O‘zbekiston | 08:00 / 06.11.2020
13048
6 daqiqa o‘qiladi

«Simyog‘ochlarni simlar ushlab turibdi...» - Andijonning ikki qishlog‘i qishga yaqin yana xavotirda

Qish yaqinlashib, havo sovishi bilan aholidan elektr energiyasi va tabiiy gaz ta'minotidagi kamchiliklar yuzasidan murojaatlar soni ko‘payadi. Biz ana shunday arznomalar ortidan Andijon viloyatining ikki qishlog‘idagi bir xil muammoli holatni o‘rgandik.

Orol qishlog‘idagi «nogiron simyog‘ochlar»

Andijon tumanining adirlar ichida joylashgan Orol qishlog‘ining So‘lim ko‘chasidamiz. Bizni murojaatchi fuqarolar kutib olib, ko‘chadagi ayanchli elektr tarmog‘i va «nogiron» simyog‘ochlar bilan tanishtira boshlashdi.

Ko‘chaga elektr 1956 yillari, bundan 64 yil avval kelgan ekan. Biroq o‘shandan beri simyog‘och va simlar almashtirilmagan. Yillar o‘z so‘zini aytib, simyog‘ochlar chirib, yonboshlab qolgan bo‘lsa, simlar uzilib ulanaverib, o‘z xususiyatini yo‘qotib osilib yotibdi.

«Qishlog‘imizga mana shu «stolba»lar 1956 yilda qo‘yilgan. Shu paytgacha xizmatini qilib, endi avariya holatiga kelib qoldi. Qarangki, 1985 yili «elektroset»dan tekshiruv kelib, mana bu simyog‘ochimizga «Almashtirish kerak» deb yozib ham ketgandi. O‘zgarish bo‘lmagan.

Simlarimiz cho‘zilib, pastlab ketdi. Tok quvvati pastligidan kir yuvish mashinalari, muzlatkichlar ishlamay qoladi», – deydi Ma'mirjon ota Hasanov.

«O‘tgan hafta nashrlaringda «Andijon shahridagi «qahramon» simyog‘ochlar» sarlavhali maqolani o‘qidik. Rahbarlarga yetib borgach, o‘sha ko‘chaga yangi «stolba»lar qo‘yilganidan ham xabarimiz bor. Bizning mahallamizdagi simyog‘ochlarimiz ham «qahramon» bo‘lib, buning ustiga «nogiron» ham. Bu yilgi qishdan yo chiqadi, yo chiqmaydi.

Mahalla kengayib boryapti-yu, lekin «stolba»lar qo‘yilmayapti. Shuning uchun odamlar bir-birining tomidan olib o‘tishga majbur bo‘lyapti. Oqibatda tok kuchi kamayib ketib, odamlarning uylaridagi elektr jihozlar ham ishlamay qolyapti. Simlar ham qayta-qayta ulanaverib, sal shamolga ham tok o‘chib qolyapti.

Mutasaddilarga qayta-qayta murojaat qildik. Ikki marta kelishib, yangilab beramiz deyishgandi. Samara yo‘q.

Simyog‘ochlarimiz yonboshlab qolgan, tagiga beton quyib, zo‘rg‘a tiklab qo‘yganmiz. Ag‘darilib ketishi hech gap emas. Farzandlarimizdan xavotirdamiz», – deydi Adhamjon ota Soliyev.

Ko‘chaning boshqa fuqarolari ham simyog‘ochlar qishli-qirovli kunlarga qolmay yangilanmasa, juda xavfli holga kelganini bildirishdi.

Simyog‘ochlarni simlar ushlab turgan qishloq

Keyingi manzilimiz Jalaquduq tumanining O‘rg‘i mahallasidagi Nuroniylar ko‘chasi bo‘ldi.

Ko‘cha nomiga yarasha ekan. Bizni bir guruh oppoq soqolli otaxonlar kutib olishdi. Bu yerda ham elektr tizimidagi holat juda achinarli. 200dan ziyod xonadon yashayotgan ko‘chadagi simyog‘ochlar yorilib ketibdi. Ularga tortilgan simlar ming uloq. Aksar simyog‘ochlarlarining tag qismlari chirishni boshlagan.

«Stolbalarni tortilgan simlar ushlab turibdi. Bo‘lmasa, allaqachon qulab tushgan bo‘lar edi. Farzandlarimiz bemalol televizor ko‘rib, muzlatgichlarni ishlata oladigan sharoitni kutib yashashyapti. Boshqa maishiy jihozlar – kir yuvish mashinasi, «duxovka», changyutkichlarni faqat kunduzi ishlata olamiz xolos.

Transformatorni shu paytgacha aholi o‘z yonidan ta'mirlab kelgan», – deydi mahalla nuroniysi Nishonboy Hamdamov.

Ko‘cha ahliga o‘tgan asrning 70-yillarida suv nasosi uchun o‘rnatilgan past kuchga ega «otaxon transformator» 50 yildan beri xizmat qilib kelmoqda. Ammo yillar o‘tib, elektr uskunalari ko‘paydi, aholi soni ham oshdi. Chiroqni charaqlatib yoqishga, muzlatgich, dazmolni ishlatishga endi uning kuchi yetmay qolgan.

«Qishlog‘imizga o‘tgan asrning 60-yillarida o‘rnatilgan simyog‘ochlar, unga tortilgan simlar, o‘sha paytdagi transformator shu paytgacha yangilanmadi. Bu vaqt oralig‘ida aholi soni bir necha baravarga ko‘paygan axir.

Kunduz kunlari tok quvvati me'yorida bo‘ladi. Kechqurun va ertalablari ayni kerak paytda 120-150 volt quvvatga tushib ketadi. Maishiy jihozlar ishlamaydi. Chiroqlar xiraligidan farzandlarimiz dars qila olmayapti.

Tuman elektr tarmoqlariga ko‘p bora murojaat qildik. Foydasi bo‘lmayapti. Mahallaga zamonaviy va quvvati baland transformator qo‘yilib, simyog‘ochlar va undagi simlarni yangilash kerak», – deydi Abduhoshim Vahobov.

Ishonchimiz komilki, tuman hududiy elektr tarmoqlari korxonasi Nuroniylar ko‘chasida tarmoq eskirgani va 160 kVt.li transformator ortiq yuklama bilan ishlayotganidan xabardor. Shuningdek, So‘lim ko‘chasidagi holat ham mutasaddilar uchun sir emas. Axir aholi vakillari ularga bir emas, bir necha marta murojaat bilan chiqishgan.

Istardikki, mas'ullar Orol va O‘rg‘i mahallalaridagi holatga e'tibor qaratishsa, o‘zlarini shu mahallada yashovchilar o‘rniga qo‘yib ko‘rsa... Ana shunda qishga qolmay muammo yechimi uchun amaliy harakatlar boshlansa ajab emas.

Elmurod Ermatov,
Ahrorbek Yoqubjonov.

Mavzuga oid