O‘zbekiston | 08:52 / 29.10.2020
3768
4 daqiqa o‘qiladi

Favqulodda vaziyatlardan jabr ko‘rgan fuqarolarni ijtimoiy himoya qilishning qo‘shimcha choralari qabul qilindi

Ofatlar yuz berganligi oqibatida jismoniy shaxslarning aybisiz yo‘qotilgan yoki yaroqsiz holga kelgan va tiklanishda tegishli to‘lovlardan ozod qilinadigan muayyan faktni tasdiqlovchi hujjatlar ro‘yxati tasdiqlandi. 

Foto : KUN.UZ /arxiv

Norma’ning yozishicha, 2021 yil 1 yanvardan boshlab jismoniy shaxslar muayyan faktni tasdiqlovchi hujjatlarni tiklashda davlat boji hamda gerb, konsullik yig‘imi va haqiqiy xarajatlarning o‘rnini qoplash hisobidan yig‘im va davlat xizmatlarini ko‘rsatganlik uchun belgilangan to‘lovlardan ozod etiladi:

a) quyidagi hujjatlarni tiklashda:

  • O‘zbekiston fuqarosi, O‘zbekiston hududida doimiy yashaydigan fuqaroligi bo‘lmagan shaxs va xorijiy fuqaroning ID-kartasi (O‘zbekiston fuqarosining biometrik pasporti);
  • O‘zbekiston fuqarosining hamda O‘zbekistonda doimiy yashovchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning xorijga chiqish uchun biometrik harakatlanish hujjati;
  • O‘zbekistonga qaytish uchun guvohnoma;
  • O‘zbekiston Respublikasi hududida vaqtincha bo‘lib turgan chet el fuqarosiga yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsga berilgan pasportning yoki uning o‘rnini bosuvchi hujjatning yo‘qolganligi haqidagi ma'lumotnoma;
  • O‘zbekistonda doimiy yashovchi chet ellik fuqarolarga va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga yashash uchun ruxsatnoma;
  • O‘zbekistonga taklif qilish to‘g‘risidagi guvohnoma;
  • O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari yoki konsullik muassasalari tomonidan rasmiylashtiriladigan ma'lumotnomalar;

b) O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari yoki konsullik muassasalari tomonidan talab qilib olinadigan quyidagi hujjatlarning ko‘chirma nusxalari va dublikatlari, shuningdek ularning mavjudligi haqida ma'lumotnomalarni tiklashda:

  • chaqiruv uchastkasida qayd etilganlik haqidagi guvohnoma, harbiy guvohnoma va zaxiradagi ofitserning guvohnomasi;
  • transport vositasining davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganlik guvohnomasi, haydovchilik guvohnomasi va yo‘qotilgan haydovchilik guvohnomasi o‘rniga vaqtinchalik ruxsatnoma;
  • tug‘ilganlik haqida guvohnoma, nikoh tuzilganligi va nikohdan ajralganlik haqida guvohnomalar, o‘lim haqida guvohnoma;
  • notarial tasdiqlangan hujjatlarning dublikatlari, hujjatlarning ko‘chirma nusxalari hamda reyestrlardan ko‘chirmalar.

Sharti – yuqorida sanab o‘tilgan hujjatlar tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar, shu jumladan maishiy tusdagi ofatlar (turar, noturar joyning yong‘ini yoki qulashi, transport vositasining yong‘ini) yuz berganligi oqibatida egasining aybisiz yo‘qotilgan yoki yaroqsiz holga kelgan bo‘lishi lozim.
 
Bundan tashqari, ushbu holatlarda hujjat egasi bo‘lgan jismoniy shaxslarga nisbatan jazo choralari qo‘llanilmaydi.
 
Zarurat tug‘ilganda, ofatlar yuz berganligi holatlarini tasdiqlash, hujjatni tiklash vakolati bo‘lgan davlat organining so‘roviga asosan:

  • O‘zbekiston hududida – FVV tomonidan beriladigan ma'lumotnoma asosida;
  • xorijiy davlatlar hududida – xorijiy davlat vakolatli idoralari tomonidan berilgan va legallashtirilgan yoki apostil qo‘yilgan yoxud O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq rasmiylashtirilgan ma'lumotnoma asosida amalga oshiriladi. Bunday ma'lumotnoma mavjud bo‘lmagan taqdirda, hujjat TIV orqali diplomatik vakolatxonalar yoki konsullik muassasalaridan olinadigan ma'lumotnoma asosida tiklanadi.

Ofatlar yuz berishida muayyan shaxslar (tashkilotlar) aybdor bo‘lsa, hujjatlarni tiklaganlik uchun to‘lovlar va boshqa haqiqiy xarajatlar ulardan regress tartibida undiriladi.
 
Hujjat 23.10.2020 yildan kuchga kirdi.

Mavzuga oid