Fan-texnika | 14:29 / 04.11.2020
16067
2 daqiqa o‘qiladi

AirCar uchuvchi avtomobilining ilk parvozi namoyish etildi (video)

Foto: Klein Vision

Slovakiyaning Klein Vision kompaniyasi o‘zining yangi ishlanmasi – AirCar uchuvchi avtomobilini namoyish qildi. Videoda yig‘iluvchi ikki qanotga ega bo‘lgan aeromobil qanday qilib yerda yuruvchi texnikadan uchuvchi mashinaga aylanishi hamda AirCar'ning ilk parvozi ko‘rsatilgan.

4 kishiga mo‘ljallangan AirCar yerda yurgan vaqtida qanotsiz samolyot va giperkar qorishmasiga o‘xshaydi.

Uchishdan oldin uning «dumi» 60 santimetr orqaga suriladi va qanotlar ochilishi uchun joy ajratiladi. Qanotlar ochilib, havoga ko‘tarilib, “uchish rejimi”ga o‘tish uchun 3 daqiqa vaqt ketadi va bu jarayon to‘liq avtomatlashtirilgan, buning uchun haydovchi kabinadan ham chiqishi shart emas.

Avtomobilning orqa qismida joylashgan motor uning harakatlanishi va ikkita yirik parraklarni aylanishini ta'minlaydi. Ishlab chiqaruvchilar dvigatelning texnik xususiyatlari hamda avtomobilning qanday tezlikda harakatlanishi (uchish tezligi ham) rasman oshkor qilinmagan.

Yana bir nashrning xabariga ko‘ra, AirCar'ning og‘irligi 1,100 kg bo‘lib, havoga ko‘tarilishda o‘zi bilan yana 200 kg qo‘shimcha yuk olishi mumkin. Havoda uchish davomiyligi 1000 km va soatlik yonilg‘i sarfi 18 litrga yetadi. Aeromobil havoga ko‘tarilishi uchun 300 metr masofa kerak. Shuningdek, uning maksimal tezligi 200 km/soatga yetishi aytilmoqda.

Ma'lum qilinishicha, kompozit materiallar asosida ishlangan yengil kuzov va ikkita dvigatel bilan mashina suvda ham harakatlanishi mumkin.

AirCar – Klein Vision kompaniyasining ilk aeromobili emas. Avvalroq kompaniya qanotlarining uzunligi 6 metrga yetadigan AeroMobil nomli mashinani ishlab chiqargan edi. U sinov paytida kutilmaganda 300 metr balandlikdan tushib ketgan, haydovchi katapulta orqali hayotini saqlab qolgan. Shundan so‘ng ushbu loyiha butunlay to‘xtatilgan edi.

Mavzuga oid