«Kuniga 35 milliongacha pulni yechib olishyapti» - O‘zbekistonda firibgarlikning yangi turlari paydo bo‘ldi
2020 yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda firibgarlik jinoyatlari soni bir yil oldingiga qaraganda ikki barobarga ko‘payib, olti oyda 3881 tani tashkil etdi. Texnologiyalar rivojlangani sari firibgarlikning yangidan yangi turlari paydo bo‘lmoqda.
Kun.uz ushbu dolzarb mavzuda kurerlik firmasi rahbari Azamat Abdullayev, OLX.uz sayti rahbari Doniyor Turg‘unov bilan suhbatlashdi.
«Bir kunda 20–35 million so‘m firibgarlik yo‘li bilan o‘g‘irlanmoqda»
Azamat Abdullayev rahbarlik qilayotgan kurerlik firmasi 3 yildan buyon O‘zbekiston hududida yetkazib berish xizmatlarini ko‘rsatib keladi, xizmat internetda o‘z saytiga ega. Uning aytishicha, bir necha kun oldin firibgarlar tuzog‘iga tushgan ko‘plab fuqarolar firmaga murojaat qila boshlagan.
«Aytaylik, siz OLX.uz saytidan tovaringizni sotyapsiz. Firibgar esa sizga aloqaga chiqib, kartangizdan bor pulni yechib olyapti. Aslida, sizga pul o‘tkazishi kerak. Masalan, siz telefon sotyapsiz. Firibgar sizga aloqaga chiqadi. Eng qizig‘i, ular faqat Telegram'dan aloqaga chiqishadi. Telegram orqali aloqaga chiqilganda firibgarlar telefon raqamini ko‘rishning iloji bo‘lmaydi. Ular sizning tovaringiz haqida hamma ma'lumotlarni so‘raydi. Siz, tabiiyki, ularga tovaringiz haqida ma'lumot berasiz.
Keyingi harakat pul oldi-berdi masalasi bo‘yicha bo‘ladi. Ular: «Men toshkentlik emasman, tovarni yetkazib berishni iloji bormi?» deb so‘raydi. Sotuvchi agar yetkazib berish pullarini to‘lab berishsa, farqi yo‘qligini, yetkazib berishini aytadi. Firibgar yetkazib berish xizmatiga murojaat berib qo‘yishini, sotuvchidan kelib olib ketishini aytib qo‘yadi.
Shundan so‘ng sotuvchida pulni kim beradi degan savol paydo bo‘ladi. Firibgarlar pulni yetkazib beruvchi firma berishini, faqat ulardan avtorizatsiyadan o‘tish kerakligini aytadi. Ya'ni: «Men seni tanimayman, pulni berib yuborsam, sen aldashing mumkin. Shuning uchun yetkazib beruvchi firma o‘rtada kafil bo‘lib beradi», – deyishadi.
Firibgarlar yetkazib beruvchi firmaga murojaat qilganini aytadi. Firmamizning saytiga o‘xshatib yasalgan soxta nusxasini berishadi. Lekin u yerda ma'lumotlar o‘zgartirilgan holatda berilgan. Asosiysi, havolalar bizning saytga ketadi. Ammo o‘rtadagi ma'lumot o‘zgartirilgan. Aynan shu joyidan hammasi boshlanadi. Tovarning nomi, ma'lumotlari va firibgar «o‘tkazgan» mablag‘lar haqida ma'lumotlar beriladi. Ma'lumotlarga asosan yana boshqa havolaga kirish kerakligi aytiladi. Tovar yuboruvchi shu havola orqali kiradi. Ko‘rib turibdi: hamma ma'lumotlar to‘g‘ri. «Pulni qabul qilish» degan joyini bosadi. Shundan so‘ng yangi sahifaga o‘tiladi.
Yangi sahifaga o‘tilayotganda fuqarolar bu bizning firmamiz emasligiga ahamiyat berishmayapti. Masalan, bizning saytimiz «Fargo.uz» bo‘lsa, u sal boshqacharoq qilib o‘zgartirilgan bo‘ladi. «Fargo.online» domeniga yo‘naltirib yuboriladi. Sotuvchi ushbu sahifaga kirgandan so‘ng uning karta ma'lumotlari raqami, berilgan vaqti va balansi so‘raladi.
Firibgarlar sotuvchiga Fargo kompaniyasidan avtorizatsiyadan o‘tish, pul mablag‘ini sotuvchiga yetib borishi uchun kartadagi bor mablag‘ni ko‘rsatish kerakligini aytishadi. Hushyor sotuvchilar bizga qo‘ng‘iroq qilishmoqda, hushyor bo‘lmagani esa kartasidagi bor pulni ko‘rsatib, «Poluchit dengi» tugmasini bosadi va kartadan pullari yechib olinadi. Agar kartadagi pul kam yoki yo‘q bo‘lsa, ular boshqa yo‘lga o‘tadi.
Firibgarlar sayt nomini tez-tez o‘zgartirishadi. Chunki bitta saytni ushlab turish qiziq emas. Shuningdek, odamlar bilib qolmasligi uchun ham o‘zgartirib turishadi.
Firibgarlar shu yo‘llar orqali fuqarolarning kuniga 20 mln.dan 35 mln.gacha pullarini yechib olishmoqda. Bu firibgarlik kompaniyalari Rossiya yoki Ukrainada turib ishlayotganini taxmin qilyapmiz», – deydi Azamat Abdullayev.
«Maxfiy kodni yuborishadi va shu orqali kartangizdagi hamma mablag‘ni yechib olishadi»
Firibgarlar asosan internet orqali oldi-sotdi qilinadigan saytlar vositasida sotuvchi va xaridorlarni aldab, ularning kartasidagi pul mablag‘larni yechib olishadi. Eng ommabop oldi-sotdi platformalaridan biri – OLX.uz sayti bilan ham ana shunday firibgarlik holatlari ko‘p uchrab turadi. Sayt rahbari Doniyor Turg‘unov buni tasdiqlab, jarayon haqida so‘zlab berdi.
«Fuqarolar o‘z narsasini sotish uchun saytga e'lon berishadi. Birozdan so‘ng e'lon bo‘yicha xaridor chiqadi va sizga yozadi. Siz bilan savdolashadi. Shundan so‘ng tovar pulini yuborganini, hisobni tekshirib ko‘rish kerakligini aytib, havola yuborishadi.
Havola firibgarlikning yangi ko‘rinishi bo‘lib, havolaga ular sizning kartangizdagi pulni yechib oladigan tizimni o‘rnatishgan. Havolaga kirsangiz, bizning saytga o‘xshash bo‘ladi. Lekin bizga umuman aloqasi yo‘q. Chunki bizda yetkazib berish xizmati yo‘q. Ikkinchidan, bizda kartalarning ma'lumotlari so‘ralmaydi. Umuman olganda, biz to‘lov tizimi emasmiz.
Bu – firibgarlikning bir turi. Telegram'dan yozishadi. Havolaga kirasiz. Kirganingizdan keyin pulingizni yechish uchun karta raqamingizni so‘rashadi. Karta raqamini yozganingizdan keyin hech qanday pul ko‘rinmaydi. Keyin sotuvchi pul yo‘qligini, ko‘rinmayotganini aytadi. Shundan so‘ng ular maxfiy kodni yuborishadi va shu orqali kartangizdagi hamma mablag‘ni yechib olishadi», – deydi Doniyor Turg‘unov.
Yuqoridagi ikkala holatda ham fuqarolar hushyor bo‘lmagani sabab firibgarlar bundan ustamonlik bilan foydalangan. Shu sababli bank kartasi orqali onlayn operatsiyalar bajarishda e'tiborli bo‘lish, karta haqidagi ma'lumotlar kiritishdan oldin platformaning haqiqiyligini tekshirish, maxfiy kodlarni hech kimga bermaslik lozim.
Shubhali holat sezildimi, albatta, qo‘ng‘iroq qilib, aniqlik kiritish talab etiladi. Chunki yechib olingan mablag‘ni qaytarib olish, uni kim yechganini aniqlash juda qiyin va ko‘plab holatlarda imkonsizdir.
Xulosa
Plastik kartadagi mablag‘larning yechib olinishi ko‘p uchraydigan holat. Ammo hayratlanarli tomoni, internetdagi ayni bir xil firibgarlikdan bir emas, bir necha marta aldanayotgan odamlar ham ko‘p. SMS tarzida kelgan maxfiy kodni birovga bergani oqibatida pulidan ayrilgan odamlar vaqt o‘tib yana shu xatosini takrorlashlari ham kuzatilyapti.
Fuqarolarimizni yana bir bor ogohlikka chaqirgan holda, maqola avvalida eslab o‘tilgan fakt – O‘zbekistonda firibgarlik jinoyatlari bir yil ichida ikki barobarga ko‘paygani haqida mulohaza qilishga chorlab qolamiz.
Rahmatillo Isroilov
Mavzuga oid
15:52 / 28.04.2023
Toshkentni sotish haqidagi e’lon muallifi maktab o‘quvchisi ekani ma’lum bo‘ldi
18:45 / 21.11.2022
Aldanib qolmang: Telegram'da aholiga pul tarqatilayotgani haqida yolg‘on xabar aylanib yuribdi
07:36 / 09.12.2021
Buxoroda tadbirkorga bankdan 400 ming dollar kredit olishda yordam berishni va'da qilgan SSP xodimi ushlandi
17:39 / 06.12.2021