O‘zbekiston | 17:57 / 03.11.2020
6736
3 daqiqa o‘qiladi

World Skills Uzbekistan-2020: o‘z kasbining ustalari aniqlandi

30-31 oktyabr' kunlari “Ishga marhamat” band bo‘lmagan aholiga xizmatlar ko‘rsatish monomarkazi binosida ishchi kasblar bo‘yicha “World Skills Uzbekistan-2020” chempionati bo‘lib o‘tdi. Chempionat ishchi kasblarni rivojlantirish va ommalashtirish assotsiatsiyasi (World Skills Uzbekistan) va O‘zbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamkorligida tashkil etildi. Musobaqada 16 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lganlar ishtirok etdi. Toshkent, Samarqand va Shahrisabzdan kelgan 36 nafar yosh mutaxassis mehmonxona ma'muriyati, sartaroshlik san'ati, oshpazlik, quruq qurilish va pardozlash ishlari, elektr montaji, payvandlash texnologiyalari bo‘yicha bellashdi.

Ularning ishini 45 nafar ekspert baholadi. Chempionat so‘ngida barcha ishtirokchilar kasbiy bilim va ko‘nikmalar to‘g‘risidagi sertifikatlar –Skills-pasportlar oldilar va g‘oliblar oltin medal bilan taqdirlandi.

Tanlovning mehmonxona xo‘jaligi yo‘nalishida Yusupova Sevara, oshpazlik bo‘yicha Abrolova Yoqutoy, sartaroshlik san'ati bo‘yicha Mahkamov Otabek, quruq qurilish va suvoqchilikdan Abdurahmonov Akbar, elektromontaj yo‘nalishida Sopayev Sherzod, payvandlash bo‘yicha esa Abdurahmonov Baxtiyor g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

O‘tgan yil dekabr' oyida “Yosh professionallar” ittifoqi (World Skills Russia) bilan hamkorlikda ishchi kasblar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi birinchi ochiq milliy chempionati o‘tkazilgandi. Unda Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘izistondan ishtirokchi, ekspert va kuzatuvchilar ham ishtirok etishgan. Shundan so‘ng O‘zbekiston World Skills International xalqaro assotsiatsiyasining 83-a'zosi bo‘ldi.

World Skills International – xalqaro notijorat tashkilot bo‘lib, 2 yilda bir marta o‘tadigan xalqaro chempionatlarni tashkil etish orqali ishchi kasblar nufuzi va maqomini, shuningdek, kasbiy tayyorgarlik standartlarini oshirishga qaratilgan. Ishchi kasblar bo‘yicha jahon chempionati 2021 yil centyabrda Shanxayda o‘tkaziladi.

World Skills’ni O‘zbekistonda rivojlantirish bo‘yicha strategik hamkor BMT Taraqqiyot dasturi sanaladi. Undan ko‘zlangan maqsad mehnat bozoridagi qator faol tashabbuslarni amalga oshirishda O‘zbekiston hukumatiga yordam ko‘rsatish orqali O‘zbekistonda asosan kollej va universitet bitiruvchilari, yosh ayollar orasida bandlikka ko‘maklashishdir.

Mavzuga oid