O‘zbekiston | 10:41 / 02.11.2020
2899
2 daqiqa o‘qiladi

Davlat ishtirokidagi korxonalar to‘g‘risida axborotlarni oshkor etish tizimi joriy qilinadi

“Davlat ishtirokidagi xo‘jalik jamiyatlari hamda davlat unitar korxonalari to‘g‘risidagi ma'lumotlarni oshkor etish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilindi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xabariga ko‘ra, qaror bilan vazirliklar va idoralarning rasmiy veb-saytlarida mulkdor (muassis, aksiyador, ishtirokchi) funksiyalari amalga oshirilayotgan davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari va davlat unitar korxonalarining asosiy ma'lumotlari va moliya-xo‘jalik faoliyatining ko‘rsatkichlari oshkor etilishi belgilab qo‘yildi.

Jumladan:

  • ustav fondi miqdori va undagi davlat ulushi;
  • har chorak va yil yakunlari bo‘yicha buxgalteriya balansi va moliyaviy natijalari;
  • ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari;
  • ish o‘rinlari soni;
  • korxonalar boshqaruv va nazorat organlari tarkibi.

2021 yil 1 yanvardan boshlab davlat ishtirokidagi korxonalarning rasmiy veb-sayti bo‘lishi lozim. Veb-saytlarda iqtisodiy, moliyaviy va boshqa statistik ma'lumotlar, har chorakda yillik biznes-rejaning bajarilishi va strategik maqsadlarga erishish ko‘rsatkichlari joylashtirilishi lozim.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligining maxsus axborot tizimida har chorak va yil yakunlari bo‘yicha (chorak tugagandan so‘ng 40 kun ichida, moliya yilining 25 fevraligacha):

  • biznes-reja bajarilishi ko‘rsatkichlari;
  • ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish;
  • soliq va davlat maqsadli jamg‘armalariga to‘lovlar;
  • tashqi qarzdorlik;
  • mahalliylashtirish va investitsiya loyihalari bajarilishi to‘g‘risidagi ma'lumotlarni joylashtiradilar.

Veb-saytlarga qo‘yiladigan talablar tegishli vazirlik va idoralar tomonidan birgalikda ishlab chiqiladigan nizom bilan tartibga solinadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid