O‘zbekiston | 19:27 / 04.11.2020
4988
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident Markaziy Osiyo transport-tranzit salohiyatini kengaytirish muhimligiga yana bir bor e'tibor qaratdi

Prezident matbuot xizmati Shavkat Mirziyoyevning Import mahsulotlari uchinchi Xitoy xalqaro ko‘rgazmasining ochilish marosimidagi nutqi matnini keltirdi

«Transport sohasidagi hamkorlikni kuchaytirish muhim yo‘nalish hisoblanadi.

O‘zbekistonda transport-tranzit salohiyatini jadal rivojlantirish, mintaqada quruqlikdagi kommunikatsiyalarning samarali tizimini shakllantirishga katta e'tibor qaratilmoqda.

Biz mintaqaviy va hududlararo o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash uchun keng istiqbollar ochib berayotgan «Bir makon, bir yo‘l» tashabbusini faol qo‘llab-quvvatladik.

Bugun Markaziy Osiyo, Buyuk ipak yo‘li davrlarida bo‘lganidek, Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va transport-tranzit yo‘laklarining habiga aylanishi mumkin.

Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston yangi multimodal transport yo‘lagi ochilganini olqishlaymiz, ushbu marshrut bo‘ylab temir yo‘l qurish loyihasini tezlashtirish tarafdorimiz.

Shuningdek, «Bir makon, bir yo‘l» tashabbusi doirasida «quruqlikdagi portlar», logistika va ulgurji-distribyutorlik markazlarining integratsiyalashgan tarmog‘ini shakllantirish borasidagi sa'y-harakatlarni birlashtirishni taklif etamiz.

Markaziy va Janubiy Osiyo temir yo‘llari tizimlarini bog‘laydigan yangi transport yo‘laklarini yaratish borasidagi tashabbuslar katta ahamiyatga ega.

Bu Yevroosiyo qit'asidagi quruqlik transporti tizimini tutashtirish imkonini beradi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida BMT shafeligida Transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish mintaqaviy markazini ochish taklifini ilgari surgan edim.

Ushbu tashabbus sheriklar va xalqaro tashkilotlar tomonidan faol qo‘llab-quvvatlanishiga umid qilamiz», degan Shavkat Mirziyoyev.

Mavzuga oid