Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Koronavirus: Germaniyada vaziyat og‘irlashmoqda, Efiopiyada karantinni buzganlar qamaladi
Jons Hopkins universiteti ma'lumotlariga ko‘ra, dunyoda Covid-19 bilan kasallanganlar soni 41,5 million kishidan oshdi va kuniga o‘rtacha 400 mingdan o‘sish qayd etilmoqda. 31 million odam virusdan sog‘aygan, 1 million 138 ming kishi halok bo‘ldi, deyarli 75 ming odam og‘ir yoki o‘ta og‘ir ahvolda.
Eng ko‘p zarar ko‘rgan besh mamlakat ketma-ketligi o‘zgarishsiz qolmoqda: AQSh, Hindiston, Braziliya, Rossiya va Ispaniya. Shuningdek Argentinada ham kasallanish holatlari soni milliondan oshib ketgan, Kolumbiya va Fransiya ushbu chegaraga yaqinlashmoqda. Pandemiya boshlangan Xitoy ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha dunyoda 54-o‘ringacha «pastlagan».
Bahorgi to‘lqinni nisbatan oson o‘tkazgan, ammo hozirga kelib 100 ming aholiga to‘g‘ri keladigan holatlar va o‘lim ko‘rsatkichlari bo‘yicha Yevropada birinchi o‘rinni egallagan Chexiyada yana karantin joriy qilindi: u yerda faqat ishlash va zarur xaridlar uchun tashqariga chiqishga ruxsat beriladi.
Karantin choralari Irlandiya va Italiyaning Latsio, Lombardiya va Kampanya mintaqalarida kuchaytirildi.
Belgiyaning o‘tgan shanba kuni koronavirus tashxisi qo‘yilgan 45 yoshli tashqi ishlar vaziri Sofi Vilmes reanimatsiyaga o‘tkazildi.
Germaniyadagi vaziyat yomonlashmoqda
Chorshanba kuni Germaniya bo‘ylab Covid-19’ning 11 287ta yangi holati aniqlandi, bu pandemiya boshlangandan beri eng yuqori ko‘rsatkich.
Bemorlar orasida sog‘liqni saqlash vaziri Yyens Shpan ham bor. U hozircha uyda davolanyapti.
16 oktyabrda o‘rnatilgan avvalgi antirekord hozirgisidan bir yarim baravar past bo‘lgan - 7830 kishi.
Robert Kox instituti rahbari Lotar Viler vaziyatni o‘ta jiddiy deb atadi va vatandoshlarini ehtiyot choralariga qat'iy rioya qilishga chaqirdi.
Viler kasallikning keskin ortib ketishida bir-birlarinikiga tashrif buyurishni davom ettirayotgan va yopiq binolarda bazmlar uyushtirayotgan yoshlarni aybladi.
Berlinning eng gavjum ko‘chalarida niqobda bo‘lish majburiydir.
Tog‘ chang‘i mavsumi yaqinlashar ekan, payshanba kuni rasmiylar fuqarolarni Avstriya, Italiya va Shveytsariyadagi kurortlarga bormaslikka chaqirdi. Chet elda bo‘lib qaytganlar 10 kunlik majburiy karantinda o‘tirishi talab etiladi.
Siqilish koviddan ham yomonroqmi?
Shvetsiya sog‘liqni saqlash kengashi rahbari Yoxan Karlson 70 yoshdan oshgan fuqarolarga o‘ta zarurat bo‘lmaganda uydan chiqmaslik va ular bilan bir tom ostida yashaydiganlardan tashqari, hech kim bilan aloqa qilmaslik to‘g‘risidagi tavsiyanoma o‘z kuchini yo‘qotganini e'lon qildi.
Pandemiya davom etar ekan, uning so‘zlariga ko‘ra, keksa odamlar izolyatsiyaga o‘z ruhiy salomatliklariga zarar yetkazmasdan ortiq toqat qila olishmaydi.
«Xavf bor. Ehtimol, bemorlar yana ortishi mumkin, ammo biz muvozanatni topishimiz kerak», dedi bosh shifokor.
Yevropaning ba'zi mamlakatlaridagi kabi tez sur'atlarda bo‘lmasa-da, Shvetsiyada ham yangi kasallanish holatlari soni ortib bormoqda.
Bundan buyon barcha aholi guruhlari uchun epidemiologik tavsiyalar bir xil. Ular orasida ommaviy tadbirlarga taqiq, qo‘llarni tez-tez yuvish, masofani saqlash va iloji bo‘lsa, uyda ishlashni ko‘rish mumkin.
Kipr: niqob taqish majburiyati va komendantlik soati
Kipr sog‘liqni saqlash vaziri Konstantinos Ioannu ma'lum qilganidek, endi ochiq havodagi hamma joyda niqob taqish majburiy holga aylanib bormoqda. Faqatgina sport mashg‘ulotlari bundan mustasno.
Bungacha Kiprda faqatgina ikki nafardan ortiq inson mavjud bo‘lgan bino ichida niqob kiyish majburiy edi.
Shuningdek, vazir Limasol va Pafosning ikkita tumanida komendantlik soati e'lon qildi, u yerda Covid-19’ning ko‘plab yangi holatlari qayd etilgan.
Kechki soat 23:00 dan tonggi 05:00gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida harakatlanish cheklanadi, ruxsat berilgan holatlar - dorixonaga borish yoki shoshilinch tibbiy yordam so‘rash, shuningdek, ishga borish yoki undan qaytish.
Ushbu farmonga muvofiq, barcha ovqatlanish shoxobchalari soat 22:30da yopilishi kerak, ammo ular olib ketish uchun taom tayyorlashda davom etishi mumkin.
Shuningdek, 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar va o‘spirinlar uchun barcha sport va ko‘ngilochar tadbirlar to‘xtatildi.
Ushbu choralar juma kunidan kuchga kiradi va 9 noyabrgacha amal qiladi.
Efiopiyada karantin qoidalarini buzuvchilar qamoqqa olinadi
Efiopiya hukumati yangi qonun qabul qildi, unga ko‘ra karantin cheklovlarini buzgan shaxs jarimalar va ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida ushbu mamlakatda qo‘l bilan salomlashish va xayrlashish, kafe yoki restorandagi bir stol atrofida 3 kishidan ortiq bo‘lib o‘tirish, ijtimoiy masofani kamida bir yarim metr saqlamaslik va jamoat joyida niqob kiymaslik taqiqlanadi.
Choralar keskinlashgani to‘g‘risida mamlakat bosh prokuraturasi tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda xabar berildi va bunga sentabr oyida karantin bekor qilinganidan keyin odamlar hushyorlikni yo‘qotganligi sabab qilib ko‘rsatildi.
Aholi soni ko‘pligi bo‘yicha Afrikada ikkinchi o‘rinda turuvchi Efiopiya davlati aprel oyida pandemiya munosabati bilan favqulodda holat e'lon qilgan, ammo sentyabrdagi kasallanish holatlari pasayishi ortidan karantin choralari yengillashtirilgan.
Mamlakat bo‘ylab kasallanish holatlarining umumiy soni 91 ming 118tani tashkil etmoqda, shundan 1384tasi o‘lim bilan yakun topgan.
Mavzuga oid
10:06 / 16.02.2023
Koviddan keyingi sindrom bir necha oy ichida o‘zini namoyon qilishi mumkin - mutaxassis
03:31 / 16.02.2023
Koronavirusning kelib chiqishi bo‘yicha JSST surishtiruvi to‘xtab qoldi
10:02 / 31.01.2023
JSST pandemiya tugaganini e’lon qilishiga ayrim hududlardagi vaziyat to‘sqinlik qilmoqda
23:06 / 16.01.2023