Sport | 04:42 / 25.10.2020
52683
2 daqiqa o‘qiladi

Habib Nurmagomedov Jastin Getjini muddatdan oldin taslim etdi va faoliyati yakunlanganini e'lon qildi

Foto: Getty Images

Yengil vazndagi UFC chempioni Habib Nurmagomedov 24 oktabr kuni Abu-Dabidagi "Jangchilar oroli"da bo‘lib o‘tgan UFC 254 musobaqasida Jastin Getjini mag‘lub etdi. 

Nurmagamedov 2-raundda Getjini uchburchak uslubida bo‘g‘ib, uni taslim qildi. 

Rossiyalik sportchi g‘alabali rekordini (29-0) yangilab, chempionlik kamarini uchinchi bor himoya qilishga muvaffaq bo‘ldi. Oldingi janglarda u Konor Makgregor va Dastin Poreni mag‘lub qilgan edi. 

Jangdan so‘ng Nurmagomedov faoliyatini yakunlagani haqida e'lon qildi. 

"Men shunchaki otam bilan birgalikda chempion bo‘lishni istagandim. Barchasi shu tarzda mening yelkamga qulashi xayolimga ham kelmagandi. Agarda ota-onangiz hayot bo‘lishsa, ularning yonida bo‘ling. Menda ularning biri qoldi – bu mening onam. Men onamga ko‘proq vaqt ajratishni xohlayman", – dedi Habib jangdan so‘ng. 

Eslatib o‘tamiz, Habib Nurmagomedovning otasi Abdulmannop Nurmagomedov 3 iyul kuni koronavirusdan vafot etgan edi. 

Getji esa faoliyatidagi uchinchi mag‘lubiyatini qabul qilib oldi (22-3).

Mavzuga oid