Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Dunyodagi vaziyat: Britaniyada vaksina ko‘ngillilarda sinalmoqda, Yevropaning qator davlatlarida antirekordlar
Dunyoda Covid-19’dan zararlanganlar soni 40,7 mln kishiga yetdi, shu vaqtgacha 30,4 mln kishi sog‘aygan, 9,2 mln kishi davolanmoqda, shundan 73 mingdan ortiq kishi og‘ir ahvolda shifoxonalarda qolmoqda. 1 mln 125 ming bemor vafot etgan.
AQShda, Yevropa mamlakatlari va Rossiyada vaziyat og‘irligicha qolmoqda. Hindiston va Avstraliyada kasallik tarqalishi pasaygan, Xitoy esa o‘z iqtisodiyoti tiklanganini e'lon qilmoqda.
Davlatlarning sog‘liqni saqlash vazirliklari noyabr oyining ikkinchi yarmida pandemiyaning ikkinchi to‘lqini o‘z cho‘qqisiga yetishini taxmin qilmoqda.
Hukumatlar hozircha biznesga zarar yetkazishdan tiyilib, alohida hududlarda karantin choralari qo‘llash bilan kifoyalanishmoqda, barcha davlatlar tez orada ommaviy vaksinatsiya boshlanishiga umid qilishmoqda.
Britaniyalik ko‘ngillilar o‘z xohishi bilan virus yuqtirishadi
18-30 yosh oralig‘idagi 90 nafar britaniyalik koronavirusga qarshi sinovdagi vaksinani qabul qildi, keyin ularga burun orqali virus yuqtiriladi - tibbiyot xodimlari bu orqali vaksina chindan kasallikdan himoyalashini tekshirishmoqchi.
Yanvar oyiga rejalashtirilgan ushbu tadqiqot dunyoda shu turdagi birinchisi bo‘ladi.
Tajriba ishtirokchilari xavfsizligini ta'minlashga alohida e'tibor qaratilmoqda, shuningdek, ularning yoshligi va doimiy nazoratda bo‘lishi ham bunga qo‘shimcha kafolat bo‘lib xizmat qilishiga ishonch bildirilmoqda.

«Ma'lum qo‘zg‘atuvchi bilan qasddan zararlash - hamisha ham oson bo‘lmagan qarordir. Ammo bunday tadqiqot juda ko‘p ma'lumot berishi mumkin. Bunday tadqiqot o‘tkazilishiga chindan ehtiyoj bor, Covid-19 dan da'volovchi samarali vaksinaga va da'volash usullariga imkon qadar tezroq erishishimiz zarur», degan professor Piter Opensho.
Dasturning yana bir yetakchi ishtirokchisi, London Imperial kolleji vakili bo‘lgan doktor Kris Chu uning jamoasi qariyb 10 yildan buyon boshqa viruslarga qarshi kurashish bo‘yicha shu kabi tajribalarni o‘tkazib kelishi va bu tajribalar jiddiy oqibatlarga olib kelishi kuzatilmaganini qayd etib o‘tgan.
«Xavf-xatardan xoli bo‘lgan birorta tadqiqot bo‘lmaydi, ammo biz hamkorlarimiz bilan buni minimum darajaga tushirish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solganmiz», degan u.
Hukumat tadqiqot uchun 33,6 mln funt (43,5 mln dollar atrofida) miqdorida mablag‘ ajratgan.
Qayg‘uli rekordlar
Argentina AQSh, Hindiston, Braziliya, Rossiya va Ispaniya ortidan koronavirus bilan zararlanganlar soni millionlik nuqtadan o‘tgan oltinchi davlat bo‘ldi. Dushanba kuni bu davlatda 13 mingga yaqin yangi kasallanish holatlari qayd etilgan.
Fransiyada intensiv terapiya palatalaridagi Covid-19 bemorlari soni may oyidan buyon ilk marta ikki mingdan oshdi. Parijda va unga yaqin departamentlardagi mavjud reanimatsiya koykalarining yarmidan oshig‘i to‘lgan. Fransiya dunyoda kasallanish holatlari soni bo‘yicha 8-o‘rinda (910 ming holat), o‘lim holatlari soni bo‘yicha esa 9-o‘rinda (33,6 ming holat) joylashgan.

Chexiyada oktabr oyi boshidan buyon koronavirusdan halok bo‘lganlar soni undan oldingi sakkiz oy ichida vafot etganlar sonidan ko‘proq bo‘ldi. Ushbu mamlakat aholining har 100 ming nafariga nisbatan kasallar soni ko‘pligi bo‘yicha Yevropada birinchi o‘ringa chiqqan.
Juma kuni ushbu mamlakatda kunlik kasallanish holatlari soni bo‘yicha pandemiya boshidan buyon eng yuqori ko‘rsatkich qayd etildi - 11,1 ming holat. Chexiyadagi barlar, restoranlar, sport klublari va kinoteatrlar o‘tgan haftadayoq yopilgandi. Yakshanba kuni Pragada 2 ming chog‘li futbol muxlislari karantin choralariga qarshi bo‘lib, politsiyachilar bilan mushtlashuv uyushtirishdi.
Ukrainada 19 oktabr kuni yana 5469 kishida kasallik aniqlandi va bemorlarning 113 nafari vafot etdi. Avvalgi antirekord 18 oktabr kuni qayd etilgandi - 4766 kasallanish holati va 109 o‘lim. Pandemiya davrida ushbu mamlakatda jami 309,1 ming kishi kasallangan, qariyb 5800 kishi vafot etgan. Eng og‘ir vaziyat Kiyev, Xarkov va Lvov oblastlarida kuzatilmoqda.
Belgiya: to‘lqin emas, sunami
Belgiya hukumati pandemiyaning ikkinchi to‘lqiniga to‘lqin emas, sunami sifatida qaramoqda. «Hukumat ro‘y berayotgan hodisani nazorat qila olmayapti», dedi ushbu qiyoslash muallifi, mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri Frank Vandenbryukke.
9-16 oktabr kunlari kunlik kasallanish holatlarining o‘rtacha darajasi undan oldingi haftadagiga qaraganda 79 foizga oshdi. 13 oktabr kuni pandemiya davridagi milliy rekord qayd etilgandi - 12 ming 51 holat.

Covid-19 qurbonlarining aholi soniga nisbati bo‘yicha Belgiya dunyoda Peru va karlik davlat hisoblanmish San-Marinodan keyingi uchinchi o‘rinda turadi.
Dushanba kuni holatiga ko‘ra klinikalarda 2485 nafar bemor bor edi. Agar shu tendensiya saqlanib qolsa, mamlakatdagi koykalar zaxiralari noyabr oyi o‘rtalariga borib tugab qoladi.
Mamlakatdagi barcha barlar va restoranlar dushanba kunidan to‘rt hafta muddatga yopilmoqda.
Frank Vandenbryukke Bryusseldagi va mamlakat janubidagi vaziyatni Yevropada kuzatilayotgan eng og‘ir holat sifatida baholagan.
Manchester Liverpul ortidan
2,8 million aholiga ega bo‘lgan Katta Manchesterda hukumat qarori bilan koronavirus xavfi bo‘yicha «uchinchi darajali» holat kuchga kiradi. Bosh vazir Boris Jonson seshanba kungi matbuot anjumani vaqtida yangi rejim 23 oktyabrga o‘tar kechasi amal qila boshlashini ma'lum qildi.
Bu choralar ovqatlanish shoxobchalari, sportzallar va qator ko‘ngilochar maskanlar yopilishini, shuningdek, bir tom ostida yashamaydigan insonlar o‘rtasida yaqin muloqot bo‘lishini taqiqlashni ko‘zda tutadi.

Bungacha Angliyada faqat Liverpul hamda Mersisayd grafligi atrofidagi hududlarda shu kabi choralar kuchga kirgandi.
Manchesterning leyboristlarga mansub bo‘lgan meri va shahar kengashi 10 kun davomida «uchinchi daraja»ga o‘tishga qarshilik qildi va Londondagi hukumatdan karantin tufayli ishsiz qoladigan aholiga ish haqining 80 foizi miqdorida to‘lovlar amalga oshirishni talab qildi.
Tomonlar bir-birini masalani siyosiylashtirishda ayblab kelishdi va seshanba kuni ham moliyaviy yordam bo‘yicha muzokaralar natijasiz tugadi.
Birlashgan Qirollikda so‘nggi uch hafta mobaynida kunlik kasallanish holatlari soni 4 mingdan 16 mingga ko‘tarilgan. Ayni vaqtda bahorda yopilgan «Naytingeyl» dala gospitallari qaytadan ochilmoqda.
Seshanba kuni Britaniyada 21331 zararlanish holati qayd etilib, 241 kishi halok bo‘ldi.
Pandemiya boshidan buyon Birlashgan Qirollikda jami 740 ming kishi virusdan zararlandi, 43,7 ming kishi vafot etdi - bu Yevropadagi eng yuqori raqamlar.
Dunyoda yana nimalar bo‘lmoqda
Hindistonda kunlik kasallanish holatlari soni iyul oyidan beri ilk marta 50 mingdan kamroq bo‘ldi.
Irlandiya, Italiyadagi Lombardiya, Ispaniyadagi Navarra va Bavariya yeridagi Berxtesgadener tumanida ikki haftalik qat'iy karantin boshlandi. Bu hududlar aholisiga uydan faqat ishga hamda hayot uchun zarur bo‘lgan mahsulotlar xarid qilish maqsadida chiqishga ruxsat beriladi.
Uels birinchi vaziri Mark Dreykford BBC uchun bergan intervyusida karantin maksimal darajada qat'iy va qisqa muddatli bo‘lishi kerakligi, bu orqali iqtisodiyot va insonlar ruhiyatiga zarar minimum darajada bo‘lishiga erishish mumkinligini aytib o‘tgan.
Dushanba kuni Uelsda umumiy ovqatlanish shoxobchalari va oziq-ovqat mahsulotlari sotilmaydigan do‘konlarning aksar qismi yopilgandi, maktab o‘quvchilari esa ta'tilga chiqqan.
Polshadagi Qonun va adolat partiyasi yetakchisi Yaroslav Kachinskiy dushanba kunidan karantinga ketdi, u virusga chalingan bemor bilan muloqotda bo‘lgani ma'lum bo‘lgan.
Londondagi Hitrou aeroportidan Italiya va Hongkongga uchuvchi yo‘lovchilarga seshanba kunidan reysni ro‘yxatga olish vaqtida test topshirish taklif qilinmoqda. Bunda natija bir soat ichida tayyor bo‘ladi. Test topshirish narxi - 80 funt (105 dollar atrofida). Bu amaliyotni barcha reyslarga tatbiq etish rejalashtirilmoqda.
Mavzuga oid
10:06 / 16.02.2023
Koviddan keyingi sindrom bir necha oy ichida o‘zini namoyon qilishi mumkin - mutaxassis
03:31 / 16.02.2023
Koronavirusning kelib chiqishi bo‘yicha JSST surishtiruvi to‘xtab qoldi
10:02 / 31.01.2023
JSST pandemiya tugaganini e’lon qilishiga ayrim hududlardagi vaziyat to‘sqinlik qilmoqda
23:06 / 16.01.2023