Bojxona qo‘mitasi bank siriga oid ma'lumotlarni olish vakolati masalasida izoh berdi
Davlat bojxona qo‘mitasi e'tirozlarga sabab bo‘lgan «Bank siri to‘g‘risida»gi qonunga qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonun loyihasi yuzasidan izoh berdi. Loyihada bank sirini tashkil etuvchi ma'lumotlarni olish vakolati muayyan shartlarda bojxona xizmati organlariga ham taqdim etilishi taklif qilingan.
Bojxonachilar izohiga ko‘ra, prezidentning 2020 yil 5 iyundagi «Bojxona ma'muriyatchiligini isloh etish va O‘zbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida»gi farmoni bilan tasdiqlangan «Yo‘l xaritasi»da bojxona organlariga banklardan bank mijozi bo‘lgan tashqi iqtisodiy faoliyat (TIF) ishtirokchisiga tegishli ma'lumotlarni olish huquqini beruvchi qonun loyihasini ishlab chiqish belgilangan.
«O‘zbekiston Respublikasining «Davlat bojxona xizmati to‘g‘risida»gi qonuni 7-moddasida bojxona organlari banklardan, moliya organlaridan hamda boshqa tashkilotlardan, shuningdek jismoniy va yuridik shaxslardan eksport-import operatsiyalarini amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lgan ma'lumotlar va hujjatlarni so‘rash hamda olish huquqiga ega.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining «Bank siri to‘g‘risida»gi Qonuni 9-moddasi talablariga muvofiq, bank sirini tashkil etuvchi ma'lumotlar prokuratura, tergov va surishtiruv organlariga mazkur bank mijoziga (vakiliga) nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi mavjud bo‘lgan taqdirda, yetkazilgan zarar undirib olinishini yoki uning mol-mulki xatlanishini ta'minlash maqsadida tergovchi yoxud surishtiruvchining asoslantirilgan qaroriga binoan prokuror sanksiyasi bilan taqdim etilishi ko‘rsatib o‘tilgan.
Amaldagi qonunchilikka muvofiq, davlat bojxona xizmati organlari tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ hisoblanadi.
Shu bilan birga, bojxona organlariga tovarlar va transport vositalari chiqarib yuborilgandan keyin bojxona nazoratining shakli sifatida bojxona auditini amalga oshirish vazifasi yuklatilgan.
Xorijiy davlatlarda, xususan Buyuk Britaniya, Ispaniya, Gollandiya, Janubiy Koreya va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining (YeOII – Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya) bojxona auditini o‘tkazish amaliyoti banklardan, kredit-moliyaviy va bank operatsiyalarini amalga oshiruvchi boshqa tashkilotlardan ma'lumotlarni olish huquqi mavjudligini ko‘rsatadi.
Jumladan, YeOII Bojxona kodeksining 335-moddasida bojxona organlari mansabdor shaxslari bojxona tekshiruvini amalga oshirish uchun banklardan, kredit-moliya tashkilotlaridan bank sirini saqlagan holda ma'lumotlarni olish huquqiga ega ekani belgilangan.
Shuningdek, Jahon banki ekspertlari tomonidan tovarlar chiqarib yuborilgandan keyingi bojxona nazoratini (bojxona auditi) amalga oshirilishini ta'minlashda sayyor tekshiruvlar sonini minimallashtirish maqsadida banklardan bank mijozi bo‘lgan TIF ishtirokchilari haqida o‘zaro ma'lumot almashinuvini yo‘lga qo‘yish va ularni tahlil qilish yuzasidan tavsiyalar berilgan», – deyiladi rasmiy relizda.
Ta'kidlanishicha, «Bank siri to‘g‘risida»gi qonunga qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasini ishlab chiqishdan asosiy maqsad – bojxona organlarida mavjud ma'lumotlar asosida TIF ishtirokchilarining moliyaviy barqarorligi, halolligi va qonunga itoatkorlik darajasini baholash tizimini takomillashtirish orqali ularga nisbatan soddalashtirilgan bojxona nazorati shakllarini keng qo‘llash, shuningdek, yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishdan iborat.
Mavzuga oid
17:02 / 22.11.2024
Toshkentda 4 mln dona pirotexnika buyumlari yo‘q qilindi
17:40 / 14.11.2024
Buxoro amirligi davriga tegishli qadimiy tangalarni olib chiqib ketishga uringan shaxs to‘xtatib qolindi
23:41 / 13.11.2024
O‘zbekistonga 245 mln so‘mlik qo‘l soatlar va zargarlik buyumlarini yashirincha olib o‘tishga uringan shaxslar to‘xtatildi
17:56 / 06.11.2024