Jahon | 12:35 / 29.10.2020
39297
15 daqiqa o‘qiladi

«Vaziyat nazoratdan chiqqan» – Kurganliklar Putindan harbiy shifokorlarni yordamga yuborishni so‘radi

Rossiyaning Kurgan shahri shifokorlar «koronavirus epidemiyasi nazoratdan chiqib ketgani» haqida ma'lum qilib, Rossiya prezidentidan «xalq shahar ko‘chalarida o‘la boshlashidan oldin» mintaqaga harbiy shifokorlarni yuborishni so‘radi.

Foto: Getty Images

Kurgandagi koronavirusga qarshi kurashga jalb etilgan shifoxonalar jamoalari tomonidan imzolangan murojaatnoma nusxasi BBC nashriga ham kelib tushgan: unga shahardagi №2-sonli shifoxona, oblast klinik kasalliklar shifoxonasi, Tez tibbiy yordam shifoxonalari va №2-sonli poliklinika shifokorlari murojaatga imzo chekishgan. Murojaat nusxalari hukumat rahbari Mixail Mishustinga va Rossiyaning bosh sanitar vrachi Anna Popovaga ham jo‘natilgan.

Murojaat mualliflari hududiy ma'murlarni zarur choralarni ko‘rmaslikda, muammolarni yashirishda va statistikani sezilarli darajada pasaytirib ko‘rsatishda ayblashgan. «Biz so‘raymizki, vaziyatga mahalliy amaldorlarning so‘zlari bilan baho berilmasin, hududga komissiya yuborilsin, komissiya a'zolari pandemiya davrida aholiga tibbiy yordam ko‘rsatish bilan bog‘liq vaziyat jahannamdan farq qilmasligiga o‘z ko‘zlari bilan guvoh bo‘lishsin», deyiladi murojaatda.

Uni imzolagan tibbiyotchilar hududdagi «sog‘liqni saqlash tizimi to‘liq kollaps holatiga kelgani»ni ma'lum qilishgan. Shifokorlar buning belgilari sifatida shifoxonalarda joy qolmagani, shuningdek, tibbiy xodimlar yetishmayotgani, tez yordam xizmatiga tushayotgan yuklamani keltirib o‘tishgan. «Bemorlar tez yordam brigadasi kelishini kunlab kutishmoqda, poliklinikadan shifokor kelishi esa bir hafta yoki o‘n kungacha kechikmoqda», deyiladi maktubda.

O‘z tajribalari va mintaqadagi korxonalarda kasallik avj olishi bo‘yicha kuzatuvlariga asoslangan holda shifokorlar «barcha korxonalarda kasallik nazorat qilib bo‘lmas darajaga yetgani» haqida yozishgan. Ular shifoxonalar va poliklinikalar xodimlari orasida, shuningdek, mintaqa hukumati va shahar ma'muriyati, sog‘liqni saqlash departamenti hamda «Rospotrebnadzor»ning hududiy boshqarmasi xodimlari orasida ham kasallik keng tarqalganini qayd etib o‘tishgan.

«Hatto Italiyaning Lombardiyasidagi eng og‘ir vaziyat Kurgan oblastidagi vaziyat oldida shunchaki ertak», deyiladi murojaatda.

Shifokorlarning prezidentga murojaati Ura.ru resursiga joylashtirilgach, Kurgan sog‘liqni saqlash departamenti operativ shtabning hududiy telegram-kanali orqali «tibbiy xodimlarning 80 foizi kasallangani yoki kasallikni boshdan kechirgani» haqidagi ma'lumot rost emasligini bildirdi.

Shu bilan birga, hududiy departament «Kurgan oblastida tibbiy xodimlarga va davolash muassasalariga yuklama haddan tashqari yuqori ekani»ni tan olgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, Kurgan oblasti Rossiya regionlari orasida shifokorlar bilan ta'minlanganlik darajasi bo‘yicha so‘nggi o‘rinda turadi - 2018 yilda ularning soni har 10 ming kishiga 24,2 nafardan to‘g‘ri kelardi, 2019 yilda esa ko‘rsatkich yanada kamaygan - 23,8. Rossiyada 2018 yilda bu bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkich har 10 ming kishiga 37,4 nafarni tashkil etgan.

Hududiy departament sayti ma'lumotiga ko‘ra, 2020 yilning 1 oktabr holatiga ko‘ra, Kurgan oblastida 1000dan ortiq tibbiyot xodimlari yetishmovchiligi qayd etilgan: oliy ma'lumotli shifokorlar va farmatsevtlar uchun 554 vakansiya, o‘rta ta'lim olgan tibbiy xodimlar uchun 464 vakansiya mavjudligi qayd etilgan.

Bosh vazir Mixail Mishustin fevralda Kurganda sog‘liqni saqlash tizimidagi holatni shaxsan tekshiruvdan o‘tkazgandi / DMITRI ASTAKHOV/TASS

«Kurgandagi shifoxonalar vrachlari oblast sog‘liqni saqlash departamentiga bir necha marta murojaat qilishgan va o‘z vaqtida zarur choralarni ko‘rishni so‘rashgan. Departamentning 2020 yil 25 avgustdagi javobida koronavirus bemorlariga qarashga 407 nafar shifokor-mutaxassis, 677 nafar o‘rta darajali tibbiy xodim, 368 nafar kichik tibbiy xodimlar jalb etilgani, yana 6,5 ming kishi zaxirada ekani qayd etilgan», deyiladi murojaatda.

Shifokorlar departamentning javobini quruq rasmiyatchilik deb atashgan va undagi ma'lumotlar haqiqatga mos kelmasligini aytishgan.

«Departamentimiz bunday murakkab vaziyatda tibbiyot kollejlarining tajribasiz talabalarini jalb etishga urinishi foyda bermaydi. Bizga og‘ir ahvoldagi bemorlar bilan ishlay oladigan haqiqiy mutaxassislar kerak», deyiladi murojaatda.

Kurganlik vrachlarning hisoblashicha, faqat harbiy shifokorlar kelishi va Rossiyaning boshqa 16ta regionida qurilgani kabi Kurganda ham zudlik bilan yangi infeksion gospital qurilishi bu vaziyatdan chiqish uchun yordam berishi mumkin.

«Ikkinchi to‘lqinga umuman hech kim tayyor emasdi»
BBC anonimlik sharti bilan Kurgan shifoxonalaridagi vaziyat haqida hikoya qilib berishga rozi bo‘lgan shifokorlardan biri bilan gaplashgan.

«Birinchi to‘lqin gul bo‘lsa, ikkinchi to‘lqin butoq. Birinchi to‘lqinga biz tayyorlangan edik. Birinchi to‘lqinda asosan xorijdan keluvchilar kasal edi, hozir esa hamma kasal. Ular kim bilan aloqada bo‘lganini aniqlab ham bo‘lmaydi. Shunchaki qaysidir avtobusda yuqtirgan bo‘lishadi.

Ikkinchi to‘lqin bu qadar keng ko‘lamli bo‘lishini hech kim kutmagandi. Kurgan birinchi to‘lqindan oson o‘tgandi. Hozir esa bu hudud kasallanish ko‘rsatkichlari o‘sishi bo‘yicha birinchi qatorlarda turibdi. Raqamlar barchasini ifodalamaydi, test natijasini kutayotganlar qancha. Kurganda testlar soni yetarli: agar harorat ko‘tarilgan bo‘lsa, tomoqda og‘riq bo‘lsa - namuna olinadi. Ammo shaharning yarmi test natijasini kutib o‘tiribdi.

Shoshilinch tibbiy yordam shifoxonasida tez yordamda navbatchilikka odatiy sharoitlarda taxminan 24 kishi ishga chiqardi. Bu kardiologlarning ikki brigadasi (har birida ikki nafardan feldsher va vrach), ikki reanimatsiya brigadasi (2 nafardan feldsher), to‘rt epidbrigada (har birida bir nafardan feldsher). Yetti-sakkiz umumiy amaliyot shifokorlari brigadalari (har birida feldsher), markazda esa yana uch-to‘rt kishi.

Hozirda smenaga 10ta epidemiologik brigada chiqmoqda. Bilishimcha, bu guruhlarga odamlar boshqa guruhlardan jalb etilgan.

Brigadalarning ish vaqti 24 soatgacha, bu normal holat. Odatiy grafik - «har uch kunda ish» edi. Hozirda har ikki kunda bir ishga chiqishmoqda. Biz smenadan oldin o‘zimiz tayyorlagan ovqatni yeymiz. O‘zimizning qornimizni o‘zimiz to‘ydiramiz - pandemiyagacha ham shunday edi, hozir ham shunday.

Chaqiruvlarga javob berish uchun sakkiz dispetcher bor, ikki - evakuator (ular qo‘ng‘iroqlarni taqsimlashadi) va smenaning katta vrachi. Bir smenada o‘n bir kishi.

Tajribali dispetcher-feldsherlarning ko‘pchiligi kasal bo‘lib yotib qolgan. 4-kurs talabalarini olib kelishdi [Kurgan tibbiyot kolleji]. Axir 4-kurs talabalari qanday qilib chaqiruvlarni qabul qilishi mumkin? Ular dispetcherlik ishiga tayyorlanishmagan: «qo‘shimcha sabab» deb ataladigan narsalarni so‘ramasliklari yoki bu eslariga kelmasligi mumkin. Masalan, bemorning qon bosimini, kovid tasdiqlangan yoki tasdiqlanmaganini, yoki tana haroratini, ular kim bilan aloqada bo‘lganlarini so‘rashmaydi. Ketamiz - epidbrigada emas, umumiy amaliyot shifokorlari guruhi, himoyalanmagan holda boramiz, u yerda esa kovid tasdiqlangan bemor bo‘ladi. Talabalar ko‘pincha hammani qabul qilishadi. Yo‘qotishlar ko‘pligi tufayli talabalar jalb qilingan.

24 soatlik smena uchun umumiy amaliyot shifokorlariga uchtadan bir martalik niqob berishadi. Bunday niqobning yaroqlilik muddati esa - ikki soat. Kimdir o‘zi sotib olishi mumkin. Ammo bu 20 rubllik niqoblar changdan himoyalash uchun, bular bo‘yash ishlarida yordam berishi mumkin.

Respiratorlar, himoya liboslari va baxilalar esa alohida holatlar uchun tayyorlangan to‘plamda bor, ular epidbrigadalar uchun. Birinchi to‘lqin vaqtida biz dokadan tayyorlangan niqoblar tarqatdik. Ular hamma narsani o‘tkazib yuboradi. Biz ularni ro‘yxat bo‘yicha berib, qabul qilib olardik: smenadan kelib topshirishar, keyin yuvishga yuborilardi. Yoki uyda yuvish ham mumkin edi.

Agar ortga qarasak va bugunga, koronavirusli hayotga boqsak, o‘tmishda muammo umuman bo‘lmaganini ko‘ramiz. O‘ziga xos muammolar bo‘lgan - lekin hozirgilar bilan taqqoslaganda arzimas muammolar. Hozir tarkib to‘liq emas, umuman odam yetishmaydi. Smenada hech bo‘lmasa yana 2-3 kishi ko‘proq bo‘lishi kerak.

Biz kompyuter tomografiyasi xonasiga uch-to‘rt nafar bemorni olib kelamiz, ularda yoki nafas olish og‘irlashgan yoki saturatsiya tushib ketgan bo‘ladi - biz 3-4 soat kutib qolishimiz mumkin. Kompyuter tomografiyasining o‘ziga 15 daqiqa vaqt ketadi. Ammo keyin biz bemor yotqizilishi yoki qaytarib olib ketilishi haqidagi qaror va tavsifnomani kutamiz. Agar biz bemorlarni olib kelib, qoldirib, keyingilari uchun ketganimizda, bu yerda esa keluvchilarni qabul qilib oluvchi, ularni uyda davolanish uchun jo‘natuvchi alohida xodimlar bo‘lganida yaxshiroq bo‘lardi. Shunday qilishga harakat qildik, ammo qabulxonadagilar pinagini buzmaydi va aytishadi: «Mashinada o‘tirib, bemorlar bilan birga kut».

Vitse-gubernator [Kurgan oblasti gubernatori Vladislav Kuznetsov] mashinalar sonini oshirishni va'da qildi, lekin bu smenadagi brigadalar sonini o‘zgartirmaydi. Mashinalar uchun shifokorlar kerak. Haydovchining o‘zi kovidga chalingan bemorni olib kelish uchun bora olmaydi.

Hech qayerdan yordam yo‘q. Boshqa regionlardanmi? U joylarda vaziyat yaxshiroqligi amrimahol. Odamlarni ta'tildan chaqirib olishmoqda. Lekin bu yetarlimi? Bu har bir muassasaga qo‘shimcha 2-3 kishi degani, xolos. Bizda 5 oktyabrdan ta'tilga chiqish bekor qilindi.

Kovid chaqiruvlari kelishdan to‘xtamaydi - kimnidir tomografiyaga olib kelish kerak, ammo ular ham uyda ko‘p vaqt kutib o‘tirishi kerak. Bu normal holat emas.

Birinchi navbatda kislorod darajasi 85dan tushib ketganlar bilan shug‘ullanamiz. Dispetcherlar bunday bemorlarni aniqlashda yordam berishadi: bo‘g‘ilyaptimi yoki yo‘qligi so‘raladi. Saralash qo‘ng‘iroq amalga oshirilishi davomida olib boriladi. Keyin kimning harorati yuqoriligiga qaraladi, keyin kasallik tasdiqlanganiga, ammo saturatsiya 96 bo‘lsa (norma 98) bu bemorga xavf yo‘q.

Poliklinikalar tartibsizlikni oktabr oyi boshida yo‘nalishlarga ajralish bilan bartaraf etishdi. Avval hamma bir xona eshigiga kelardi, hozir oqim xonalarga bo‘lib tashlangan. Birinchi xonada - yuqori harorat kuzatilayotganlar qabul qilinadi, tashxis qo‘yiladi, namuna olinadi, virusga qarshi dorilar yoziladi va ambulator davolanish uchun uyga yuboriladi. Besh kun o‘tib bemor ikkinchi qabulga keladi - uning holati nazoratga olinadi, ammo natija hali ham ma'lum bo‘lmasligi mumkin. Lekin ikkinchi qabul ochilgani ham katta gap.

Ammo odamlar baribir yo‘lakda o‘tirib olishadi. Navbat kutish vaqtida tajovuzkor odamlar baribir tajovuzkorligini ko‘rsatadi. 

Transportda, ko‘chada odamlar shunday kayfiyatda: «Biz hammamiz kasallanamiz, kim omon qolsa yashaydi». Ko‘pchilik niqobsiz, qo‘lqopsiz. Masofa saqlashga rioya etilmayapti. Do‘konlarda sotuvchilar niqob taqmasdan savdo qilmoqda.

«Tez yordam» uchun eng og‘iri - odamlar bizga xaloskor sifatida qarashadi, biz bundan xursand bo‘lgan bo‘lardik, ammo ilojsizmiz. Bizning qo‘l-oyog‘imiz buyruqlarga, farmonlarga bog‘lab qo‘yilgan. So‘rashadi: «Bizni yotqizing». Biz esa imkonsizmiz, chunki bemorlarga ambulator davolanish bo‘yicha ko‘rsatma yozilgan bo‘ladi, shifoxonaga qabul qilishmaydi. Bo‘g‘ilish bo‘lmasa, mustaqil nafas olayotgan bo‘lsa, tana harorati o‘ta yuqori bo‘lmasa, o‘zi harakatlana olsa. Lekin bemorning o‘zi darhol shifoxonaga yotishi shart deb o‘ylaydi.

«Bir yomonning bir yaxshisi bor» degan maqol bor, ammo men bu pandemiyada yaxshilik ko‘rmayapman. Barchasi faqat yomonlashmoqda.

Rossiya hukumati Xitoydagi kabi yo‘l tutishi mumkin edi: moddiy yordam ajratib, barcha joyni uch haftaga yopish. Uhanda qanaqa bo‘ldi, ko‘rdingizmi? - ko‘chalar bo‘m-bo‘sh edi. Bu albatta yordam berdi. Ammo bizda moliyaviy holat bunga imkon bermaydi. 

Telegramdagi javob
BBC Kurgandagi murakkab vaziyat yuzasidan izoh olish uchun vitse-gubernator Vladislav Kuznetsov va gubernatorning ijtimoiy siyosat bo‘yicha o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi, sog‘liqni saqlash departamentining sobiq direktori Larisa Kokorinaga murojaat qilgan, ammo ushbu material e'lon qilinayotgan vaqtgacha ulardan javob bo‘lmagan.

Kurganlik shifokorlarning prezidentga murojaatiga faqatgina operativ shtabning hududiy bo‘limining Telegram-kanalida izoh berilgan. Xususan, unda «kasallikning kuzgi avj olishi vaqtida oblastdagi shifoxonada yoppasiga o‘lim holati ro‘y bergani haqidagi ma'lumot asossiz ekani» aytilgan.

«Kurgan oblastida bemorlarni davolash uchun qo‘shimcha koykalar tayyorlandi, shu vaqtgacha kovid gospitali bo‘lgan muassasalar zarur jihozlar bilan, jumladan, kislorod qurilmalari bilan ta'minlanishi davom etmoqda. […] Tibbiyot kollejlarining talabalari pandemiya davrida ishga jalb etilishi - Rossiya regionlaridagi umumiy amaliyot», deyilgan Kurgan oblasti opershtabining telegram-kanalida.

Bu vaqtda «VKontakte»da Kurgan shahri va Kurgan oblastiga qo‘shimcha yordam ajratish to‘g‘risida petitsiya paydo bo‘lgan va uni minglab kishilar imzolagan.

«Kurgan, Kurgan oblasti Covid-19 kasalligi tarqalishi xavfli tus olgan vaqtda qo‘shimcha tibbiy yordam so‘raydi. Odamlar kasallanmoqda va o‘lmoqda. Tibbiy mutaxassislar yetishmaydi. Dori-darmon yetishmaydi. Vaziyat haddan tashqari og‘ir. Vaqt o‘tmoqda. Iltimos, bizni eshiting!»
 

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid