Jahon | 15:50 / 10.11.2020
8223
2 daqiqa o‘qiladi

Zoom asoschisi koronavirusga qarshi vaksina to‘g‘risidagi xabardan so‘ng 5 mlrd dollar yo‘qotdi

Aksiyalar narxi “Pfizer” va “BioNTech” kompaniyalari koronavirus infeksiyasiga qarshi vaksinalari sinovining navbatdagi bosqichi muvaffaqiyatli yakunlangani to‘g‘risidagi hisobotni e'lon qilganidan so‘ng tushib ketdi.

Foto: Kena Betancur / Getty Images

Videokonferensiyalar uchun dasturiy ta'minot ishlab chiqish bilan shug‘ullanuvchi “Zoom Video Communications” aksiyalari narxi 17 foizdan ortiqroqqa tushib ketgach, kompaniya asoschisi Erik Yuanning boyligi 5 mlrd dollarga kamaydi. Bu haqda Bloomberg xabar bermoqda.

Aksiyalar narxi “Pfizer” va “BioNTech” kompaniyalari koronavirus infeksiyasiga qarshi vaksinalari sinovining navbatdagi bosqichi muvaffaqiyatli yakunlangani to‘g‘risidagi hisobotni e'lon qilganidan so‘ng tushib ketdi. Kompaniyalarning ma'lum qilishicha, ular ishlab chiqargan vaksinalar 90 foizdan ortiq samaradorlikni namoyish etgan. Ushbu hisobotdan so‘ng “Pfizer” va “BioNTech” aksiyalari birdaniga qimmatlashdi.

Qator texnologik kompaniyalar aksiyalari narxi esa tusha boshladi. “Zoom” bilan birga “Facebook” (4,99 foiz), “Amazon” (5,06 foiz), “FedEx” (5,68 foiz), “Netflix” (8,59 foiz) aksiyalari arzonlashdi.

Natijada ushbu kompaniyalarning yirik aksiyadorlari bir necha milliard dollar yo‘qotishdi. Jyeff Bezos va uning sobiq turmush o‘rtog‘i Makkenzi Skottning boyligi mos ravishda 8,94 mlrd va 3,27 mlrd dollarga kamaydi. “Facebook” asoschisi Mark Tsukerberg 5,39 mlrd dollar yo‘qotdi.

 “FedEx” rahbari Fred Smitning yo‘qotishi 250 mln, “Netflix” rahbari Rid Gastingsning yo‘qotishi 416 mln dollar deb baholandi.

Mavzuga oid