Jamiyat | 11:46 / 15.11.2020
19423
4 daqiqa o‘qiladi

Taniqli bloger Abu Muslim 26 yil deganda O‘zbekiston pasportini oldi

O‘zbekiston prezidenti 2020 yilning 24 yanvar kuni Parlamentga har yilgi murojaatnomasi bilan chiqdi. Unda asosiy ishchi kuchi yashaydigan va ish o‘rinlari yaratilayotgan hududlar o‘rtasida mavjud tafovutni bartaraf etish uchun ichki migratsiyani erkinlashtirish lozimligi aytilgandi.

Mamlakatimizda uzoq vaqtdan beri doimiy asosda yashab kelayotganlar barcha fuqarolarga beriladigan huquqlardan foydalanishi kerakligi, 1995 yilgacha O‘zbekistonga kelgan va shundan buyon istiqomat qilayotgan shaxslarga O‘zbekiston fuqaroligi avtomatik tarzda berilishi darkorligi ta’kidlangan edi. Shu tariqa 50 mingga yaqin kishining fuqarolik bilan bog‘liq muammolari hal etilishi bildirildi.

Internetda Abu Muslim taxallusi bilan mashhur bo‘lgan bloger Adham Otajonov 26 yildan beri fuqaroligi yo‘q shaxslar qatorida edi. Ikki yil oldin Kun.uz'da bu haqda ma’lumot berilgandi.

Abu Muslimning O‘zbekistonda tug‘ilgan farzandiga fuqarolik pasporti beriladi, u hatto armiya safida xizmat qiladi. Biroq vaqt o‘tib uning ham fuqaroligi bekor qilinadi.

Abu Muslim marhum Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf asos solgan Islom.uz portali va uning ichida bo‘lgan 20 ga yaqin saytlarda muharrir vazifasini bajargan. Shayx vafotlaridan so‘ng o‘zi asos solgan Islamonline portalini yuritib keladi.

Bugun Bektemir tuman hokimligi binosida Abu Muslimga O‘zbekiston fuqarolik pasportini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tuman hokimi Jahongir Ibrohimovning shaxsan o‘zi pasportni Abu Muslimga topshirar ekan, uning kelgusi ishlarida omad tiladi.

Adham Baratov, Bektemir tumani migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi boshlig‘i: «Bektemir tumanida jami 61 nafar fuqaroligi yo‘q shaxslar fuqarolik pasportini olish bo‘yicha hujjat topshirgan bo‘lib, ularning 49 nafariga O‘zbekiston Respublikasi fuqarolik pasporti berildi. Arizalar 10 kun muddatda ko‘rib chiqiladi. Yangi qonunga ko‘ra, 1995 yil 1 yanvarga qadar O‘zbekistonda ro‘yxatda turgan kishilar fuqarolik olishlari mumkin».

Adham Otajonov, bloger: «1975 yil Toshkentda tug‘ilganman. Otam polyak, onam koreys bo‘lgan. Moliyaviy qiyinchiliklar va oilaviy sabablarga ko‘ra meni Mehribonlik uyiga topshirishgan. U yerda uch yoshgacha bo‘lganman. Keyin Qozog‘istonning Turkiston viloyatidan bo‘lgan o‘zbek oilasi meni asrab olgan. 1994 yil Toshkentga ko‘chib keldik. Propiskaga qo‘yildik, lekin pasport berishmadi. Fuqaroligi yo‘q shaxs bo‘lib yashadik. Hozirgi kunda fuqarolik borasida siyosat tubdan o‘zgardi. 4 yil ichida 50 ming kishi pasport oldi. Men ham 26 yil deganda avtomatik ravishda fuqarolik oldim. Endi farzandlarim ham fuqarolik olishi mumkin».

Temur A’zam tayyorladi
Tasvirchi va montaj ustasi Asad Allanazarov

Mavzuga oid