Jahon | 00:05 / 19.10.2020
16618
2 daqiqa o‘qiladi

Shimoliy Kiprda prezident saylovlari g‘olibi e'lon qilindi 

Foto: AP

Shimoliy Kipr Turk respublikasidagi prezident saylovlarida bosh vazir Ersin Tatar g‘alaba qozondi. 

Anqara va Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an tomonidan qo‘llab-quvvatlanuvchi Tatar saylovlarning 2-bosqichida barcha byulletenlar hisoblab chiqilgach, 51,74 foiz ovoz to‘plagani qayd qilingan. Amaldagi prezident Mustafo Akinjiga esa 48,26 foiz saylovchilar o‘z ovozini bergan.

Milliy birdamlik partiyasi tarafdorlari Tatarning g‘alabasini nishonlashga tushib ketishgan. 

Kipr matbuoti Tatarni “Erdo‘g‘anning odami” deb ataydi. Erdo‘g‘an Tatarni saylovlar oldidan ochiqchasiga qo‘llab-quvvatlagan.  

Saylovlar 1-turdagidan yuqoriroq ishtirok bilan o‘tgan. Saylov uchastkalari yopilishidan bir soat oldin jami saylovchilarning 61 foizi ovoz berib bo‘lgan. Bir hafta avval o‘tgan 1-bosqichda 58 foiz saylovchilar ishtirok etgan. Ularda hech bir nomzod 50 foizdan ko‘p ovoz to‘play olmagan. Ersin Tatar 32,35 foiz, Mustafo Akinji 29,24 foiz, sobiq bosh vazir To‘fon Erhurman 21,68 foiz ovoz olgan. Hal qiluvchi saylov oldidan esa ikki nomzod – amaldagi prezident va bosh vazir qolgandi.

Tatar Kiprda ikki davlat – Kipr va Shimoliy Kipr bo‘lishini qo‘llab-quvvatlaydi. 

Kipr 1974 yilda ikkiga bo‘linib ketgan. O‘rta Yer dengizi havzasidagi katta davlatlar doim strategik muhim orol hisoblanuvchi Kiprni nazorat qilishga urinib kelgan. Orolning shimoliy qismi esa aynan 1974 yilda Turkiya askarlari tomonidan egallangan. 1983 yilda bu hududda Shimoliy Kipr Turk respublikasi davlati tuzilgani e'lon qilingan. Biroq bu davlatni faqat Turkiya tan oladi.

Mavzuga oid