O‘zbekiston | 22:25 / 02.11.2020
2475
3 daqiqa o‘qiladi

Mehnat vazirligi shakar zavodlarida ommaviy ishdan bo‘shatish bo‘layotganini rad etdi

Angren va Xorazmdagi shakar zavodlarida xodimlar ommaviy ishdan bo‘shatilayotgani haqidagi xabarlar o‘z tasdig‘ini topmadi, deya bayonot berdi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi.

Vazirlik axborotiga ko‘ra, Davlat mehnat inspeksiyasi holat bo‘yicha o‘rganish o‘tkazib, unda «Angren shakar» va «Xorazm shakar» MChJlarda ishchi xodimlar jamiyat tashabbusi bilan ommaviy ravishda ishdan bo‘shatilmaganini aniqlagan.

Xabarda zavodlar pandemiya sababli ish faoliyatini vaqtinchalik to‘xtatgani va hozirda zavodni ishga tushirish choralari ko‘rilayotgani aytiladi.

«Xorazm shakar» MChJda 1081 nafar ishchi bilan mehnat shartnomasi rasmiylashtirilgan bo‘lib, hozirgi kunda 418 nafar ishchi xodim korxona o‘z ish faoliyatini qayta tiklagunga qadar ta'mirlash ishlari bilan shug‘ullanib kelayotgani, faqatgina o‘z xohishiga ko‘ra mehnat shartnomasini bekor qilishni so‘rab murojaat qilgan xodimlar ishdan bo‘shatilgani ma'lum bo‘ldi.

«Angren shakar» MChJda esa hozirgi kunda 550 nafar xodim bo‘lib, 2020 yilning iyun oyidan oktabr oyiga qadar jami 170 nafar xodim bilan taraflarning kelishuviga ko‘ra mehnat shartnomalari bekor qilingan. Shuningdek, mehnat shartnomasini bekor qilish bilan bog‘liq barcha xarajatlar o‘z vaqtida to‘lab berilgan. Karantin cheklovlari o‘rnatilgani korxonaning shakar oldi-sotdisiga jiddiy zarar yetkazgani sababli jamiyat faoliyati 2020 yil iyun oyida to‘xtatilishi munosabati bilan korxona xodimlarining xohishiga binoan mehnat ta'tillari va o‘z hisobidan ta'tillar berilgan. Joriy yilning sentabr-oktabr oylari uchun esa xodimlarga o‘rtacha oylik ish haqi to‘lab berilgan», – deyiladi vazirlik axborotida.

Qo‘shimcha qilinishicha, inspeksiya xabarlarda aytilganidek ommaviy ishdan bo‘shatilish bo‘lishining oldini olish maqsadida ikkala korxonaga Mehnat kodeksi talablariga qat'iy rioya qilish bo‘yicha yozma ko‘rsatmalar bergan.

Eslatib o‘tamiz, Kun.uz 27 oktabr kuni o‘z manbasiga tayangan holda «Xorazm shakar» MChJ o‘z ishchilarini ommaviy ravishda ishdan bo‘shata boshlagani, bunga zavodning xomashyosi yo‘qligi va shu bois iyul oyidan beri ishlab chiqarish to‘xtab qolgani sabab bo‘lgani haqida xabar bergan edi.

Shu kuni O‘zbekiston Milliy axborot agentligi «Angren shakar» MChJ matbuot xizmatiga asoslanib, Xorazm va Angrendagi shakar zavodlari ishchilari ommaviy ravishda ishdan bo‘shatilayotganini bildirdi. Xabarda ikkala zavod yil oxiriga qadar deyarli barcha ishchilarni ishdan bo‘shatishni mo‘ljallagani aytilgan.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid