Iqtisodiyot | 19:52 / 07.11.2020
18052
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston «Lukoyl»dan 5 mlrd kub metr gaz sotib olgan – Energetika vazirligi

2020 yilda O‘zbekiston «Lukoyl» kompaniyasidan birlamchi 5 mlrd kub metr gazni kelishilgan narxda sotib olgan.

Energetika vaziri o‘rinbosari Behzod Normatov O‘zbekiston «Lukoyl»dan qancha hajmda gaz qanday narxda olinishi haqidagi savolga javob qaytardi.

«Haqiqatan ham sharqiy yo‘nalishdagi eksport marshrutlarimizda, ya'ni asosiy iste'molchimiz Xitoyda pandemiya tufayli talab kamayganligiga eksportimiz ham qariyb 5 baravarga kamaydi. «Lukoyl» bu yo‘nalishda eksportini to‘xtatgani yo‘q. Menimcha, ma'lumot to‘g‘ri emas.

«Lukoyl» davlat korxonasi, ijtimoiy korxona emas. Agar unga eksport qilish o‘sha narxlardami, yoki bo‘lgan hajmda ham eksport qilish arzon tushadigan bo‘lsa, ichki bozorga o‘ziga ma'qul bo‘lmagan narxlarda sotish kerak bo‘lsa, u o‘z-o‘zidan qisqartirib, minimal darajada ushlab turishga qaror qildi. Lekin biz bunga qaramasdan «Lukoyl» kompaniyasi bilan muzokaralar olib borib, bu narsani ichki bozorimizga yo‘naltirishga harakat qildik. Eksport hajmlari bilan eksport narxlari bu – konfedensial ma'lumot. Chunki shartnomalarda narxlar kompaniyalar orasidagi o‘zaro kelishuv orqali ma'lum qilinmaydi, chunki ichki ma'lumot.

Lekin O‘zbekiston respublikasiga bu yil «Lukoyl» kompaniyasidan birlamchi 5 mlrd kub metr gaz kelishilgan narxda sotib olingan. Albatta, bu eksport narxida emas, eksport narxidan ancha past narxda sotib olingan. «Lukoyl» kompaniyasi bilan kelishuv bor. Agar yana qo‘shimcha talab kerak bo‘ladigan bo‘lsa, kelishilgan narxlarda ichki bozorga yo‘naltirishimiz mumkin.

«Lukoyl»dan ichki bozorga yo‘naltirish natijasida yerosti saqlash majmualari bor. Andijon viloyatida Xo‘jaobod yerosti saqlash hamda Buxoroda Gazli yer osti saqlash korxonalari bor. Ularni rejadan avval kerakli miqdorda (bungacha bunday to‘ldirilmagan edi) to‘ldirib, qish mavsumida ishlatishga tayyorlab qo‘ydik», dedi Behzod Normatov «Energetika tizimidagi eng so‘nggi yangiliklar, kuz-qish mavsumiga ko‘rilayotgan choralar» mavzusiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida.

  • 2019 yil martida «Lukoyl» tomonidan ichki bozorga yiliga 5 mlrd kub metr gazni 12,5 foizlik chegirma bilan oldindan to‘lovning o‘rtacha hisoblangan eksport netbeki bo‘yicha yetkazib berilishi to‘g‘risidagi kelishuvga erishilgandi.
  • 2020 yilning avgustida «Lukoyl» kompaniyasi koronavirus sabab Xitoyda gazga bo‘lgan talab kamayib ketgani bois O‘zbekistonda gaz qazib olishni loyiha quvvatidan 40 foizga qisqartirgani ma'lum qilingandi.
  • 2020 yilning oktyabrida o‘tkazilgan yig‘ilishda prezident Shavkat Mirziyoyev tabiiy gaz qazib olishni ko‘paytirish va ichki bozorga qo‘shimcha gaz yetkazib berish bo‘yicha topshiriqlar bergandi. 

Mavzuga oid