O‘zbekiston | 14:31 / 03.11.2020
11018
5 daqiqa o‘qiladi

Bekobodlik tadbirkor ishi: viloyat prokuraturasi tahririyat so‘roviga javob bermayapti

Kun.uz tahririyati jurnalistik surishtiruvlar davomida shu yilning 1 oktabr kuni Toshkent viloyat prokurori nomiga so‘rov kiritgan edi. Biroq ushbu xat hamon javobsiz qolmoqda.

Foto: KUN.UZ

Bekobod tumanida yashovchi fuqaro G‘aybulla Xudayberdiyevning auksionda sotib olgan yer uchastkasi ustida qurgan savdo do‘koni binosi prokuror tashabbusi bilan buzib tashlangani, ammo ko‘p o‘tmay bino buzilishiga asos bo‘lgan ma'muriy sud qarorlari Oliy sudda bekor bo‘lgan edi.

Kuni kecha tahririyatga Bekobod tumanidan navbatdagi xabar kelib tushdi. Ma'lum bo‘lishicha, Oliy sud qarori ortidan fuqarolik ishlari bo‘yicha Bekobod tumanlararo sudi o‘zining 2020 yil 17 martdagi binoni majburiy buzish to‘g‘risidagi hal qiluv qarorini yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rib chiqib, bekor qilgan. Hozirda Kun.uz mazkur sudning o‘zida mazmunan ko‘rib chiqilayotgan fuqarolik ishi jarayonini kuzatmoqda.

Ammo, hozircha tadbirkorning suyunishiga biroz erta, sababi ma'muriy sud qarorlari Oliy sudda bekor bo‘lganidan keyin, «yengilgan kurashga to‘ymas» qabilida ish tutayotgan tuman prokuraturasi tuman ma'muriy sudiga o‘sha eski vajlar va o‘sha eski talab bilan qaytadan ariza kiritgan.

Bu o‘rinda prokuratura Ma'muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeks talablarini biroz unutgan ko‘rinadi. Chunonchi, ushbu kodeksning 108-moddasi, 2-qismiga ko‘ra, sudning ayni bir shaxslar o‘rtasidagi, agar ayni bir predmet to‘g‘risidagi va ayni bir asoslar bo‘yicha nizo yuzasidan qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori mavjud bo‘lsa, sud ish yuritishni tugatadi.

Arizani kiritishda muddatlarga ham e'tibor qaratish lozim. Boisi MSIYutKning 186-moddasi, 1-qismiga ko‘ra, ma'muriy organning qarori ustidan ariza manfaatdor shaxsga o‘zining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilgani to‘g‘risida ma'lum bo‘lgan paytdan e'tiboran uch oy ichida sudga berilishi mumkin. Ustidan shikoyat qilinayotgan qarorlar esa bundan 2 yil muqaddam qabul qilingan. Prokuraturaning ushbu qarorlardan rasman xabardorligiga ham qariyb 1 yildan oshgan.

Shuningdek, Oliy Sud plenumining 2019 yil dekabrdagi «Ma'muriy organlar va ular mansabdor shaxslarining qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha sud amaliyoti haqida»gi 24-son qarori 18-bandiga ko‘ra, ma'muriy organlar va ular mansabdor shaxslari qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat berish to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rishda, sud Fuqarolik kodeksining da'vo muddati to‘g‘risidagi normalarini qo‘llashga haqli emas va faqat Ma'muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeks hamda tegishli huquqiy munosabatlarni tartibga soluvchi qonunlarda nazarda tutilgan muddatlargagina asoslanishi kerak.

Bekobod tuman ma'muriy sudi raisi M.Qobilov prokurorning ushbu arizasini ko‘rib chiqishda biz yuqorida xotirlagan qonun normalariga e'tibor qaratishiga ishonch bildiramiz.

Tahririyat bilan bog‘langan tadbirkor ommaviy axborot vositalari orqali chiqish qilganidan so‘ng, unga nisbatan bosimlar kamayish o‘rniga karrasiga ortib ketgani, viloyatdagi mas'ul idoralar masalaga panja ortidan qarayotgani va huquqlari poymol etilishi davom etayotganini bildirib, vaziyatni shaxsan Bosh prokuror nazoratga olishini istamoqda.

Tadbirkorning ushbu gaplarida biroz jon borga o‘xshaydi. Sababi bundan bir oy muqaddam Toshkent viloyat prokurori nomiga tahririyat nomidan rasmiy so‘rov yuborilgan edi.

Ammo haligacha ushbu xatga javob berilmadi, saytda e'lon qilingan tanqidiy maqolalarga ham munosabat bildirilmadi.

Umid qilamizki, Bekobod tumanida sodir bo‘layotgan ushbu holatlar Bosh prokuratura nazoratiga olinadi va adolatli ko‘rib chiqiladi.

Tolib Rahmatov
Kun.uz muxbiri   

G‘aybulla Xudayberdiyevning Bekobod tumanidagi davlat idoralari bilan bog‘liq muammosining to‘liq tafsilotlari bilan quyidagi maqolalar orqali tanishishingiz mumkin:

Дилшод Абдуқодиров
Tayyorlagan Дилшод Абдуқодиров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid