O‘zbekiston | 08:20 / 20.10.2020
16996
5 daqiqa o‘qiladi

Video: Bir necha yuz o‘zbekistonlik Abxaziya chegarasida tunamoqda. TIV ular vatanga qaytarilishini aytgandi

Tashqi ishlar vazirligi pandemiya sababli Abxaziyada qolib ketgan 400ga yaqin vatandoshlarning birinchi guruhi oktabr boshida O‘zbekistonga qaytarilishi haqida bayonot bergan edi. Kun.uz'ga murojaat qilgan o‘zbekistonliklar oktabr oyining 19-kuni ortda qolgan bo‘lsa-da, ushbu va'da bajarilmayotganini aytishmoqda.

Surxondaryolik Rinat Yusupovning xabar berishicha, Abxaziyada ayni paytda ikki mingga yaqin O‘zbekiston fuqarosi mavjud. Ular bu yerga Rossiya orqali ishlashga kelishgan. Pandemiya tufayli chegaralar yopilgach, O‘zbekiston fuqarolari shu yerda qolib ketishgan va umid bilan karantin cheklovlari bekor qilinishini kutishgan.

O‘zbekiston Abxaziyani mustaqil davlat sifatida tan olmagan, shu bois bu yerda O‘zbekiston elchixonasi yo‘q. Abxaziya hududida qolib ketgan vatandoshlar Rostov va Moskva shahridagi elchixonalarga murojaat qilishgan.

«Bir necha oy davomida qilingan murojaatlarimizga tayinli javob bo‘lmadi. Elchixonadagilar bizni rosa sansolar qilishdi. Biz boshqa davlatlarda qolib ketganlar singari to‘polon qilmadik, ketishimizni sabr bilan kutdik. Davlat bizni bepul olib ketsin demayapmiz, charter reys uchun qo‘limizda pullarimiz bor. Faqat Abxaziyadan Rossiya hududiga o‘tib olsak bo‘ldi.

Qayta-qayta qilgan murojaatlarimizdan so‘nggina Tashqi ishlar vazirligi oktabr oyining boshida Abxaziyadagi fuqarolarning 400 nafari O‘zbekistonga olib kelinishini, qolganlar chegaralar ochilguncha shu yerda qolishini ma'lum qilgandi.

Eng avval og‘ir ahvoldagilar – qariyalar, bemorlar, ayollar va bolalar olib ketilsin – rozimiz. Biroq oktabr oyining ikkinchi o‘n kunligi yakunlanayotgan bo‘lsa hamki, bayonotda keltirilgan va'da bajarilmayapti, dodimizni kimga aytishni bilmayapmiz», – deydi farg‘onalik Xosiyatxon Otaqo‘ziyeva.

Abxaziyada qolayotgan vatandoshlar vatanga qaytishlari uchun Rossiya hududiga o‘tishlari kerak. Biroq ayni paytda Rossiya o‘zining hamda Abxaziya fuqarolarigagina davlat chegarasini kesib o‘tishga ruxsat bermoqda. Boshqa davlat fuqarolari, jumladan, o‘zbekistonliklarning Rossiya chegarasini tranzit maqsadida kesib o‘tishga ruxsat berilmayapti.

Surxondaryolik Rinat Yusupovning ta'kidlashicha, Abxaziyada qolib ketganlar orasida Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston fuqarolari ham bo‘lgan. Biroq ushbu davlatlarning elchixonalari allaqachon o‘z fuqarolarini olib ketishgan. Biroq o‘zbekistonliklar hamon arosatda qolmoqda.

«Rossiya hududiga o‘tishimiz faqatgina Moskvadagi elchixona xodimlariga bog‘liq ekan. Elchixonadagilar qo‘ng‘iroqlarga javob bermay qo‘yishdi. Murojaatlarni qabul qilish uchun tashkil etilgan Telegram-botlari ham ishlamayapti yoki yozgan murojaatlarimizga e'tibor berishmayapti. Sababini bilmaymiz.

Abxaziya chegara va bojxona xizmatidagilar Moskvadagi O‘zbekiston elchixonasiga qo‘ng‘iroq qilishganda ularning qo‘ng‘iroqlariga ham javob bo‘lmayotganini aytishmoqda. Sizlarni chegaradan o‘tkazib yuborishimiz elchixonalaringizga bog‘liq, biz chegara hududida to‘planayotgan yuzlab o‘zbekistonliklarni ushlab turishdan manfaatdor emasmiz, deb aytishmoqda.

Aytishlaricha, Sochidagi chegara punktiga Rossiya hududiga o‘tishi kerak bo‘lgan birinchi guruhning ro‘yxati yetib kelgan. O‘zbekistonga qaytish istagidagilar ko‘p bo‘lgani uchun ro‘yxat qayta-qayta tuzilgan. Biroq Rossiya tomonidan ruxsat berilmayotgani, bu masalani diplomatik yo‘l bilan hal qilishi kerak bo‘lgan O‘zbekiston idoralarning vazifalarini lozim darajada bajarmayotgani ortidan to‘rt kundirki, yuzlab O‘zbekiston fuqarolari chegara posti yonida ko‘cha-ko‘yda uxlashga majbur bo‘lishmoqda», – deydi Rinat Yusupov.

Oktabr boshida vatanga qaytib ketishlari va'da qilingan o‘zbekistonliklar ayni paytda Abxaziya chegarasida to‘planishmoqda. Kun.uz’ga yuborilgan videolarda yuzlab erkak-ayol sovuq havoda ko‘cha-ko‘yda tunayotganini ko‘rish mumkin. Ularning orasida ayollar, bolalar, keksalar va bemorlar, homiladorlar ham bor.

Tashqi ishlar vazirligi 30 sentabr kuni tarqatgan bayonotida O‘zbekiston fuqarolarini vatanga qaytarish uchun ularning Rossiya chegarasini kesib o‘tishlariga ruxsat olish yuzasidan Rossiya tomoniga yana bir bor tegishli murojaat yuborilgani keltirilgan. Biroq ushbu murojaatga Rossiya tomoni qanday javob bergani haqida xabar berilmagan.

Ko‘rinib turibdiki, masala Rossiya tomoniga bog‘liq bo‘lgan taqdirda ham, vazirlik va O‘zbekistonning RFdagi diplomatik vakolatxonalari Abxaziyadagi yuzlab vatandoshlar bilan normal kommunikatsiyani yo‘lga qo‘ymagan, ularni zarur axborot bilan ta'minlamayapti.

Mavzuga oid