O‘zbekiston | 16:50 / 30.10.2020
11205
6 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda kibersport: ilk yutuqlar, tan olishga shoshilmayotgan MOQ va sportchilar maoshi haqida

So‘nggi yillarda kibersport (kompyuter o‘yinlari) jahon miqyosida ommalashib bormoqda. 2018 yilda kibersport rasmiy sport turlari reyestrida yuzinchi sport turi sifatida tan olindi, hozirda uni Olimpiya o‘yinlariga ham kiritish harakatlari boshlangan. Kibersportga kiritilayotgan sarmoyalar bir necha million dollarni tashkil etmoqda.

O‘zbekistonda ham sekin-asta kibersportchilar shakllanib bormoqda. Ular orasida xalqaro turnirlarda ishtirok etib, medallar va pul mablag‘larini qo‘lga kiritayotganlar ham bor. 2016 yilda Aziz Pattaxov tashabbusi bilan O‘zbekiston elektron kompyuter sporti federatsiyasining faoliyat boshlashi bu sohadagi ilk qadam bo‘ldi.

Kun.uz muxbiri federatsiya prezidenti bilan suhbatda tashkilot faoliyati, o‘tgan 4 yilda qilingan ishlar, erishilgan yutuqlar, yechimini kutayotgan muammolar va kelgusidagi rejalar haqida suhbatlashdi.

– Kibersport federatsiyasi tashkil etilganiga ham 4 yilcha vaqt bo‘libdi. Shu vaqt oralig‘ida bu sport turida qanday natijalarga erishildi?

– Federatsiyamiz O‘zbekistonda kibersport turini rivojlantirish uchun tashkil etilgan. Dastlab biz kibersport turining ijobiy tomonlarini fuqarolarga va hukumatga ko‘rsatishga harakat qildik. Chunki mazkur sport turiga nisbatan salbiy fikrlar shakllanib qolgan edi. Umumiy kibersport turlari bilan federatsiyani tashkil qildik.

Birinchi qadam Parijda bo‘ldi. Jahon chempionatida sportchilarimiz bilan qatnashib keldik. Ukrainada o‘tgan Yevropa chempionatiga bizni taklif qilishdi. Chempionatda finalda o‘ynadik. Kibersportchimiz Muhammadali Turg‘unboyev 2-o‘rinni oldi. Bu sportchimiz Gruziyada chempionlikka erishdi.

Shundan so‘ng ko‘pchilik o‘ynaydigan PES yo‘nalishida ham saralash musobaqalari o‘tkazdik. Alibaba spors bilan shartnoma tuzdik. Va shu bo‘yicha saralash o‘tkazdik. Saralash davomida navoiylik talantni kashf qildik. Bu bolamizning ismi Salohiddin Esonov. Hozirda uni ko‘pchilik taniydi. U O‘zbekiston chempioni bo‘lgandan so‘ng, Markaziy Osiyo saralashiga chiqdik. Mintaqada ham chempion bo‘lgach, jahon chempionatida qatnashib keldik.

Salohiddin Esonov

Umumiy kibersportga o‘tadigan bo‘lsak, mobil qurilma va kompyuter qurilmasi orqali o‘ynaladigan o‘yinlarni ham, keng tarmoqda qobiliyatlilarni ham birlashtirmoqchimiz. «Dota» o‘yini bo‘yicha ham Markaziy Osiyoda chempion bo‘ldik. Markaziy Osiyoda qozog‘istonlik kibersportchilar bilan raqobatlashyapmiz. Qozog‘istonlik sportchilar oylik oladi, biznikilar esa yo‘q.

Eng katta yutuqlarimizdan, 2017 yil O‘zbekistonda birinchi marta kibersport bo‘yicha xalqaro turnir tashkil etdik. Sovrin jamg‘armasi 5 ming AQSh dollari bo‘lgan turnirda dunyoning eng kuchlilari ishtirok etishdi.

Yaqinda UzReport TV bilan shartnoma imzoladik. Endilikda doimiy ravishda kibersport musobaqalari onlayn translatsiya qilib boriladi.

Sport vazirligini alohida e'tirof etishim kerak. Bizni har doim qo‘llab-quvvatlab kelishmoqda.

– Hozirgi kunda «Espors Uzbekistan» federatsiyasi Milliy olimpiya qo‘mitasi tomonidan ham tan olinganmi?

– Hozirda shu ish bo‘yicha shug‘ullanyapmiz. Jahondagi ko‘plab kibersportga aloqador tashkilotlar federatsiyamizni tan olishdi. Alibaba bilan shartnoma tuzdik. Osiyo kibersport federatsiyasi ham bizni tan oldi.

Qiyinchilik, to‘sqinliklar hamma yerda ham bo‘ladi. Biz yutuqlarga o‘z mehnatimiz bilan erishib kelyapmiz. O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi kibersportni qabul qilishi qiyin bo‘lyapti. Lekin Sakin aka Po‘latovga (MOQ vitse-prezidenti – tahr.) o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Doimiy ravishda qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.

Biz Olimpiya qo‘mitasiga takliflar bilan murojaat qilyapmiz. Lekin bizga negadir e'tibor past darajada bo‘lyapti. Biz doimiy ravishda harakat qilyapmiz. O‘ylaymizki, tez orada natija bo‘ladi.

– Karantin bu sport turiga qanday ta'sir qildi? Arenalar faoliyat yurityaptimi?

– Karantin davrida onlayn ishladik. Kibersport arenalari karantin davrida yopildi. Hozircha ruxsat berilgani yo‘q. Arenalarimiz ochilishini kutyapmiz. Karantin qoidalariga amal qilgan holda faoliyatimizni davom ettirmoqchimiz.

– O‘zbekistonda ushbu sport turiga investitsiya kiritayotganlar bormi? Tadbirkorlar bundan qanday foyda olishi mumkin?

– Albatta. Bunday tadbirkorlar bor. Kibersport klublari ochish hamda federatsiyaga a'zo bo‘lish bilan yaxshi daromad olish mumkin. Chempionatlar tashkil etiladi.

Butun dunyoda ham bu sport turiga qiziquvchilar soni oshmoqda. Har yili 40 mln dollarlik musobaqalar bo‘lib o‘tadi. Barcha yo‘nalishlarda mukofot pullari baland. Yevropa maydonlaridagi kibersportchilarning oyligi bugunga kelib oyiga kamida 10-15 ming dollar atrofida. Bizda esa 200-300 dollar atrofida.

Kelajakda transferlar ham qilish niyatimiz bor. Xitoyda hozirda eng kuchli kibersportchi bilan 1 mln dollarlik shartnoma tuzishmoqda. Transferi esa 500 mingdan 1 mln dollargacha belgilanmoqda.

«Espors Uzbekistan» federatsiyasi uchun yangi akademiya tashkil qilmoqchimiz. U yerda bosh ofis, katta arena maydonchasi bor bino rejalashtiryapmiz. Bu borada rahbariyatga ham taklif berganmiz. Arena xalqaro standartlarga xos tarzda loyihalashtirilgan. Hozirda javobini kutyapmiz.

Rahmatillo Isroilov suhbatlashdi.

Suhbatni to‘liq Kun.uz'ning YouTube kanali orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Mavzuga oid