O‘zbekiston | 15:52 / 14.11.2020
16618
3 daqiqa o‘qiladi

Vazirlik mas'uli ta'lim shakli haqida: «Birinchi navbatda talaba va OTM imkoniyatlari hisobga olinishi kerak»

Oliy ta'lim muassasalarida joriy o‘quv yilini an'anaviy shaklda boshlash bilan bog‘liq masalalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazilmoqda.

Unda so‘z olgan Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bosh boshqarma boshlig‘i Abduvali Xoliqov bugungi kunda oliy ta'limda o‘qish majburiymi yoki ixtiyoriymi, degan savollar tug‘ilayotgani haqida gapirib, bu bo‘yicha ma'lumot berdi.

“Birinchi navbatda, oliy ta'lim muassasasining moddiy-texnik bazasini hisobga olish kerak. Bu an'anaviy shaklda boshlanadigan ta'lim jarayoni oldingi ta'lim jarayonidan farq qiladi. Ya'ni, belgilangan auditoriyalarda belgilangan sig‘imning 50 foizigacha talabalar kiritiladi. Barcha talablarga rioya qilgan holda 30 nafar talaba uchun mo‘ljallangan auditoriya bo‘lsa, o‘sha auditoriyaga 15 nafargacha talaba kirib o‘qiydi. Ikki kishilik partada 1 nafar talaba o‘tiradi”, - dedi Abduvali Xoliqov.

U oliy ta'lim muassasalarining bu jarayonga qanchalik tayyor ekani haqida ham gapirdi.

“Oliy ta'lim muassasalari to‘liq grafigini tayyorladi, ya'ni qaysi kursni qachondan boshlash kerakligi va bu bo‘yicha ma'lumot berish har bir oliy ta'lim muassasasi tomonidan boshlab yuborildi. 16 noyabr kuni barcha talabalar yoki barcha kurslar jalb qilinmaydi. Buning imkoniyati mavjud emas. Kurslarning muhimlik darajasi bo‘yicha ketma-ketlikda an'anaviy ta'limga jalb qilish oliy ta'lim muassasasining o‘zining vakolatida.

Talabalarning imkoniyatlari va oliy ta'lim muassasasining imkoniyatlari birinchi navbatda hisobga olinishi kerak. Har qanday sharoitda ham bugungi kunda talabani yoki oliy ta'lim muassasasi xodimining sog‘lig‘ini o‘ylagan holda amalga oshirishimiz kerak. Har bir oliy ta'lim muassasasi mana shu talabga rioya qilgan holda jarayonni boshlayapti. Talabalarning imkoniyatlari agar mavjud bo‘lmasa, o‘z xohishi bilan masofaviy ta'limda davom ettirish imkoniyati bor”, dedi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bosh boshqarma boshlig‘i.

Mavzuga oid