O‘zbekiston | 16:50 / 24.10.2020
50157
4 daqiqa o‘qiladi

«UzAuto Motors» import mashinalar uchun boj to‘lamaydimi? Deputatlar yana bir so‘rov yubordi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Rasul Kusherbayev, Doniyor G‘aniyev hamda Bekmirza Eshmurzayev tomonidan imzolangan import mashinalar boj to‘loviga oid deputatlik so‘rovi Moliya vazirligi va Davlat bojxona qo‘mitasiga yuborildi.

Chevrolet Trailblazer

Joriy yil 23 oktabr kuni bir guruh parlament deputatlari hukumatdan import qilinayotgan mashinalar yuzasidan paydo bo‘layotgan masalalarga izoh berishini so‘ragan. Deputatlar Rasul Kusherbayev, Doniyor G‘aniyev va Bekmirza Eshmurzayevning fikricha, import qilinayotgan avtomashinalar uchun «UzAuto Motors» AJ va «Jizzax avtomobil zavodi» MChJ tomonidan import boji va utilizatsiya yig‘imi to‘lanmayotgan bo‘lishi mumkin.

Rasul Kusherbayevning Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, Chevrolet Tahoe, Traverse, Trailblazer va Equinox avtomashinalari Chevrolet kompaniyasining AQSh, Xitoy va Tailanddagi zavodlaridan keltirilishi ko‘rsatib o‘tilgan. 

«Bundan tashqari, «O‘zavtosanoat» tarkibidagi «Jizzax avtomobil zavodi» MChJ shu yil iyuldan Volkswagen Caddy avtomashinalarini, oktabr oyidan esa Škoda Kodiaq avtomashinalari sotuvini boshlagan. Ochiq manbalarda keltirilishicha,  ushbu mashinalar Polshadagi zavoddan import qilinadi», — deydi deputat Kusherbayev.

Uning aytishicha, «UzAuto Motors» AJ va «Jizzax avtomobil zavodi» MChJ tomonidan import qilinib, dilerlik tarmog‘i orqali taklif etilayotgan avtomashinalar narxlari tahlil qilinib, avtomashinalarning bojxona qiymati hisob-kitob qilinganda, o‘zgacha natijalar namoyon bo‘lmoqda.

Moliyachi Otabek Bakirov shu masalaga e'tibor qaratib, Telegram-kanalida shunday yozgandi:

«Tailanddan import qilinayotgan Chevrolet Trailblazer narxini olaylik. Bu avtomashina «O‘zavtomotors» tomonidan hozir 398 million so‘mdan yoki 38 ming 492 dollardan sotilmoqda.

Agar «O‘zavtomotors» barcha bojxona boji (156,8 million so‘m), QQS (46,6 million so‘m), bojxona boji (0,3 million so‘m) va utilizatsiya yig‘imini (40,1 million so‘m) to‘lab, ushbu avtoni O‘zbekistonga olib kirayotgan bo‘lsa, bu avtomashinaning O‘zbekiston chegarasiga kirayotganda bojxona qiymati 154,1 million so‘m yoki 14 ming 903 dollar bo‘lishi kerak», — deb fikr bildirgan Bakirov. 

Parlament a'zolarining o‘rganishida Chevrolet va Volkswagen kompaniyalarining dunyo bo‘yicha bironta zavodi va rasmiy hamkorlari tomonidan bunday past narxda avtomashinalar taklifi umuman mavjud emasligi ma'lum bo‘lgan. Shu tufayli, deputatlar «UzAuto Motors» AJ va «Jizzax avtomobil zavodi» MChJ tomonidan import boji va utilizatsiya yig‘imi to‘lanmayotgan bo‘lishi mumkinligi haqida xulosaga yaqin turibdi.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslari deputat so‘roviga javobni deputatga mazkur so‘rov olingan kundan e'tiboran 10 kundan kechiktirmay yuboradi.

Avvalroq, bir guruh deputatlar «UzAuto Motors» mashinalari tannarxi masalasida Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasiga so‘rov kiritgandi. Qo‘mita maxsus komissiyasi ishga oid qaror qabul qildi, keyinroq «UzAuto Motors» vakillari qaror ustidan sudga shikoyat qildi. Ayni paytda sud davom etmoqda.  

Mavzuga oid