O‘zbekiston | 19:47 / 08.11.2020
151944
13 daqiqa o‘qiladi

Elmira Bositxonova - shifokorlik yillari, uni yig‘latgan farzandi va Islom Karimov haqida

Bugun tibbiyot xodimlari bayrami kunini shifokor, hamshira, umuman tibbiyot sohasining qay bir vakili borki, o‘z ish joyida yoki oila davrasida nishonlamoqda.

Kasb bayramini nishonlayotganlar orasida yana shunday bir ayol ham borki, biz uni shifokor emas, ko‘proq tajribali rahbar, xotin-qizlar masalasida barchamizga yaxshi tanish bo‘lib qolgan inson sifatida bilamiz.

Demak, navbatdagi suhbatdoshimiz – tibbiyot fanlari doktori Elmira Bositxonova.

Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari bilan suhbatimiz avvalgilaridan farqli ravishda tizimdagi muammolar, topshiriqlar ijrosi va shu kabilar haqida emas, balki bir shifokor hayoti, bu kasbning o‘ziga xos murakkabliklari, shifokor o‘zbek ayolining quvonch-u tashvishlari hamda uning rahbarlik darajasiga ko‘tarilib borishdagi past-u balandlikka to‘la yillar haqida.

— Elmira opa, nima uchun kasb sifatida aynan shifokorlikni tanlagansiz va bu sohaga kirib kelishingiz, shifokorlikdagi ilk yillaringizni qanday eslaysiz?

— Insonda kasb haqida orzuning paydo bo‘lishi oiladagi muhitga bog‘liq. Mening otam shifokor bo‘lgan. U kishi Toshkent tibbiyot institutida o‘qituvchi edi. 35 yoshida ish joyida yurak xurujidan vafot etgan. O‘sha paytda men 9 yoshda edim.

Maktabda a'lo baholarga o‘qiganman. Ko‘proq matematika faniga qiziqardim. 8-sinfligimda ammalarim mendan kelgusida qaysi kasbni egallamoqchi ekanligimni so‘rashganida, matematik bo‘laman, deb javob bergan edim. Shunda ular: «Yo‘q, qiz bolaga matematik bo‘lish yarashmaydi, sen ota kasbni davom ettirib, shifokor bo‘lasan», deyishgan. Va menga otamning qanday inson bo‘lgani haqida aniq tushuncha berishgan.

Shundan keyin o‘zim ham ota kasbni davom ettirishni xohladim va 1975 yil Toshkent tibbiyot institutiga o‘qishga kirdim. O‘zim ko‘z shifokori bo‘lishni xohlaganman, lekin 5-kurs oxirida kasblar taqsimlanayotganda men tug‘ruqxonada edim va shuning uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri shoshilinch tibbiy yordam bo‘limiga taqsimlab yuborishgan.

Shoshilinch yordam kasalxonasida ishlab yurganimda reanimatsiya bo‘limiga mutaxassis zarur bo‘lib qoldi va men ustozim, professor, xirurg Nadejda ismli ustozimning tavsiyasi bilan reanimatsiya bo‘limiga ishga o‘tdim.

Umuman, tasodiflar va oiladagi tavsiyalarga ko‘ra shu kasbga kirib kelganman.

— Shifokorlar sohaga kirib kelayotganda Gippokrat qasamini ichishadi. Bu siz uchun nimani anglatadi?

— Qasam – mening tushunchamga ko‘ra, qilayotgan xatti-harakatlarda alohida tartib-intizomga amal qilishga majbur bo‘linganda ichiladi.

Masalan, harbiylar ham o‘zlarining ustaviga rioya qilishga qasam ichishadi va agar bu qasamga amal qilishmasa, katta xatoga yo‘l qo‘yishgan yoki jinoyat qilishgan bo‘lishadi. Tibbiyot sohasi ham insonlarning hayoti bilan bog‘liq.

Kosmetolog yoki o‘qituvchilarda qasam ichish yo‘q, lekin tibbiyotchilarda bor. Chunki tibbiyot sohasida ham harbiylarda bo‘lgani kabi rahbar aytgan ishni aniq bajarish kerak.

Bir shifokor bilimli bo‘lsa, u bitta kasalni tuzatib beradi va yoki o‘z xatosi bilan bir odamning o‘limiga yoki asoratli dardga sabab bo‘ladi. 

Mana, siz bilan hozir vazir o‘rinbosari, sog‘liqni saqlash tizimi tashkilotchisi sifatida gaplashib turibman. Aynan sog‘liqni saqlash tashkilotchisining yomoni butun tizimni parokandalikka uchratishi mumkin. Yaxshisi esa minglab, millionlab aholining salomatligini saqlab qolishi mumkin.

— O‘tgan vaqt davomida, hayot sizni qachondir shu qasamga qarshi borishga majbur qilgan paytlar ham bo‘ldimi?

— Majbur qiladigan vaqtlari bo‘ladi va shuning uchun ham qasam ichiladi. Masalan, bir safar bosh miya jarohati bo‘lgan bemorda jismoniy zo‘riqish bo‘ldi va u juda xavfli harakatlar qila boshladi. Biz uni tinchlantirishga harakat qilishimiz, qo‘l-oyog‘ini ushlab turishimiz kerak edi. Qarangki, o‘sha vaqtda men uchinchi farzandimga homilador edim. Homilador ayol aslida bunday holatdan uzoqroq bo‘lishi kerak, chunki bemor o‘z harakatlari bilan senga zarba berib qolishi mumkin. Lekin men shunda ham qo‘rqmasdan bemorni ushlab turib, o‘ziga zarar yetkazmasligi uchun barcha chorani ko‘rganman.

Bundan tashqari, bir safar shifoxonamizga 13 yoshdagi, Dildora ismli qizni olib kelishgandi. U samolyotning parvoz vaqtidagi silkinishi tufayli oldidagi o‘rindiqqa qorni bilan urilgan ekan. Buning oqibatida Dildoraning buyragi yorilib ketgan edi. Biz uni operatsiya qilib, bir buyragini olib tashladik. Ammo vaqt o‘tib unda gemoglabin miqdori tushib keta boshladi. Aniq esimda, gemoglabin 36gacha tushgandi. Bu paytda unga shoshilinch qon quyish kerak edi. Ammo bilasizki, qasamimizga ko‘ra bemorga to‘g‘ridan to‘g‘ri qon quyish mumkin emas. Shunda uning otasi yonimga kelib, mening qonim qizimnikiga to‘g‘ri keladi, menikini olib quying, barcha mas'uliyatni o‘z zimmamga olaman, degandi. Men esa, yo‘q, siz javob berolmaysiz, barchasini o‘z zimmamga olaman, deya to‘g‘ridan to‘g‘ri qizga qon quydim va u sog‘ayib ketdi.

Eng quvonarlisi shundaki, 8 yildan keyin Dildoraning otasi men qizimni turmushga beryapman, deya to‘yga taklifnoma tashlab ketdi.

Gippokrat qasami bemorga nisbatan xiyonat qilmaslikni talab qiladi va men bu qasamyodni buzmaganimdan mamnunman.

— Elmira opa, siz ko‘p yillar xotin-qizlar qo‘mitasi raisi sifatida ham ishladingiz. Shifokorlikdan bu tizimga o‘tishingiz, qo‘mita raisiga aylanishingiz va o‘sha vazifadagi faoliyatingiz haqida gapirib bersangiz.

— Men reanimatsiya bo‘limida 10 yil oddiy shifokor, 10 yil bo‘lim mudiri bo‘lib ishladim. 2002 yildan esa o‘zim 20 yil oldin kelgan tez tibbiy yordam shifoxonasining bosh shifokori bo‘ldim.

2004 yilda ham shifokor sifatida Toshkent shahar kengashiga deputat bo‘lib saylandim. Bir kuni prezidentimiz Toshkent shahridagi ishlar bilan tanishadigan va mana shu tanishuvda bizning tuman hokimini ham almashtiradigan bo‘ldi.

O‘sha paytlarda hozirgi prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Bosh vazir edi. U kishi shahar kengashidagi barcha deputatlar qatori men bilan ham tumandagi ishlar va hokim masalasida suhbat o‘tkazdi.

Shunda Bosh vazirga aytgandimki: «Tuman hokimi mening saylov uchastkamda yashaydi, menga ovoz bergan, ko‘z ochib ko‘rgan hokimim, u kishi haqida biror yomon gap aytolmayman. Lekin davlat rahbari shunga qaror qilgan ekanmi, demak vaziyat shuni talab qilyapti. Tumanga qurilishni yaxshi bilgan, shu ishlarni yo‘lga qo‘ya oladigan hokim kerak». O‘sha vaqtda Bosh vazir mening so‘zlarimni birinchi prezidentimizga yetkazgan ekan.

Deputatlik yillarimdan birida meni birinchi prezident qabuliga chaqirishdi. Birinchi prezidentimiz bilan uchrashdim. Uchrashuvda Islom Karimov menga turli xil savollar berdi. 

Masalan, ayollarning rahbarlikka kelishi, lavozimga o‘tirgan ayollarda salbiy o‘zgarishlar bo‘lishi va hokazo.

Uchrashuvdan chiqqandan keyin yana Bosh vazir qabuliga kirdim. Shavkat Mirziyoyevning aytishicha, birinchi prezidentimiz Bosh vazirga: «Esingdami, bir necha yil avval bir deputat ayol haqida gapirganding, o‘sha ayolni suhbatga chaqir», degan ekanlar.

Xulosa qilish mumkinki, birinchi prezidentimiz Islom Karimov har bir masalada juda ziyrak va kuchli xotira egasi edi.

Bu xotin-qizlar qo‘mitasi raisligi uchun bo‘lgan suhbat edi va birinchi prezidentimizda yaxshi taassurot uyg‘ota oldim shekilli, raislikka tasdiqlandim.

— Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi sifatida qabul qilgan qaysi qaroringiz siz uchun eng qiyini bo‘lgan?

— Bosh vazir yordamchisi sifatida menda ayollarning sog‘lom turmush tarziga katta ahamiyat berilishi kerak, degan fikr bor edi. Bu ish esa Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan bog‘liq edi. Sababi bu bizning vakolatimizga kirmas edi. O‘shanda hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish jarayoni juda qiyin kechgandi.

— Qachondir shifokorlik kasbini tanlaganingizga afsuslangan paytlaringiz ham bo‘lganmi?

— Sizga qanchalik g‘alati tuyulmasin va bunga o‘zim ham hayron qolaman, bunday holat bo‘lmagan. Chunki mening atrofimda buyuk ustozlar, dunyodagi eng yaxshi ona va ota, dunyodagi eng yaxshi umr yo‘ldosh bo‘lgan va bugun cheksiz shukrona bilan aytamanki, dunyodagi eng yaxshi farzandlar onasiman. Ularda meni qo‘llab-quvvatlash uchun har doim kerakli so‘zlar, tutib turishga yelka bor. Umuman. Har doim atrofimda yaxshi odamlar bo‘lgan. Ular kasbimdan afsuslanishimga yo‘l qo‘yishmagan. Men bu kasbni tanlaganimdan cheksiz minnatdorman.

Hozir ikki farzandim ham shifokor. Bilasizmi, men qachon g‘ururlandim? Covid-19 pandemiyasi vaqtida bir farzandim menga qo‘ng‘iroq qilib, «ona, men Covid shifoxonasiga kirib ketyapman. Bormaslikni vijdonim qabul qilmayapti», dedi. Men shunda baxtiyorligimni sezdim. Demak, men kasbimni qanchalik sevsam, farzandlarim ham ishini shunchalik yaxshi ko‘rar ekan. Men ularni ataylab fidoyi bo‘l deb gapirmaganman. Uning o‘zidan-o‘zi menga shu qarorini aytganda shifokor, ona va rahbar sifatida cheksiz bahtyor ekanligimni bildim.

Shuning uchun hech qachon afsuslanish bo‘lmagan, g‘urur, g‘urur va yana g‘urur. 

— Pandemiya davrida ko‘pchilik o‘zbek tibbiyot tizimi va uning kamchiliklari haqida salbiy fikr bildirmoqda. Bu kabi munosabatlarni qanday qabul qilasiz?

Bu men uchun juda og‘riqli va men buning sabablarini ham yaxshi bilaman. Men aholi tomonidan aytilayotgan kamchilik va xatolarni o‘zim ham ko‘rganman. Tizimdagi bu kabi xato va kamchiliklarning oldini olish va to‘g‘rilashga tizimdagi rahbarlardan biri sifatida harakat qilmoqdaman.

— Bugun o‘zbekistonlik shifokorlarni, sizningcha, qaysi muammolar eng ko‘p qiynamoqda?

— Nafaqat shifokorlardagi, balki sog‘liqni saqlash tizimidagi eng katta muammolar bu – xodimlarning kasbiy malakasi va shuningdek, sohaga axborot texnologiyalarini keng joriy qilish.

— Tibbiyot xodimlariga qanday bayram tabriklaringiz bor?

— Bugungi kun sohadagi ustozlar, do‘stlar va pandemiya davridagi kurashda jonlarini fido qilgan qahramon shifokorlarni eslash, yod etish kuni. O‘tganlarning ruhlari shod bo‘lsin.

Hamkasblarimga esa o‘zi tanlagan kasbdan har doim g‘ururlanib yurishini tilayman. Barcha tibbiyot xodimlariga oilaviy tinchlik, xotirjamlik va sihat-salomatlik tilayman. Ular shunday shifokorlar bo‘lishsinki, farzandlari ham ularni ko‘rib, shifokor bo‘lishni orzu qilsin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi – Abdusalim Abduvohidov.

Mavzuga oid