O‘zbekiston | 21:29 / 03.11.2020
18418
8 daqiqa o‘qiladi

«Uzog‘i bilan ikki yilda to‘liq lotin yozuviga o‘tamiz» – Inomjon Azimov kirill-lotin muammosi haqida

«Ikki xil yozuvda yurgan bizdek davlat biror yerda bo‘lmasa kerak. Xohlagan joyingiz, xohlagan vazirlik va tashkilotingizga boring – hamma istaganini qilyapti. Biror bir mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. Har bir davlatning bir to‘xtamga kelgan yozuvi bo‘lishi kerak», – deydi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi direktori Inomjon Azimov.

20 oktabr kuni Prezident Mirziyoyev davlat tili bayrami oldidan «Mamlakatda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi.

Ayni hujjatda Vazirlar Mahkamasiga uch oy muddatda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga to‘liq o‘tishni ta'minlash maqsadida ishchi guruhi tuzish va qilinishi kerak bo‘lgan ishlarni belgilab olish vazifasi yuklangan.

Kun.uz shu kabi kamchiliklar, prezident farmoni, shu asos bilan yaqin vaqtlarda qilinadigan ishlar hamda turg‘unlik belgisi bo‘lgan kirill yozuvidan qachon to‘liq voz kechilishi borasida Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi direktori Inomjon Azimov bilan intervyu uyushtirdi.

— Ayting-chi, farmon bo‘yicha tuziladigan ishchi guruh qancha vaqtda lotin yozuviga to‘liq o‘tish bo‘yicha sharoitlarni hozirlaydi? Umuman, ishchi guruhning qiladigan ishi nimadan iborat bo‘ladi?

— Bu farmon davlat tilini rivojlantirish va buni qonunan mustahkamlash bo‘yicha qilinayotgan ishlarning davomi hisoblanadi. Bu farmonda siz aytganingizdek, lotin yozuviga to‘liq o‘tish yuzasidan topshiriqlar ham belgilangan.

Agar tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, biz o‘z yozuvini eng ko‘p o‘zgartirgan xalqmiz. Jumladan, arab yozuvidan uzoq yillar foydalanib keldik. Undan keyin lotin va yana kirill yozuviga ham o‘tdik. 1993 yildan boshlab yana lotin yozuviga o‘tish bo‘yicha harakat qilyapmiz.

Prezidentning mana shu farmoni e'lon qilinganidan keyin ayrim internet sayt va chetdan yuritiladigan ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan buni boshqa tomonlarga burish harakatlari kuzatilyapti.

Ularning fikricha, lotin yozuviga o‘tishi bilan O‘zbekiston turkiy davlatlar bilan bir bo‘lib olayotgan ekan. Yo‘q, lotin yozuvi bizga begona yozuv emas. Yuqorida aytganimdek, 1929–40 yillar orasida aynan shu yozuvdan foydalanganmiz.

Yana bir narsani aytish kerakki, 1993 yilda lotin yozuviga o‘tish bo‘yicha qonun qabul qilingan bo‘lsa, 2005 yil uning ijrosiga oxirgi muddati deb olingan edi. 2004 yilda esa bu muddat yana 2010 yilgacha deb uzaytirildi. Afsuski, 2010 yil o‘tib, 2020 yil ham tugayaptiki, biz hamon bu masalani hal qilolganimiz yo‘q. Xullas, bu vaziyatga turli bo‘hton va uydirmalarni aralashtirish yaramaydi.

Biz o‘zimizning tarixiy xatoyimizni to‘g‘rilashimiz kerak.

Ishchi guruh ham bekorga tuzilayotgani yo‘q. Hozir Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi huzurida butun respublika miqyosidagi yetuk olimlarni jamlagan holda katta ishchi guruh tuzilgan.

Biz hozir shunday taklif qo‘ymoqdamizki, lotin yozuviga o‘tish jarayonini tezlashtirishimiz kerak. Biz juda ko‘p vaqt yo‘qotib qo‘ydik. Uzog‘i bilan 2 yil ichida lotin yozuviga o‘tishimiz kerak. Hozir bu jarayonga qaysi soha qanday o‘tishi kerakligi borasida tartib ishlab chiqilyapti. Bu jarayonga ko‘p tashkilotlar tayyor bo‘lgan. Masalan, Xalq ta'limi vazirligi to‘liq lotin yozuviga o‘tgan. Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi ham shu yozuvda ishlayapti. Hozir bizda jamiyatning boshqa tomonlari, masalan, matbuotni va ilmiy adabiyotlarni to‘liq lotin yozuviga o‘tkazish ishi qolyapti.

Bizning, ishchi guruhning asosiy ishi jamiyatni shu jarayonga tezroq tayyorlash. Bu tayyorlashning esa biror muammoli joyi yo‘q. Men doim «Ma'rifat» gazetasini misol qilib aytaman. 2 yil bo‘ldi, ular to‘liq va osonlik bilan lotin yozuviga o‘ta olishdi. Bu eng yaxshi tajriba. Tajribani esa hamma o‘zidan boshlashi kerak.

Men ayrim paytlarda yoshi kattalar tomonidan lotin yozuvi qiyinroq, degan so‘zlarni eshitib qolaman, yo‘q, bu yozuv qiyin emas, faqat ko‘z o‘rganishi kerak.

Biz hozir davlat tashkiloti xodimlari  hamda aholini lotin yozuvi bo‘yicha malakasini oshiryapmiz. Ular ichida katta yoshlilar ham (60, 50 yoshdagilar) bor-yo‘g‘i bir oy ichida to‘liq lotin yozuvida ishlashni o‘rganib olishyapti. Qaytaraman, lotin yozuviga o‘tish qo‘rqinchli ish emas. Unga o‘tish kerak, tamom.

— Xo‘sh, undan keyin-chi, lotin yozuviga to‘liq, uzil-kesil o‘tish jarayoni qancha vaqtni oladi?

Siz keyingi ikki yil haqida gapiryapsiz, lekin biz deyarli o‘ttiz yildan beri bu yozuvga o‘tish haqida gapiryapmiz. Shu yillar ichida, balki, o‘ttiz marta ishchi guruh tuzilib, o‘ttiz marta «yo‘l xarita», dasturlar qilingandir, lekin amaliy ish yo‘q-ku. Men amaliy ish qachon bo‘ladi deb so‘rayapman.

— Savolingiz juda to‘g‘ri. Ikki xil yozuvda yurgan bizdek davlat biror yerda bo‘lmasa kerak. Xohlagan joyingiz, xohlagan vazirlik va tashkilotingizga boring, hamma istaganini qilyapti. Biror bir mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. Har bir davlatning bir to‘xtamga kelgan yozuvi bo‘lishi kerak.

Qaytaraman, mening aniq fikrim, uzog‘i bilan ikki yilda biz to‘liq, hamma sohada lotin yozuviga o‘tishimiz kerak. Agar bu muddat yuqorida aytganimizdek, yana cho‘ziladigan bo‘lsa, keyin qiyin bo‘ladi.

Qo‘shnimiz Qozog‘istonni ko‘ring, ular lotin yozuviga o‘tamiz deb tayyorgarlik ko‘rishdi va hozir deyarli hamma tashkilotlari bu yozuvga o‘tib bo‘ldi.

— Bunga bizda misollar yetarlicha. Masalan, Turkiyada Kamol Otaturk, Turkmanistonda Saparmurod Niyozov islohoti.

— Ha, hozir prezident Mirziyoyev ham buni qo‘llab-quvvatlayapti.

— Siz ishonch bilan bir-ikki yil ichida lotin yozuviga to‘liq o‘tamiz deyapsiz. Ayting-chi, bu yo‘lda bizga nimalar asosiy to‘siq bo‘lishi mumkin va bo‘lyapti?

— Men eng ko‘p aytaman, bu yo‘lda bizga yordam beradigan kuch bu – OAV. Birinchi navbatda OAV mana men deb chiqishi kerak va bizga yordam berishi kerak. Ular shunday yaxshi tashabbus bilan chiqishi kerak.

Biz yuqorida misol qilgan «Ma'rifat» gazetasi ham aynan mana shunday tashabbus bilan chiqqan edi.

Hozir ikki xil yozuv haqida gapiryapmiz-u, lekin uchinchi xil yozuv ham paydo bo‘lgan, bu ijtimoiy tarmoq yozuvlari. Bu yozuvni yoki kirill demaymiz, yoki lotin – ikkovi ham aralash. Bunda ijtimoiy tarmoqlardagi kanal, guruhlarni yuritayotganlar odamlarga nimani o‘rgatayotgani haqida mas'uliyat bilan o‘ylashi kerak.

Yana bir bor qaytaraman, bizda bu borada hamma narsa tayyor va hammasi shunday ketsa, balki, bir yilda ham lotin yozuviga to‘liq o‘ta olamiz.

Buni kutish kerak emas. Mana onlayn ta'limga juda uzoq tayyorgarlik ko‘rishdi, lekin pandemiya tufayli majbur bo‘lindi va tezda onlayn ta'limga o‘tildi.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

 

Ilyos Safarov tayyorladi.
Tasvirchi: Mirvohid Mirrahimov.

Mavzuga oid