Jamiyat | 17:50 / 03.11.2020
5881
2 daqiqa o‘qiladi

Rentgen natijalariga ko‘ra koronavirus tashxisi qo‘yish mumkin emas – shtab a'zosi

Rentgen xulosasi ushbu kasallikni tasdiqlab bermaydi. Chunki o‘pkaning surunkali kasalliklari xuruji va boshqa kasalliklar tufayli kechayotgan o‘pkadagi o‘zgarishlar ham rentgenda aks etishi mumkin.

Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a'zosi Barno Abdusamatova AOKAda o‘tkazilgan brifingda rentgen xulosasi Covid-19’ni tasdiqlasa, nega boshqa laborator tahlillardan o‘tkazish kerakligi haqidagi savolga javob qaytardi.

«Rentgen va MSKT tekshiruvlari bunday tashxisni qo‘yish uchun asosiy tekshiruv usullariga kirmaydi, balki yordamchi qo‘shimcha usullarga kiradi.

Shuningdek, kasallikning turi, ya'ni yengil, o‘rta, o‘rta og‘ir va og‘ir kechishini biz rentgen tasvirlariga qarab qo‘ya olmaymiz. Chunki kasallik kechishini biz har bir bemorga individual qaragan holda, unda kechayotgan klinik belgilar, qonning kislorod bilan to‘yinish darajasi, maxsus laborator tekshiruvlar natijalariga qarab qo‘yishimiz mumkin.

Ushbu kasallikda JSST va barcha yuqori malakali mutaxassislar fikriga ko‘ra, eng ishonchli tashxisni tasdiqlovchi usul bu virusning o‘zini aniqlovchi PZR (polimeraza zanjir rekatsiyasi) usulidir.

PZR tahlilda – yuqori nafas yo‘llari shilliq qavatidan olingan namunada koronavirusning genetik materiali (RNK) bor yoki yo‘qligi aniqlanadi. Namuna olish nisbatan tez va og‘riqsiz kechadi. Bu analiz kasallikning inkubatsion (yashirin) davrida ham ijobiy natija olish va barvaqt tashxis qo‘yish imkonini beradi. Virus organizmga kirganiga 5-7 kun bo‘lgandan boshlab musbat natija olish mumkin», dedi Barno Abdusmatova.

Mavzuga oid