O‘zbekiston | 18:55 / 01.11.2020
7063
3 daqiqa o‘qiladi

Yo‘llarda texnik nosoz transport vositalari 8 ming marta qoida buzgan. Ular qanday tekshiriladi?

Ayni paytda O‘zbekistonda juda ko‘p qurilish qilinayotgani sabab ko‘chalarda katta hajmdagi yuk mashinalari tez-tez uchrab turadi. Ular motorining qanchalik talabga javob berishi, chiqarayotgan tutunning ekologiyaga zarari dolzarb mavzulardan biri. Shuningdek, ular olib ketayotgan qurilish materiallari, yuklarning, albatta, ekologiyaga ta'siri bor.

Hatto bunday mashinalar qatnovi mumkin bo‘lmagan markaziy ko‘chalar va yuk mashinalar yurishi taqiqlangan joylarda ham harakatlanmoqda. Aslida, bu mashinalar betonkalarda yurishi kerak. Bunga ilojsizlikdan yoki e'tiborsizlikdan yo‘l qo‘yyapmizmi?

Kun.uz IIV YHXBB vakillari bilan uyushtirgan suhbatda mana shu mavzuda ham so‘z bordi. Podpolkovnik Murod Sherliyev va podpolkovnik Ilhom Idirov bu borada boshqarma qanday ishlar qilayotgani haqida gapirishdi.

Hozirgi kunda qurilish ishlari jadal rivojlanib boryapti. Katta yuk mashinalari kirishi taqiqlangan qurilish bo‘layotgan joyga ular ma'lum ruxsatnoma asosida kiradi. Ekologik jihatdan har bir qurilish tashkiloti qurilish boshlashdan oldin kirib chiqadigan yuk avtomobillari uchun sharoit yaratadi. Ularni yo‘lga chiqarishdan oldin tozaligiga e'tibor qilib, chang, tuproqdan tozalash kerak.

Ikkinchi masala: ular ekologiyani zaharlayotgan tutunlari bo‘yicha har yili texnik ko‘rikdan o‘tkaziladi. Ko‘rik davomida transport vositasining texnik holati to‘liq tekshiriladi. Agar ulardan chiqadigan gaz miqdori me'yoridan ortiq bo‘lsa, ushbu transport vositalari texnik ko‘rikdan nosoz qilib o‘tkaziladi. Kamchilik bartaraf qilinganidan so‘ng texnik ko‘rikdan soz o‘tdi, deb ruxsatnoma beriladi. Transport vositasi yilida bir marta texnik ko‘rikdan o‘tgandan keyin qandaydir nosozlik paydo bo‘lsa, bu yo‘nalishda YHXB xodimlari tomonidan reydlar, yilida 2 marta ekologiya bo‘yicha tadbirlar o‘tkazib turiladi. Tadbirlar davomida aynan nosoz transportlarga e'tibor qaratiladi.

Yuridik tashkilotlarga tegishli yuk mashinalari holati har kun yo‘nalishga chiqishidan avval mexaniklar tomonidan tekshiriladi. Statistik ma'lumotlarga ko‘ra, hozirda respublikada texnik nosoz transport vositalari qoidabuzarligi 8 mingdan ortiqni tashkil etadi va bu son yildan yilga kamayib boryapti.

Bobur Akmalov

Ўткир Жалолхонов
Tayyorlagan Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid