O‘zbekiston elektron tijorat sohasida istiqbolli takliflarni amalga oshirishda hamkorlikka tayyor – Shavkat Mirziyoyev
O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Tszinpinning taklifiga binoan 4 noyabr kuni Shanxay shahrida «CIIE-2020» Import mahsulotlari uchinchi Xitoy xalqaro ko‘rgazmasining ochilish marosimi ishtirokchilariga videoaloqa orqali murojaat yo‘lladi.
Prezident matbuot xizmati Shavkat Mirziyoyevning ushbu tadbirdagi nutqi matnini keltirdi.
«Hozirgi vaqtda O‘zbekiston o‘zining industrial taraqqiyotini jadallashtirmoqda. Biz xomashyo eksportini qisqartirish, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish va ko‘paytirish siyosatini amalga oshiryapmiz.
Shu ma'noda, sanoat kooperatsiyasini faol rivojlantirish, birinchi navbatda, mineral-xomashyo resurslarni chuqur qayta ishlash va eksport bozorlariga chiqish uchun yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha yangi qo‘shma korxonalar tashkil etish tarafdorimiz.
Shu maqsadda sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha qo‘shma dastur qabul qilishni hamda qo‘shma investitsiya fondlari, sarmoyalarni kafolatlash va sug‘urtalash kabi vositalar yordamida ikki mamlakat biznes vakillarini aniq loyihalarni amalga oshirishga rag‘batlantirishni taklif etamiz», degan Shavkat Mirziyoyev.
Davlat rahbari pandemiya munosabati bilan iqtisodiyotni raqamlashtirish jarayonlarini tezlashtirish alohida dolzarb ahamiyat kasb etganini ta'kidlab o‘tgan.
«Xalqaro savdo, bojxona rasmiylashtiruvi, transport, ta'lim sohalariga axborot texnologiyalarini keng joriy etish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni ishlab chiqishni taklif etamiz.
Elektron savdo maydonchalaridan foydalanish hisobiga savdo hajmlarini yanada oshirish muhim ahamiyatga ega.
O‘zbekiston elektron tijorat sohasida istiqbolli takliflarni amalga oshirishda hamkorlikka tayyor», degan prezident.
Shuningdek, COVID-19 pandemiyasi bilan bog‘liq vaziyat global kun tartibining asosiy masalasi bo‘lib qolayotgani, ushbu inqiroz uzoq davom etishi ehtimoldan xoli emasligi qayd etib o‘tilgan.
«O‘z-o‘zidan ravshanki, ishlab chiqarish sur'atlarining pasayishi, tibbiy tovarlarga ehtiyojlarning ortishi, moliyaviy beqarorlik va global yetkazib berish zanjirlarining buzilishi sharoitida hech bir mamlakat yakka holda pandemiyaning salbiy oqibatlarini yengib o‘ta olmaydi.
Vaziyat ushbu hayotiy muhim masalada jipslashishni, muvofiqlashgan va, eng muhimi, samarali harakatlarni taqozo etmoqda.
Shu munosabat bilan tibbiyot sohasidagi hamkorlikni, pandemiya va transchegaraviy tusdagi epidemiologik tahdidlarga qarshi kurashishda tajriba almashishni kuchaytirishni taklif etamiz», degan Shavkat Mirziyoyev.
Mavzuga oid
21:00 / 21.11.2024
AQSh–Xitoy ziddiyati va Tayvan omili: Trampdan nima kutish mumkin?
19:13 / 21.11.2024
Xitoyda 83 mlrd dollarlik oltin zaxirasi topildi
21:37 / 20.11.2024
«Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston» temiryo‘li bo‘yicha muzokaralar yakuniy bosqichda – OAV
23:34 / 19.11.2024