vaqtda esa G‘arb davlatlari ikkinchi to‘lqin bilan kurashib, iqtisodiy faollashuv pasayishiga tayyorlanishmoqda.

Xitoy rasmiylari dushanba kuni mamlakat iqtisodiyoti iyul-sentabr oylarida qariyb 5 foizga o‘sgani, o‘tgan chorakdagiga (aprel-iyun) nisbatan o‘sish 3,2 foizni tashkil qilishi haqida ma'lum qilishdi. Shu tariqa, Xitoy birinchi chorakdagi pasayishning o‘rnini to‘ldirib olmoqda (o‘shanda ushbu mamlakat dunyoda birinchi bo‘lib Covid-19 zarbasini qabul qilib olgan va iqtisodiyoti 6,8 foizga qulagandi).

Xitoyda bir necha oydan buyon koronavirusdan kasallanish holatlari juda kam miqdorda qayd etilmoqda, ishlab chiqarish ham, iste'mol ham inqirozgacha bo‘lgan darajaga qaytmoqda. Xitoyliklar emin-erkin do‘konlarga, ishga borishmoqda, butun mamlakat bo‘ylab safarlarga chiqishmoqda: oktabr oyidagi bayram haftasida 637 mln safar amalga oshirildi – bu o‘tgan yildagidan atigi 19 foizga kamroq.

Xitoy iqtisodiyotidagi tiklanish boshqa mamlakatlar uchun ham, ayniqsa, xitoylik iste'molchilarga mashinalar va qurilmalar sotuvchi Germaniya uchun, shuningdek, neft, gaz va rudalar ishlab chiqaruvchilar uchun yaxshi yangilikdir.

Bunday temp bilan Xitoy virusli 2020 yilni o‘sish bilan yakunlaydigan sayyoradagi eng yirik iqtisodiyotga ega davlatga aylanishi mumkin. Mamlakat markaziy banki yil yakunlariga ko‘ra 2 foizlik o‘sishni prognoz qilmoqda, bu odatdagidan ikki barobar pastroq bo‘lsada nisbatan yaxshi natija: dunyo iqtisodiyotidagi umumiy pasayish esa, Xalqaro valuta jamg‘armasining o‘tgan haftadagi prognozlariga ko‘ra 4,4 foizga teng bo‘lishi kutilmoqda.

Germaniya shamollatish tizimlarini yaxshilamoqda

Germaniya hukumati mamlakatdagi jamoat binolarini shamollatish tizimi bilan ta'minlash uchun 500 mln yevro ajratmoqda.

Hukumat grantlari ofislar, muzeylar, teatrlar, universitetlar va maktablarda havo aylanishini yaxshilashga yo‘naltiriladi.

Sentabr oyi oxirida yopiq binolarning ventilyatsiya tizimlarini yaxshilash masalasi Germaniya hukumatining koronavirus tarqalishiga qarshi kurashishga yo‘naltirilgan tavsiyalari ro‘yxatiga kiritilgandi.

Tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, Covid-19 bemori yopiq binoda aksirsa yoki yo‘talsa, mayda zarralar havoda sakkiz daqiqagacha muallaq turadi. Yilning sovuq vaqtida esa odamlar ko‘p vaqtni yopiq binolarda o‘tkazishadi, shu tufayli bunday hududlarda ventilyatsiya muhim.

Назокат Қаршиева
Tayyorlagan Назокат Қаршиева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid