Jahon | 14:22 / 20.10.2020
18159
2 daqiqa o‘qiladi

Tixanovskaya kuch ishlatar tuzilmalarni 25 oktyabrgacha xalq tarafiga o‘tishga chaqirdi

 Tixanovskaya «yangi Belarusga» kuch tuzilmalari tizimi kerakligini aytarkan, ularning xodimlariga muxolifat bilan aloqaga chiqishni taklif qildi.

Foto: DPA

Belarus prezidentligiga sobiq nomzod Svetlana Tixanovskaya kuch ishlatish tuzilmalari xodimlarini 25 oktyabrgacha xalq tarafiga o‘tishga chaqirdi.

«Xalq ultimatumi – bu sizning belaruslar tarafida turishga imkoniyatingiz. Agarda jinoiy buyruqlarni bajarishga rozi bo‘lmasangiz - bajarmang», - deyiladi Tixanovskayaning telegram-kanalidagi murojaatida.

 U «javobgarlik shaxsan jinoyat sodir etganlar zimmasida bo‘lishi»ga va'da berdi.

Tixanovskaya «yangi Belarusga» kuch tuzilmalari tizimi kerakligini aytarkan, ularning xodimlariga muxolifat bilan aloqaga chiqishni taklif qildi.

Belarusda 9 avgustdan buyon prezident saylovi natijalaridan norozi bo‘lganlarning namoyishlari davom etmoqda. Saylovda amaldagi prezident Aleksandr Lukashenko g‘alaba qozonganligi e'lon qilingandi. Muxolifat saylov natijalarini tan olmadi va natijalar soxtalashtirilgan deb hisoblamoqda.

Lukashenkoning saylovdagi asosiy raqibi Tixanovskaya saylovdan bir necha kun o‘tgach Litvaga ketishga majbur bo‘ldi. Tixanovskaya 13 oktyabrda Lukashenkoga ultimatum qo‘ydi: u 25 oktyabrgacha lavozimini tark etishi lozim, aks holda mamlakatda «milliy ish tashlash boshlanadi».

Mavzuga oid