O‘zbekiston | 20:40 / 09.11.2020
88906
2 daqiqa o‘qiladi

UzAuto Motors Equinox ustiga 47 foiz narx qo‘yib sotayotgani ma'lum bo‘ldi

UzAuto Motors kompaniyasi AQShdan import qilayotgan Chevrolet Equinox krossoverini 22,8 ming dollarga sotib olib, 33,6 ming dollarga sotmoqda.

Davlat xaridlari portalidagi axborotga ko‘ra, «UzAuto Motors» AJ AQShning General Motors Overseas Distribution LLC kompaniyasi bilan 2019 yil 27 noyabrda shartnoma tuzgan. Oradan bir oy o‘tib, UzAuto Motors Toshkentda Equinox va yana 3ta premium segmentdagi modellar taqdimotini o‘tkazgan edi.

Shartnoma qiymati (CPT/CIP) 199,9 mln dollar yoki shu modeldagi har bir avtomobil uchun 22,8 ming dollarga teng bo‘lgan.

CIP narxi (carriage and insurance paid)shartnoma tuzilgan mahsulotning narxi ichiga yetkazib berish va xaridor foydasiga sug‘urta xarajatlari ham qo‘shilganini anglatadi.

Manba: dxarid.uzex.uz

O‘zbekistonda Equinox 33,6 ming dollardan sotilmoqda. Bu esa ushbu avtomobil narxi import qiymatidan 10,8 ming dollar yoki 47 foizga yuqori ekanini ko‘rsatadi.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yilda narxi 40 ming dollardan ortiq avtomobillarni O‘zbekistonga bojsiz olib kirishga ruxsat berilgandi. Ammo 2020 yil boshidan UzAuto Motors qimmat narxdagi to‘rtta import avtomobil sotuvini yo‘lga qo‘ygach, biznes-klass avtomobillar uchun bojsiz tartib bekor qilindi.

Ta'kidlash joiz, monopol korxonaga xorijdan avtomobil import qilishda yashirin tarzda eksklyuziv imtiyozlar berilgan bo‘lishi mumkin. Kompaniya import avtomobillar uchun belgilangan boj va utilizatsiya yig‘imini to‘lamayotgani ehtimolidan kelib chiqib, oktabr oyida bir guruh deputatlar Bojxona qo‘mitasi va Moliya vazirligiga so‘rov yuborgandi.

So‘rovga bojxonachilar «maxfiy ma'lumotlar» yozilgan javob yo‘llashgan. Moliya vazirligining javobi haqida jamoatchilikda ma'lumot yo‘q.

Mavzuga oid