Jahon | 22:52 / 03.11.2020
27127
2 daqiqa o‘qiladi

Izmirdagi zilziladan 4 kun o‘tib vayronalar ostidan 3 yoshli qizcha tirik topildi

Izmirda yuz bergan kuchli zilziladan 91 soat o‘tib vayronalar ostidan 3 yoshli qizcha tirik topildi. 

Foto: Anadolu Agency

Izmir viloyati gubernatori Salim Qoshg‘arning ma'lum qilishicha, Ayda Gezgin ismli 3 yoshli qizcha qutqarib olingan. Qizcha vayronalar orasidan chiqarib olingan 109-kishi bo‘ldi.

Qizchaning qutqarilishida ishtirok etgan qutqaruvchilardan biri Nusrat Aksoyning ta'kidlashicha, u qizcha ovozini eshitib, bu haqda boshqa qutqaruvchilarga ma'lum qilgan. 

“Dastlab men qizcha ovozini eshitdim va bu haqda boshqalarga xabar qildim. Qizchaga yetib borganimda, uning ismini va qo‘lini silkita oladimi-yo‘qmi so‘radim. Qizcha qo‘lini ko‘tarib, uni silkitdi”, deb aytgan qutqaruvchi.

Aniqlanishicha, Ayda zilzila vaqtida uyining oshxonasida bo‘lgan va kir yuvish mashinasi hamda idish yuvish mashinasi orasidagi bo‘shliqda qolib ketgan. Qizcha jiddiy jarohatlar olmagan. Keyinroq qutqaruvchilardan biri qizcha shifoxonaga olib ketilayotganda undan nimani xohlayotganini so‘raganda, u suv va ayron ichishni istayotganini aytgan. 

Shifokorlarning ta'kidlashicha, qizchaning ahvoli qoniqarli. Keyinroq qizchaning onasi o‘lik holda topilgan.

Aydaning amakisi oila a'zolari bir daqiqa ham umidni yo‘qotmaganlarini aytgan. “Ko‘rib turganingizdek, mo‘jizalar yuz beradi. Biz oldin ham zilzilalarni boshdan o‘tkazganmiz. Biz barchamiz duodamiz va qutqaruvchilar hamda shifokorlarga minnatdorlik bildiramiz”, deb aytgan qizchaning amakisi Anil Jondon. 

Aydaning qutqarilishi videosi butun dunyoga tarqaldi va ko‘pchilik buni haqiqiy mo‘jiza deb atadi.

2 noyabrda ham vayronalar ostidan ikki bola chiqarib olingandi. Ulardan biri 3 yoshli Elif Parinchak zilziladan 65 soat o‘tib topilgan. Bundan avvalroq esa 14 yoshli Idil Shirin qutqarilgandi.

Ayni vaqtda Izmirdagi qutqaruv ishlariga 8 mingga yaqin kishi hamda 25ta xizmat iti jalb qilingan.  

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid